Jahon | 08:27 / 30.08.2024
5327
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Durovning Fransiyaga kelishini oldindan bilmaganini aytdi

Fransiya prezidenti Pavel Durovga «taklifnoma» rasmiylashtirmaganini aytdi. Shu bilan birga, u tadbirkorga Fransiya fuqaroligi berilishini asosli deb atadi.

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 29 avgust, payshanba kuni Serbiyaga tashrifi chog‘ida Telegram asoschisi Pavel Durovning Fransiyaga «taklif etilgani haqidagi» ma’lumotni rad etdi. Bu haqda Fransiya OAV, jumladan, Le Figaro gazetasi va BFMTV telekanali xabar berdi.

«Mamlakatimizda hokimiyat bo‘linishi bor, men uning kelishidan bexabar edim. Bu oddiy hol. Taklifnoma rasmiylashtirganim yolg‘on», - deya Makronning so‘zlarini keltiradi BFMTV.

Avvalroq, 27 avgust kuni Le Canard enchaîné satirik gazetasi 24 avgust kuni Parijdagi Le Burjye aeroportida qo‘lga olinganida Pavel Durov Makron bilan kechki ovqatga borishi kerakligini aytganini yozgan edi.

Makron Durovning Fransiya fuqaroligi haqida

29 avgust kuni Belgradda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Makron Durovga Fransiya fuqaroligini berishni «mutlaqo maqbul» deb bilishini ham ta’kidladi. Le Figaro prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, fuqarolikka qabul qilish qarori «fransuz tilini o‘rganishga harakat qiladigan» va «dunyoda porlayotgan» «ayollar va erkaklar» uchun «to‘liq qabul qilingan strategiya»ning bir qismidir.

YeI Telegram foydalanuvchilar sonini kamaytirib ko‘rsatgani ehtimolini tekshirmoqda

Yevrokomissiyaning fan va axborot xizmati - Qo‘shma tadqiqot markazi Telegram messenjeri rahbariyati Yevropa tartib-qoidalariga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi o‘z foydalanuvchilari sonini kam ko‘rsatishi ehtimolini tekshirmoqda. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni Financial Times nashri xabar berdi. 

Fevral oyida Telegram Yevropa Ittifoqida 41 million oylik foydalanuvchiga ega ekanligini ma’lum qilgandi. Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, messenjer avgust oyida yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak, biroq buni qilmadi va Yevropa Ittifoqidagi oylik auditoriyasi «45 milliondan sezilarli darajada kam» degan bayonot bilan cheklandi. Biroq, Bryussel bunday emas deb gumon qilmoqda va tekshiruv belgilangan chegaradan oshib ketganligini ko‘rsatishi mumkin. 

Fevral oyida kuchga kirgan yangi Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga (Digital Services Act, DSA) ko‘ra, Yevropa Ittifoqida oylik 45 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan onlayn platformalar va ijtimoiy tarmoqlar, birinchi navbatda, foydalanuvchilar uchun xavfli bo‘lgan noqonuniy kontentni moderatsiya qilishi kerak, shuningdek, so‘rov bo‘yicha Yevropa komissiyasiga o‘z ma’lumotlarini taqdim etishga majbur. Mutaxassislarning taxminicha, Telegram rahbariyati ushbu qoidalarga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi foydalanuvchilari sonini ataylab kam ko‘rsatgan, deb yozadi Financial Times. 

Mavzuga oid