Jahon | 23:03 / 14.08.2024
7138
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kursk viloyatida harbiy komendaturalar tuzilishini e’lon qildi

Ukraina prezidentiga ko‘ra, mamlakat Qurolli kuchlari xalqaro konvensiyalar va gumanitar huquq talablariga rioya qiladi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kursk viloyati hududida harbiy komendaturalar tashkil etish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Asosiy masalalarni muhokama qildik. Xavfsizlik, gumanitar yordam, zarurat tug‘ilganda harbiy komendaturalarni tashkil etish. Ukraina o‘zi va chegara hududlardagi odamlarini himoya qiladi hamda Rossiya hududida faol harakatlarni amalga oshirmoqda», — deb yozadi Ukraina yetakchisi o‘zining Telegram kanaliga.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) xalqaro konvensiyalar va gumanitar huquq talablariga rioya qiladi.

Mudofaa bo‘yicha Duma qo‘mitasi a’zosi Viktor Zavarzinning ma’lum qilishicha, Rossiya Kursk viloyatida ukraina harbiy komendaturalarining tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, Rossiya armiyasi UQKni yanchib tashlaydi.

«Oddiy qilib aytganda: biz ularning hammasini quvib solamiz, yo‘q qilamiz. U hech qanaqa komendaturalarni tuzmaydi — men buni o‘z mas’uliyatim bilan e’lon qilaman. Hozir jiddiy rejalashtirish olib borilmoqda, biz kuch va resurslarni jalb qilyapmiz, hujum bo‘linmalarimiz ishlamoqda. Bu vaqt masalasi», — deydi u RTVI’ga bergan intervyusida.

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya bilan davlat chegarasini 6 avgust tongida kesib o‘tib, Kursk viloyatiga hujum qildi. Amerikaning Urushlarni taqiq etish institutiga ko‘ra, ukrain harbiylari 800 kvadrat kilometr hududni nazoratga olgan. 13 avgust kuni kechqurun esa Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan suhbati videosini e’lon qildi, unda qo‘mondon Kursk oblastidagi 74 ta aholi yashash manzili Ukraina nazoratiga o‘tgani to‘g‘risida hisobot bergan.

Mavzuga oid