Jamiyat | 15:45 / 16.08.2024
28668
12 daqiqa o‘qiladi

Qimmat nasiya savdo. Do‘konlar qarz narxi qanchaligini ochiqlashi kerak

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda nasiya savdo yoki bo‘lib to‘lash takliflari anchagina ko‘paydi. Bir qarashda kam daromadli insonlar uchun jozibali yechimdek ko‘rinadigan nasiya savdodagi tovarlarning boshlang‘ich va yakuniy narxlari chuqurroq o‘rganilsa, bu moliyaviy savodxonligi yuqori bo‘lmagan aholi qatlami uchun qopqonga aylanishi mumkinligi ayon bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz iPhone 15 Pro 128GB telefoni misolida nasiya savdodagi narxlarning o‘zgarishini o‘rgandi.

Bu smartfonning ham nano sim-karta, ham e-sim'da ishlaydigan qimmatroq modeli ayni paytda “Malika” yoki “Abu-Saxiy” kabi bozorlarda 999 dollardan 1020 dollargacha (Markaziy bank kursi bo‘yicha 12 mln 896 ming so‘mgacha) narxda sotilyapti. (Lekin bu narxda mahsulotni chek olgan holda xarid qilish deyarli imkonsiz).

Agar telefonni bo‘lib to‘lashga olmoqchi bo‘lsangiz, narxlar keskin qimmatlashadi. Buni quyida 7 ta marketpleys misolida ko‘rib chiqamiz.

1-marketpleys

Smartfonnning bahosi – 17 mln 369 ming so‘m . E’tibor bering, shu narxning o‘ziyoq bozordagi o‘rtacha narxdan 35 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash uchun taklif qilinayotgan narx turli platformalar (marketpleysning hamkori – qarz beruvchilar) orqali oyiga 1 mln 881 ming so‘mdan 2 mln 84 ming so‘mgacha. Bir yil ichida mahsulot narxi xaridorga 22 mln 572 ming so‘mdan yoki 25 mln 8 ming so‘mgacha aylanishi mumkin. Bu tovarning do‘kondagi narxidan 30 foizdan 44 foizgacha qimmatlashishini anglatadi. Agar bozordagi va do‘kondagi narxlar o‘rtasida katta tafovut borligini hisobga olsak, bir yil ichida telefon narxi bozordagi narxdan xaridorga 77 foizdan 96 foizgacha qimmatga tushadi.

2-marketpleys

Smartfonning bahosi – 21 mln 913 ming so‘m. Bozordagi o‘rtacha narxdan 72 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash – 2 mln 291 ming so‘mdan, umumiy summa – 27 mln 492 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan 25 foizga, bozordagi o‘rtacha narxdan 115 foizga qimmat bo‘ladi.

3-marketpleys

Smartfonning bahosi – 14 mln 224 ming so‘m. Bozordagi narxlardan 10 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash – 1 mln 666 ming so‘mdan, umumiy summa – 19 mln 992 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan 40 foizga, bozordagi o‘rtacha narxlardan 57 foizga qimmat bo‘ladi.

4-marketpleys

Smartfonning bahosi – 13 mln 224 ming so‘m. Bozordagi narxlardan 4 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash – 1 mln 607 ming so‘mdan, umumiy summa – 19 mln 284 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan 46 foizga, bozordagi o‘rtacha narxlardan 51 foizga qimmat bo‘ladi.

5-marketpleys

Smartfonnning bahosi – 16 mln 999 ming so‘m. Bozordagi narxlardan 33 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash – 2 mln 56 ming so‘mdan, umumiy summa – 24 mln 672 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan – 45 foizga, bozordagi o‘rtacha narxlardan 93 foizga qimmat bo‘ladi.

6-marketpleys

Smartfonning bahosi – 14 mln 890 ming so‘m. Bozordagi narxlardan 16 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash – 1 mln 737 ming so‘mdan, umumiy summa – 20 mln 844 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan – 40 foizga, bozordagi o‘rtacha narxlardan 64 foizga qimmat bo‘ladi.

7-marketpleys

Smartfonnning bahosi – 16 mln 770 ming so‘m. Bozordagi narxlardan 33 foizga qimmat.

12 oyga bo‘lib to‘lash 1 mln 956 ming so‘mdan, umumiy summa – 23 mln 472 ming so‘m. Bir yil ichida mahsulotning bahosi do‘kondagi narxidan – 40 foizga, bozordagi o‘rtacha narxlardan 82 foizga qimmat bo‘ladi.

Ta’kidlash kerakki, bo‘lib to‘lash muddati ko‘proq bo‘lgani sari, mahsulotning yakuniy narxi ham qimmatlashib boraveradi.

Bu o‘rinda, tadbirkorlik sub’yektlari nasiya savdoga mahsulot sotganidan keyin, turli xil risklarni, inflatsiyani hisobga olishi tabiiy. Shu sababdan ham narxlar anchayin qimmat bo‘lishi mumkin. Ammo deyarli hech qaysi tarmoq shartli televizorning narxi 3 oyga xarid qilinganda uning ustiga qancha qo‘shimcha pul qo‘shilishi, 24 oyga xarid qilinganda bu miqdor qanday o‘zgarishi va televizor iste’molchiga yakunda qanchaga tushishi haqida ma’lumotlarni rasmiy sahifalarida yoki do‘konlarida mahsulot yoniga qo‘yilgan narxnomada ko‘rsatib o‘tmagan. Bu esa, yuqorida aytilganidek, moliyaviy savodxonligi yuqori bo‘lmagan aholi qatlamida qarz yuki haddan ortib ketishi va buning ortidan boshqa qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Qarz narxi qancha ekani ko‘rsatilishi kerak”

Kanadada istiqomat qiladigan, asli o‘zbekistonlik Farhod Fayzullayev ham O‘zbekistondagi marketpleyslardan biridagi narxlar bilan tanishib chiqib, xaridor qo‘shimcha necha pul to‘lashi haqidagi ma’lumotlar taqdim etilmasligi uni hayron qoldirgani haqida yozgandi.

“Meni hayron qoldirgani, nasiyaga olinadigan tovarlarning narxi 40–80 foizga o‘sib ketishi bo‘ldi. 1 mln so‘mlik narsani nasiyaga olsangiz, 1,5 mln qilib qaytararkansiz, ammo bu haqda hech qaysi saytda aniq ma’lumot berilmagan.

Kanada qonunchiligiga ko‘ra, siz mahsulotni kreditga olsangiz (nasiya ham kredit, faqat chalkashrog‘i), qo‘shimcha necha pul to‘lashingizni sotuvchi, albatta, sizga hisoblab berishi va savdo sahifasida ko‘rsatib qo‘yishi kerak”, deydi u.

Farhod Fayzullayev qarz narxi qancha ekanini ko‘rsatishni qonun bilan belgilab qo‘yish kerak, deb hisoblaydi.

“10 mln so‘mga telefon olmoqchisiz, 12 oy bo‘lib to‘lash sharti bilan. Bunda foiz ko‘rsatilmasdan, mahsulot narxiga 4 mln so‘m qo‘shib, 14 mlnga sotishyapti. Ya’ni naqdga 10, nasiyaga 14 mln so‘m. Shunda nasiya narxi 4 mln so‘mga teng bo‘lyapti.

Mana shu raqam aniq-tiniq qilib ko‘rsatilishi kerak. Buni qonunda belgilab qo‘ymasa, sotuvchi hech zamonda buni ko‘rsatib, xaridorni vahimaga tushirmaydi.

Bundan tashqari, “oyiga atigi 100 ming so‘m” degan jozibador yozuvlar tagiga ham mahsulot necha pul ekani, qarz narxi qancha ekani, muddat so‘ngida necha pul to‘lanishi kerakligini aniq ko‘rsatib qo‘yish kerak. Aks holda, moliyaviy savodxonligi past bo‘lgan aholi qatlami aldanib qolishi juda oson”, deya xulosa qiladi Fayzullayev.

“Qonunchilikdagi ulkan bo‘shliq sabab kam daromadli aholining qarz va majburiyatlari oshib boryapti”

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham nasiya savdo uchun qarzdorlikning to‘liq qiymatini ochiqlash talabini qo‘yishga chaqirgan.

“Juda ko‘p o‘zbekistonliklar nasiya savdo yoki boshqa bo‘lib to‘lash takliflari orqali sotilayotgan tovarlarning to‘liq qiymati pul narxi nuqtayi nazaridan qanchaga tushishidan xabardor bo‘lganlarida iste’mol bozorimizda ko‘p evrilishlarga guvoh bo‘lgan bo‘lardik.

Afsuski, Markaziy bank faqat banklarga nisbatan kreditning to‘liq qiymatini ochiqlash talabini qo‘yadi. Bunday talab turli ko‘rinishlarda tovar krediti taklif etayotgan do‘kon va platformalarga nisbatan joriy qilinmagan.

