Jahon | 22:33 / 03.09.2024
4220
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga uzoq masofali JASSM raketalarini yetkazib berishi mumkin – OAV

Kiyev hozir qabul qilayotgan F-16 qiruvchi samolyotlari JASSM raketalarini uchirishga qodir.

Foto: Wikimedia

Qo‘shma Shtatlar kuzda Ukrainaga Rossiya ichidagi nishonlarga zarba bera oladigan JASSM qanotli raketalarini yetkazib berish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Reuters o‘z manbalariga tayanib yozdi.

Ularning ta’kidlashicha, Kiyev ta’minotni bir necha oy kutishga to‘g‘ri keladi, chunki AQSh birinchi navbatda bir qancha texnik muammolarni hal qilishi kerak. Kiyev qabul qilayotgan F-16 qiruvchi samolyotlari JASSM raketalarini uchirishga qodir.

Agentlikning uch nafar suhbatdoshi JASSM raketalarining Ukrainaga navbatdagi yordam paketiga kiritilishi kuzda e’lon qilinishi mumkinligini, ammo bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidladi.

JASSM havo-yer sinfidagi qanotli raketa Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqilgan va taxminan 450 kg og‘irlikdagi jangovar kallakni olib yurishga qodir. Raketaning birinchi modifikatsiyasi parvoz masofasi 370 km, yangilari esa 800 km ni tashkil qiladi. Reuters Ukraina uchun raketalarning qanday modifikatsiyalari muhokama qilinayotganini aniqlay olmagan, biroq Kiyevni qisqa masofaga uchuvchi raketalar bilan ta’minlash Pentagon zaxiralariga kamroq ta’sir qilishini taxmin etdi.

Agentlikning qayd etishicha, JASSM raketalari faqat AQSh samolyotlaridan uchirilishi mumkin. Ammo Ukraina oxir-oqibat har biri ikkita qanotli raketalarni tashishga qodir bo‘lgan 80 ga yaqin F-16 qiruvchilarini qabul qilishi mumkin.

Hozircha Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Kiyevni bir qator cheklovlarga ega qurol-yarog‘ bilan ta’minlamoqda, jumladan, ulardan Rossiya ichidagi nishonlarga hujum qilish uchun foydalanish taqiqlangan.

May oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Amerika qurollaridan foydalangan holda Rossiya hududiga «cheklangan» zarbalar berishga ruxsat etdi. Dastlab, Ukraina faqat Xarkiv viloyati bilan chegaradosh hududlarga zarba bera oladi, deb taxmin qilingan edi, biroq keyinroq Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bu chegara bilan bog‘liq har qanday hududni anglatishini aytdi.

Mavzuga oid