Qirg‘izistonda kriminal avtoritet Qo‘lboyevning 76 yoshli onasiga sud hukmi o‘qildi
Qamchibek Qo‘lboyevning 76 yoshli onasi Maya Aliyevaning mol-mulki musodara qilinib, 7 yilga ozodlikdan shartli mahrum etildi. U insultga uchrab, yotoqdan turolmaydigan, aniq gapira olmaydigan bo‘lib qolgan edi.
2023 yil oktyabr oyida huquq-tartibot idoralari maxsus operatsiyasi paytida o‘ldirilgan qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyevning onasi 76 yoshli Maya Aliyeva mol-mulki musodara qilinib, 7 yilga ozodlikdan shartli mahrum etildi. Hukmni 8 avgust kuni Bishkek sudi e’lon qildi, deb xabar berdi Kaktus.Media.
Maya Aliyeva Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 222-moddasi («Jinoiy daromadlarni legallashtirish») bo‘yicha ayblandi: uning nomiga o‘g‘li Qamchibek Qo‘lboyev tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan 13 ta ko‘chmas mulk ro‘yxatga olingan. Prokuror xatlangan mulklarni davlat foydasiga musodara qilish bilan birga 10 yil qamoq jazosini so‘ragan edi.
Sud tayinlangan jazo bir yil sinov muddati bilan shartli deb hisoblanishini ma’lum qildi. Sudlanuvchi ushbu sinov muddati davomida jinoyatga qo‘l urmasa va sud tomonidan yuklangan majburiyatlarni bajarsa, hukm ijro qilinmaydi.
Sud hukmida aytilishicha, Maya Aliyeva nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan umumiy qiymati 2 milliard qirg‘iz so‘midan ortiq (deyarli 25 million dollar) bo‘lgan ko‘chmas mulk musodara qilinadi. Jumladan: Bishkekda bir nechta kvartiralar, Cho‘lpon-Ota shahridagi uy, Cho‘lpon-Ota kurort-rekreatsion hududidagi ikkita yer uchastkasi, Bo‘steri qishlog‘idagi do‘kon, ikkita katta qo‘yxona, Cho‘lpon-Ota shahridagi savdo majmuasi, Cho‘lpon-Ota shahridagi sug‘oriladigan ekin maydonlari, «Barlar» sport majmuasi.
Iyul oyida Aliyevaning yana bir o‘g‘li (uning jami 6 nafar farzandi bor) Jo‘ldoshbek Qo‘lboyev Qirg‘iziston prezidentiga videomurojaat qilib, onasi «insultga uchragani, yotoqdan turolmaydigan, aniq gapira olmaydigan bo‘lib qolgani, sud majlislari uning xonadonida o‘tayotganidan» shikoyat qilgan edi.
Qayd qilinishicha, Qamchibek Qo‘lboyevning bevasi Nuriya Tenteshevaga nisbatan ham sud hukmi chiqarilgan: u sirtdan 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi va qidiruvga berildi.
«Kolya-qirg‘iz» laqabli Qamchibek Qo‘lboyev Qirg‘izistondagi eng mashhur kriminal avtoritetlardan biri edi. AQSh razvedka idoralari uni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga va Qo‘shma Shtatlardagi mol-mulki musodara qilinishi kerak bo‘lgan sobiq SSSR mamlakatlaridan kelgan top-10 jinoyatchi qatoriga kiritgan. Qo‘lboyevni hibsga olish yoki uning uyushgan jinoiy guruhining «moliyaviy oqimini buzish»ga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot e’lon qilingan edi.
Qo‘lboyev 2023 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlarining maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirildi. Bir necha kun o‘tgach, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uning noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan, shu jumladan qarindoshlari va sheriklari nomiga rasmiylashtirilgan aktivlari qiymati 1 milliard dollarga yaqin ekanini ma’lum qildi. Tez orada jinoyatchi va uning yaqinlariga tegishli 720 ta xonadon davlat mulkiga o‘tdi. Mulkning bir qismi kimoshdi savdosiga qo‘yildi.
Mavzuga oid
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024
O‘zbekiston elchisi prezident Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi
17:13 / 20.12.2024