Jahon | 14:03 / 08.08.2024
4605
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaliklar irqchilikka qarshi namoyishga chiqdi

Sautportda bolalarning o‘ldirilishi ortidan o‘ng ekstremistlar keltirib chiqargan tartibsizliklarga javoban minglab odamlar Britaniya shaharlari ko‘chalariga chiqib, irqchilikka qarshi ekanliklarini aytishdi.

Foto: AP / Alberto Pezzali

7 avgust, chorshanba kuni Britaniyaning qator shaharlarida minglab odamlar o‘ng ekstremistlar tomonidan Sautportdagi raqs studiyasida bolalar o‘ldirilishi ortidan bir haftadan beri davom etayotgan tartibsizliklarga javoban nafrat va irqchilikka qarshi namoyishga chiqdi.

Britaniyaning PA axborot agentligi London, Brayton, Sheffild va Bristoldagi namoyishlar haqida xabar berdi. Liverpulda bir necha yuz kishi qochqinlar markazini radikallar tomonidan ehtimoliy hujumdan himoya qilish uchun yig‘ildi. Birminhemda yuzlab odamlar muhojirlarga maslahat markazi oldida namoyishga chiqdi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan navbatdagi tartibsizlikka tayyorgarlik ko‘rmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, politsiya hujumlar nishoni muhojirlarga qochqin maqomini olishda xizmat ko‘rsatuvchi yuridik firmalar va maslahat markazlari bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

London politsiyasiga ko‘ra, ehtimoliy tartibsizliklarga qarshi kurashish uchun poytaxtga minglab qo‘shimcha zobitlar yuborilgan. Yana 1300 dan ortiq politsiyachi kerak bo‘lsa, London politsiya kuchlariga qo‘shilish uchun shay holatga keltirilgan.

O‘n yillikdagi eng katta tartibsizliklar

Boshlangan tartibsizliklar so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatdagi eng kattasi deb atalyapti. Ularga migrant oilasidan bo‘lgan 17 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan jinoyat sabab bo‘lgan. 29 iyul kuni Sautport kurort shahrida u kichik maktab o‘quvchilari uchun raqs studiyasiga pichoq bilan hujum qildi. Hujum natijasida uch qiz halok bo‘lgan, yana sakkiz nafar bola pichoqlangan, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Bolalarga yordam berishga shoshilgan ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid