O‘zbekiston | 17:33 / 06.08.2024
12742
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda poyezd bilan to‘qnashgan Lacetti haydovchisi vafot etdi

24 yoshli haydovchi temiryo‘l kesishmasida svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlangan. Buning oqibatida uning boshqaruvidagi Lacetti mashinasi Sariosiyo-Termiz yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan.

Qumqo‘rg‘on tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH bugun soat 12:40 larda Qumqo‘rg‘on tumanining Joziba mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 2000 yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti mashinasini boshqarib borayotib, Qumqo‘rg‘on-Elbayon temiryo‘l bekati oralig‘idagi temiryo‘l kesishmasida svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlangan. Oqibatda mashina Sariosiyo-Termiz yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan.

Haydovchi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.

Surxondaryoda yo‘lovchi poyezdlar va mashinalar o‘rtasida YTHlar ko‘p sodir bo‘ladi. Masalan, 2023 yil sentabr oyida Sarosiyo-Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi Zartepa-Surxon temiryo‘l bekatlari oralig‘ida Nexia mashinasini, 2023 yil iyun oyida esa Qumqo‘rg‘on-Elbayon temiryo‘l bekati oralig‘ida “Jiguli”ni urib yuborgandi. 2023 yil 18 oktyabr kuni esa Surxondaryo viloyatidagi temiryo‘l kesishmasida teplovoz Spark avtomashinasi bilan to‘qnashgan va buning oqibatida Spark haydovchisi shifoxonaga yetkazilgan va ko‘rsatilgan yordamga qaramay vafot etgan.

Mavzuga oid