Jahon | 07:20 / 17.08.2024
3894
4 daqiqa o‘qiladi

YeIda maymunchechak virusi bo‘yicha tahdid darajasi oshirildi

JSST avvalroq Afrikada virus tarqalishi uchun eng yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qilib, epidemiyani «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb atagandi. 

Foto: Zanem Nety Zaidi/Xinhua/IMAGO

Kasalliklar oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi (ECDC) kasallanish holatlari «past»dan «o‘rtacha»gacha bo‘lgan hududlarda aholi va sayohatchilar uchun mpox virusi infeksiyasi (ilgari maymunchechak deb atalgan) xavfini oshirdi. Bu haqda 16 avgust, juma kuni Stokholmda joylashgan ECDC ma’lum qildi

«Yevropa va Afrika o‘rtasidagi yaqin aloqalar tufayli biz virusning Clade 1 shtammi bilan infeksiyaning yangi import holatlariga tayyor bo‘lishimiz kerak», deya idora boshlig‘i Pamela Rendi Vagnerning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Reuters. 

Shvetsiyadagi bemorda mpox virusi infeksiyasi 

15 avgust kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Shvetsiyada mpox virusining yangi shtammi - Clade Ib bilan kasallangan bemorni tasdiqladi va infeksiya yuqishi Afrikada sodir bo‘lganligini ta’kidladi.

JSST ilgari Afrikada virus tarqalishi uchun eng yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qilib, epidemiyani «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb atagandi. 

Mpox virusi haqida 

Mpox virusi kasal hayvonlardan odamlarga, shuningdek, jismoniy aloqa orqali odamdan odamga yuqadi. Kasallik belgilari orasida isitma, mushak og‘rig‘i va yiringli pufakchalar bo‘lgan teri toshmasi bor.

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax Shvetsiyada mpox infeksiyasi aniqlanganini izohlar ekan, bu virus hozirda Germaniya aholisi uchun jiddiy xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi. «Shvetsiyadagi holat Germaniya va Yevropa uchun xavfni baholashda hech narsani o‘zgartirmaydi», dedi Lauterbax.

Afrikada mpox kasalligining tarqalishi 

Ilgari mpox haqida xabar berilmagan Burundi, Keniya, Ruanda va Ugandada 15 avgustgacha 1b variantining 90 ta holati aniqlangan, u avvalgi variantga qaraganda og‘irroq va ko‘proq o‘limga sabab bo‘ladi. JSST 14 avgust kuni Kongo Demokratik Respublikasida 14 mingdan ortiq kasallanganlar ro‘yxatga olingani, 524 kishi vafot etganini bildirdi. 2023 yil yanvar oyidan buyon mamlakatda 27 mingta infeksiya holati qayd etilgan, 1100 dan ortiq holat, asosan, bolalar o‘rtasida o‘lim bilan yakunlangan. 

Joriy yilda Afrikaning 13 davlatida jami 17 mingta mpox infeksiyasi holati qayd etildi, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 2,6 baravar ko‘p, deb xabar bermoqda Reuters. 

2022 yilning yozida JSST maymunchechak epidemiyasini «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb e’lon qildi. O‘shanda dunyoning 75 ta mamlakat va hududlarida 2b virus variantini yuqtirganlar soni 16 mingdan oshgan edi. Ko‘pgina infeksiya holatlari Yevropa va Amerikada, asosan, erkaklar orasida aniqlangan. Favqulodda holat 2023 yil may oyida bekor qilingan. 

Mavzuga oid