Bugun har joyni egallagan onlayn va oflayn ko‘rinishda nasiya va bo‘lib to‘lash shartlaridagi takliflar huquqiy jihatdan tovar iste’mol kreditlaridir. Tovar iste’mol krediti bo‘yicha qarzdorlikning to‘liq qiymatini ochiqlash talabi haligacha mavjud emas. Qonunchilikdagi mana shu ulkan bo‘shliq asosan kam daromadli, ayni paytda moliyaviy savodxonligi yuqori bo‘lmagan aholi toifalarining manipulyatsiya qilinishiga, ularning qarz va majburiyatlari yuki yuqori sur’atda oshib borishiga yo‘l ochmoqda. E’tibor bersangiz, yuqori daromadli aholi vakillarining nasiyaga yo bo‘lib to‘lashga tovar olganini kam uchratasiz. Chunki ularning hisob-kitobi bor (puli bor odamning doim hisob-kitobi bor).

Alohida ta’kidlashim kerakki, hech kim nasiya yo bo‘lib to‘lash deb nom olgan hisob-kitob asosidagi savdo shakllariga qarshi emas. Faqat iste’molchilar ularga o‘tkazilayotgan tovar qarz pul narxi nuqtai nazaridan qiymati qanchaga aylanayotganini bilishga haqli bo‘lishlari kerak. Qonunchilikka bu to‘g‘ridagi talablarni kiritish vaqti allaqachon kelgan”, deydi iqtisodchi.

Xorij tajribasi qanday?

Apple yoki Samsung kabi brendlar mahsulotlarining narxi O‘zbekiston bilan boshqa xorijiy mamlakatlarda deyarli farq qilmaydi. Masalan, Qo‘shma Shtatlardagi eng mashhur marketpleyslardan bo‘lgan Walmart'da ham iPhone 15 Pro 128 GB telefonining narxi 999 dollar. Bu yerda ham 12, 18, 24 oylik to‘lov muddatli bor. Masalan, 12 oyga ushbu smartfonni xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, oyiga 92,5 dollardan, umumiy hisobda 1110 dollar to‘lashingiz kerak. Bunda sizdan 111,5 dollar qo‘shimcha pul olinishi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Ya’ni xaridor barcha risklar, moliyaviy zarar haqida oldindan xabardor qilinadi. Shunga rozi bo‘lganlar o‘ziga ma’qul ko‘rinishda mahsulotni sotib oladi.

Nasiya savdo tartibga solinadimi?

Nasiya savdoga mahsulot xarid qilishda narxlar 70-90 foizgacha qimmat, buni tartibga solish bo‘yicha hukumat darajasida biror bir mexanizm ishlab chiqilishi mumkinmi? Bu savol 25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovga berilgandi.

“Bizda nasiya savdo, ya’ni to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash bozorini tartibga soluvchi regulyator, ming afsuski, yo‘q. O‘z-o‘zidan regulyatorning bo‘lmagani bu narsani ikki tomonlama shartnomaga bog‘lab qo‘yadi”, degandi MB raisi.

Kun.uz Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga: “Hozirgi holatda sotuvchi mahsulot ustiga qancha pul qo‘yilishi va uning narxi qanchaga oshishi haqida xaridorga ma’lumot bermayapti, qonunchilikdagi bu bo‘shliq qachon to‘ldiriladi?” degan savol yo‘llagandi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda bu masala ko‘rib chiqilyapti.

Yuqorida, iPhone 15 Pro 128GB misolida, raqobat muhiti mavjud bo‘lgan Toshkent shahrida joylashgan marketpleyslardagi narxlarni ko‘pchilik uchun bozor narxi ma’lum yoki bozor narxini aniqlash qiyin bo‘lmagan mahsulot misolida ko‘rib chiqdik. Viloyat yoki tumanlarda oddiy elektrotexnikalarning nasiya savdoga hisoblanadigan bahosi ularning naqd pulga olish mumkin bo‘lgan narxidan karrasiga qimmatga sotilyapti. Bu esa moliyaviy savodxonligi yuqori bo‘lmagan kam daromadli insonlarning jiddiy zarar ko‘rishiga olib kelyapti.

Ko‘p mahsulotlarning sotuvdan keyingi narxi keskin arzonlashadi. Bu telefon bo‘ladimi yoki boshqa elektrotexnika mahsuloti, 1 oy ichida 20 foizdan ham ko‘proqqa qiymatini yo‘qotishi mumkin. Uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilayotganda bu jihatlarga ham e’tiborli bo‘lish kerak.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid