Jahon | 08:40 / 21.08.2024
2480
2 daqiqa o‘qiladi

Harris Demokratik partiya nomzodi sifatida tasdiqlanganini qabul qildi

«Biz sizning nomzodlaringiz bo‘lishdan faxrlanamiz», dedi Tim Uols bilan Miluokida bo‘lgan Kamala Harris.

Foto: J. Scott Applewhite/AP/picture alliance

Kamala Harris Illinoys shtatining Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan partiya milliy qurultoyida Demokratik partiyadan nomzod sifatida tasdiqlanganini qabul qildi. 20 avgust, seshanba kuni AQSh vitse-prezidenti Viskonsin shtatining Miluoki shahridan video-aloqa orqali qurultoyga qo‘shildi.

CNN Harrisning so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Biz sizning nomzodlaringiz bo‘lishdan faxrlanamiz. Bu xalq kuchiga asoslangan kampaniya va biz birgalikda oldinga yangi yo‘l ochamiz», deya qo‘shimcha qildi u. AQShning barcha shtatlari va hududlaridan kelgan delegatlar qurultoyda 59 yoshli Harrisni yoqlab ovoz berishdi, ammo bu faqat rasmiyatchilik bo‘ldi. 

Harris va uning vitse-prezidentlikka nomzodi, Minnesota gubernatori Tim Uols Miluokida saylovoldi mitingini o‘tkazadi. 

Amaldagi ma’muriyatda ishlayotgan vitse-prezident avgust oyi boshida virtual ovoz berishda ko‘pchilik delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, amalda Demokratik partiyadan prezidentlikka rasmiy nomzod bo‘ldi. 

Taxminan yarim milliard dollar yig‘ildi

Harris Qo‘shma Shtatlardagi ikkita yirik siyosiy partiyadan biridan nomzod bo‘lgan birinchi oq tanli bo‘lmagan ayoldir. U o‘zining asosiy nutqi bilan 22 avgust kuni, qurultoyning so‘nggi kunida so‘zlaydi. 

21 iyuldan boshlab, u poygaga kirishganidan beri to‘rt hafta ichida Harris saylovoldi tashviqotiga hissa sifatida yarim milliard dollarga yaqin mablag‘ to‘pladi, deya xabar beradi Reuters manbalarga tayanib. Bu ko‘rsatkich amaldagi prezident Jo Bayden nomzodini qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgunga qadar to‘plagan mablag‘lar bilan birgalikda jami bir milliard dollardan ortiqni tashkil qildi. Agentlikning qayd etishicha, AQSh tarixida hech qachon chegaradan bunchalik tez oshib o‘tilmagan. 

Mavzuga oid