Jahon | 10:56 / 08.08.2024
1509
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada 2,2 mingdan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi

Prezidentlik saylovlari natijalari e’lon qilinganidan keyin tartibsizliklar boshlandi.

Foto: Globallookpress

Venesuelada prezidentlik saylovlaridan keyingi tartibsizliklarda ishtirok etgani uchun qo‘lga olinganlar soni 2229 kishiga yetdi. Bu haqda davlat rahbari Nikolas Maduro ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar «davlat mulkiga zarar yetkazgan va o‘t qo‘yishni boshlagan».

Maduroning qo‘shimcha qilishicha, ular Tokoron va Tokuyitodagi qattiq xavfsizlik qamoqxonalarida saqlanadi.

«Zo‘ravonlik voqealari chog‘ida 47 nafar harbiy va 59 nafar politsiyachi tan jarohati oldi, ikki nafar harbiy halok bo‘ldi», - dedi siyosatchi.

Venesuela Milliy saylov kengashi raisi Elvis Amorosoning aytishicha, amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduro prezidentlik saylovlarida 44,2 foiz ovozga ega bo‘lgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsalesni ortda qoldirib, 51,2 foiz ovoz olgan.

Nikolas Maduro ketma-ket uchinchi olti yillik muddatga prezidentlik qiladi.

Saylov natijalari e’lon qilingach, mamlakatda Maduroning qayta saylanishiga qarshi namoyishlar boshlandi.

«Provea» nodavlat tashkilotiga ko‘ra, 29 iyuldan beri davom etayotgan tartibsizliklarda 24 kishi halok bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid