Jahon | 15:45 / 19.08.2024
1856
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden G‘azo sektori bo‘yicha muzokaralar jarayonini buzmaslikka chaqirdi

AQSh prezidenti Dohadagi maslahatlashuvlarda «muhim olg‘a siljish» haqida xabar berdi.

Foto: AP / Alex Brandon

G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda «sezilarli olg‘a siljish»ga erishildi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Dohadagi muzokaralar natijalarini sharhlar ekan, aytib o‘tdi.

Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Dohadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirgan va bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun asos bo‘lib xizmat etishiga umid qilmoqda. 

AQSh prezidenti Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Tani va misrlik hamkasbi Abdulfattoh as-Sisiy bilan alohida muzokaralar olib borganini, ular bilan Dohadagi ikki kunlik maslahatlashuvlar tafsilotlarini muhokama qilganini qayd etdi. 

Delegatsiyalar shu hafta Qohirada qayta to‘planadi, dedi Bayden. U AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenni ham mintaqaga yuborganini aytdi. 

AQSh G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi, dedi prezident. «Mintaqada hech kim eksklavda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar jarayoniga zarar yetkazadigan harakatlar qilmasligi kerak», - deya qo‘shimcha qildi siyosatchi. 

Mavzuga oid