O‘zbekiston | 11:15 / 26.08.2024
15485
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘rtasida O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin havo kirib keladi 

O‘zbekiston bo‘yicha 26-30 avgust kunlariga ob-havo prognozi berildi.

Foto: Kun.uz

Bugun va ertaga O‘zbekiston bo‘yicha quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Hududning katta qismida havo harorati +32...+35 daraja atrofida, janubda +36...+38 darajagacha bo‘ladi.

Hafta o‘rtasida respublika hududiga nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat foni 2-3 darajaga pasayadi. Chorshanba va payshanba kunlari havo harorati kunduz kunlari +27...+30 daraja atrofida, janubda +35 darajagacha bo‘ladi. Kechasi va erta tongda harorat +17...+20 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Juma kunidan boshlab harorat asta-sekin ko‘tariladi, haroratning ushbu ko‘tarilishi dam olish kunlarida ham davom etadi. Kunduz kungi harorat yana +30...+35 darajagacha ko‘tariladi.

28 avgust – chorshanba kuni Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida jadalligi biroz bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 28-29 avgust kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilyapti.

Sharqiy yo‘nalishdagi shamol, g‘arbdan 9-14 m/s tezlikda esadi, 28 avgustda ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 28 avgustda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan kechalari +15...+20 daraja, kunduz kunlari 26-27 avgustda +30...+33 daraja, 28-29 avgustda +27...+30 daraja bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid