Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parij sarguzashtlari - futbolchilar nimadan norozi bo‘ldi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi vakillari Parij Olimpiadasi tashkilotchilari yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida gapirdi. Bu orada bokschi Bahodir Jalolovning sportchilardan biriga qaratilgan murojaati paydo bo‘ldi. Unda bokschi barcha sharoitlar muhayyo qilinganini, ovqatlanishdan umuman muammo yo‘qligini aytgan va sharoitlardan noligan sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmasligini aytgan. Xo‘sh, aslida Kapadze va Fayzullayev nimadan norozi bo‘lgandi?
Parij olimpiadasida qatnashayotgan bokschi Bahodir Jalolovning Fransiya poytaxtida o‘zbekistonlik sportchilarga yaratib berilgan shart-sharoitlar va boshqa o‘zbek sportchilar xususidagi keskin fikrlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jalolov O‘zbekiston 24 telekanali muxbiri Dilobar Yoqubova bilan suhbatda o‘zbek sportchilaridan biri Olimpiada vaqtida oziq-ovqatdan noliganini aytib, u bunday sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmasligini ta’kidlagan.
“Masalan, men 3 mahal o‘zbek ovqatlarini yeyapman. Osh yeyapman. Xohlasam qo‘y go‘sht, xohlasam mol go‘sht. Xohlagan ovqatimni yeyapman.
Bu gapni qaysi sportchi gapirgan, to‘g‘risi, men u sportchini sportchi o‘rnida ko‘rmayman. Chunki yurtboshimiz biz sportchilarga shunaqa sharoitlar yaratib beryapti. Biz bunga shukr qilishimiz kerak. Hech qaysi davlatda bunaqa sharoit yo‘q deb o‘ylayman.
Xohlasalaring borib, shtabga kirasizlar, xohlagan ovqatlar turibdi. O‘zbekistonda hatto muzqaymoq, suvlargacha kelgan.
Endi noshukrchilik qilsak, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu gapni qaysi sportchi gapirgan bilmadim, lekin o‘sha sportchi nonko‘r ekan”, — degan Bahodir Jalolov.
Aslida nima bo‘ldi?
Olimpiadadagi ishtirokini yakunlab, mamlakatga qaytib kelgandan so‘ng erkaklar futboli bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze 5 avgust kuni Toshkentda matbuot anjumanida qatnashdi.
Kapadze savollarga javob bera turib, Olimpiada vaqtida sharoitlar haqida ham gapirgan. Murabbiy Parijga uchib borgandan so‘ng futbolchilardan ikki nafarining bagaji yo‘qolganini, aeroportdan Olimpiya shaharchasiga ketishda yo‘lda adashib qolishgani va 40 daqiqa avtobusda qolib ketishganini aytdi.
“Olimpiya qishlog‘iga borsak, jamoa menejeri, jamoaning xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisiga kirish taqiqlanganini aytishdi. Ular mehmonxonada yashashlari aniq edi, ammo hatto qishloqchaga kiritishmasligini bilmasdik”, — degan Kapadze.
Murabbiy buning natijasida mashg‘ulotlar paytida suv topa olmaganini, menejer yo‘qligi uchun o‘zi suv qidirib yurishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
“Olimpiada vaqtida biz futbol emas, boshqa tashvishlar haqida ko‘proq o‘ylashga majbur bo‘ldik”, — deydi Kapadze.
Temur Kapadze butun matbuot anjumanida mamlakat rahbariyati tomonidan yaratilgan yoki yaratilmagan shart-sharoitlar haqida hech narsa demagan. Balki, Olimpiada tashkilotchilariga (Fransiya va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi) nisbatan e’tirozlarini bildirgan.
Bu orada Rossiyaning “Sport Ekspress” nashri O‘zbekiston olimpiya jamoasi vakili, TsSKA futbolchisi Abbosbek Fayzullayevdan qisqa intervyu olgan. Futbolchi jurnalistning Olimpiadagi sharoitlar qanday, ovqatlar yoqdimi degan savoliga “sharoitlar unchalik yaxshi emas”, ovqatlari ham uncha yoqmaganligini aytib javob qaytargan. Ya’ni Fayzullayev ham bu yerda Olimpiada tashkilotchilaridan ko‘ngli to‘lmaganini bildirgan.
Qayd etish joiz, Milliy olimpiya qo‘mitasi 25 iyulda Parijda o‘zbekistonlik sportchilarning o‘zbek taomlari bilan ovqatlanishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida video e’lon qilgandi. Unda Bahodir Jalolovning o‘zi ham Fransiyaning ovqatlarini uncha yeya olmayotganini, O‘zbekistondan keltirilgan taomlar esa ayni muddaoligini bildirgandi.
Ma’lumot o‘rnida 24 iyul kuni Kapadze shogirdlari Ispaniyaga qarshi Olimpiadaning ilk o‘yinini o‘tkazib bo‘lgandi.
Bu orada Telegram kanallardan birida Temur Kapadzening matbuot anjumanidagi fikrlaridan iqtibos keltirilib, unga munosabat bildirilgan:

“Temur Kapadze: — Mashg‘ulotlar paytida suv topa olmadik, menejer yo‘qligi uchun o‘zim suv qidirib yugurib yurdim. Biz Olimpiya shaharchasida Ispaniya va Isroil terma jamoalari bilan bitta binoda edik. Ularda konditsionerlar ishlamoqda, bizda esa yo‘q”. [Iqtibos shu yerda tugab muallifning voqeaga munosabati boshlangan]. “Achchiq bo‘lsayam aytish kerak, O‘FA uchun Olimpiada jamoamizga musobaqada oddiy suvni ham bosh murabbiy qidirib yurishi uyatli holat. Nahotki nufuzli musobaqaga ilk bora chiqsak-u, bitta menejer yuborish qiyin bo‘lsa. Qisqa muddatli musobaqada elementar sharoitni yaratib berolmagan tashkilot uzoq muddat davomida terma jamoalarimizga sharoit yaratib berishiga ishonmaydi odam”, — deya yozadi kanal muallifi.
Ushbu post skrinshoti tarmoqlarda aylana boshlandi. Bu orada futbol mutaxassisi San’at Sharipov murabbiy Kapadze aytgan kamchiliklar O‘FA tomonidan yo‘l qo‘yilgan deb hisoblab, tashkilotga murojaat qilib, post skrinshotini ulashdi.
O‘FA uchun bu sharmandagarchilik. Chiqib rasmiy bayonot berish kerak nimaga unday bo‘lganiga. Bular futbolda nom qilib olganmanku, deb tirjayib yurvuradi hech narsa bo‘lmaganday. Qoyil, lekin. Biror t/j murabbiyni shu vaqtgacha ochiq gapirganini eslolmayman. U uchun dux ham bo‘lish kerakda.👏 https://t.co/a8I9OSocUt
— Sanat Sharipov (@SanatSharipov) August 6, 2024
“O‘FA uchun bu sharmandalik. Chiqib rasmiy bayonot berishi kerak nimaga unday bo‘lganiga. Bular futbolda nom qilib olganman-ku, deb tirjayib yuraveradi hech narsa bo‘lmaganday. Qoyil, lekin. Biror terma jamoa murabbiyini shu vaqtgacha ochiq gapirganini eslolmayman. Uning uchun “dux” ham bo‘lish kerak-da”, — deya yozdi Sharipov.
Bu voqealar fonida O‘zbekiston bayroqdori Bahodir Jalolovning intervyusi paydo bo‘ldi. U asli voqea nimadaligini bilib yo bilmay o‘zi hamkasblaridan birini tuproqqa belab qo‘ydi. Uning bu gaplari Temur Kapadzegami, Abbos Fayzullayevga qaratilganmidi, Bahodirning o‘ziga havola, albatta.
Masalan, O‘zbekiston olimpiyachilari deyarli tengma-teng o‘ynagan Ispaniya finalga chiqdi, Misr esa bronza medali uchun o‘ynaydi. Sportda mayda detallar bo‘lmaydi. Kichik kamchiliklar ham natijaga salbiy ko‘rsatishi bor gap. Biz aytmoqchi bo‘layotgan gap esa qo‘y go‘shti, mol go‘shti yoki tarqatilgan o‘zbek palovi haqida emas. Balki, bir murabbiy yurak yutib katta musobaqa kamchiliklari haqida gapiribdimi, demak, uni tashkilotchilarga yetkazish, bartaraf qilish lozim. Toki kelajakda yana shunday kamchiliklar, xatolar bo‘lmasin.
Yana bir gap: aslida hamma sharoit bor ekan, sportchining xayoli faqat musobaqalarda, o‘yinlarda, janglarda bo‘lishi kerak. Uni bunday mayda-chuyda narsalar bilan chalg‘itish ziyonga ishlashi mumkin. Biz esa sportchilarimizga xalqaro maydonlarda faqat va faqat omad tilaymiz.
Mavzuga oid
18:18 / 10.05.2026
Bahodir Jalolov Angliyadagi boks oqshomida raqibini texnik nokaut bilan yengdi
18:25 / 30.01.2026
Shomurodov va Kapadze O‘FA tomonidan yilning eng yaxshilari qatoriga kiritildi
09:00 / 09.10.2025
O‘z «Lester»ini izlayotgan murabbiy. Fabio Kannavaro haqida
10:10 / 07.10.2025