O‘zbekiston | 12:03 / 04.09.2024
2058
6 daqiqa o‘qiladi

BMTning Taraqqiyot dasturi: O‘zbekistonda bu qanday ishlayapti?

BMTning Taraqqiyot dasturi dunyoning 170 mamlakatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonda ham aholini yashil energiyadan foydalanish, energotejamkor uylar yaratish, bunga ketadigan sarfni maksimal qisqartirish yuzasidan ko‘nikmalarini oshirish dasturning asosiy maqsadi sanaladi. Dastur va unda ko‘zda tutilgan missiya yuzasidan tashkilot mutasaddilari ma’lumot berdi.

BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudji dastur doirasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi:

“BMT Taraqqiyot Dasturi Birlashgan Millatlar Tashkilotining eng yirik taraqqiyot agentliklaridan biri bo‘lib, dunyo bo‘ylab 170 ta mamlakatda o‘z ofisiga ega. O‘zbekistondagi ofisimiz ham ulardan biridir. BMT Taraqqiyot Dasturining missiyasi kambag‘allikni bartaraf etishdan iborat. Bugungi kunda O‘zbekistondagi vakolatxona 40 dan ortiq loyihalar bilan ishlaydi.

Bu loyihalar O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida amalga oshirilmoqda va bu bizning mamlakatdagi eng kam ta’minlangan aholi qismiga yordam berishga intilishimizni ko‘rsatadi. Bilasizmi, biz hukumat va xalqni barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlash davomida doimo hech kimni nazardan chetda qoldirmaslikka harakat qilamiz.

O‘zbekistonda amalga oshirgan bir qator muvaffaqiyatli dasturlarimiz bor. Ulardan eng kattasi “Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror Rivojlanish Maqsadlari”ga mos keladigan islohot dasturlarining hukumat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga erishganimizdir. Masalan, 16-maqsad, ya’ni kuchli institutlar va boshqaruvni oladigan bo‘lsak, bu sohada O‘zbekistonda davlat xizmatlarini raqamlashtirishga yordam berdik.

Aniqroq misollar bilan aytadigan bo‘lsam, endilikda yaqinda farzandli bo‘lgan ayol qo‘lida bolasi bilan turli navbatlarda turishi shart emas. Davlat xizmatlari markazlari ularga 6 ta xizmatni bir joyda ko‘rsatadi, bu xizmatlar, shuningdek onlayn tarzda ham amalga oshiriladi va bir milliondan ortiq odamni qamrab oladi. Shuningdek, biz to‘rt millionga yaqin nafaqaxo‘rlarga ham shu kabi qulayliklarni yaratadigan raqamli xizmatlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz.

Bizda hukumatning kambag‘allikni kamaytirishdagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydigan dasturlar mavjud. Asosiy umumiy maqsadimiz — kambag‘allikni kamaytirish. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston hukumatiga joriy yilning mart oyida birinchi ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksini nashr etishda yordam berdik. Bu amaliyot juda innovatsion bo‘lib, kambag‘allik faqat daromad bilan bog‘liq emasligi va u ko‘p o‘lchamliligini anglashga yordam beradi. Ta’kidlash joiz, odamlar kambag‘allikning turli ko‘rinishlarini boshdan kechirmoqda, jumladan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, suvdan foydalanish va sanitariya bilan bog‘liq sohalarda muammolar yetarlicha.

13-maqsad — iqlim va 15-maqsad — yerusti ekotizimlari mavzusi doirasida butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonning to‘rtta tumanidagi eng kam ta’minlangan aholiga yordam berdik va 900 ta ijtimoiy infratuzilma orqali 700 000 kishining suv, ta’lim muassasalari, elektr energiyasi hamda yo‘llardan foydalanishi borasida imkoniyatlarini yaxshiladik.

Shuningdek, ushbu ijtimoiy infratuzilmalarning qanday loyihalashtirilganini ta’kidlash ham muhim. Biz joylashuv, texnik xizmat ko‘rsatish hamda inshootlardan qanday qilib adolatli foydalanish borasida muhim masalalarni hal qilish va rejalar tuzish uchun 1 500 dan ortiq jamoatchilik vakillari bilan bog‘landik. Bu ham bizning muvaffaqiyatli loyihalarimizdan biridir”.

BMT Taraqqiyot dasturi doirasida aholi xonadonlarini arzon va toza energiya manbalari bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning turli hududlarida uylarga quyosh panellari, quyosh suv isitgichlari, issiqlik nasoslari, 2 va 3 qavatli oyna romlari hamda turli izolyatsion materiallar o‘rnatilgan. Loyiha mas’ullaridan biri Sherzod Kattaxo‘jayev bu tashabbusning muvaffaqiyatli bo‘lgani va aholining energiyaga ehtiyojini barqarorlashtirishga katta hissa qo‘shganini ta’kidlaydi.

«Loyiha asosida biz standartlashtirilgan uylarga energotejamkor uskunalar yetkazib beramiz. 2024 yilda loyihaning 1-fazasi yakunlanyapti. Bu jarayonda 600 dan ortiq xonadonlarga quyosh panellari, 800 ta xonadonga izolyatsion materiallar o‘rnatildi. Olib borilgan tahlil va kuzatuvlarimiz bu uylarda energiya sarfi kamayganini ko‘rsatdi. Buning natijasida aholida kommunal to‘lovlar kamaygani, qulaylikni oshirgani sezildi. Bizning vazifamiz shunday uylarda yashayotgan aholi bilan gaplashib, ularning fikrini o‘rganib, diagramma tuzish va muammolar, takliflar, yechimlar yuzasidan tahlil qilib berishdan iborat.

Bu yangi texnologiya bo‘lgani uchun kamchiliklar ham ko‘rindi. Masalan quyosh panellari o‘rnatilganda invertor tizimi bilan bog‘liq muammolar kuzatildi.

Bundan tashqari energotejamkor uylar uchun ajratilgan subsidiyalar yuzasidan keng targ‘ibot ishlari olib bordik. Iste’molchilar @BMTTDsubsidiyasi yoki Energymarket.uz manzillari orqali murojaat qilishsa, barcha izolyatsion uskunalar, quyosh panellari, romlarga subsidiya olishlari mumkin» deydi u.

Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida aholiga:

  • Quyosh panellari va akkumulyatorlar uchun erkaklarga 30%, ayollarga 32,5 %;
  • Quyosh suv isitkichlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5 %;
  • Issiqlik nasoslari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5% ;
  • Ikki qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 15%, ayollarga 17,5%;
  • Uch qavatli oyna romlari uchun erkaklarga 25%, ayollarga 27,5%;

Tashqi devorlar issiqlik izolyatsiya qoplami uchun erkaklarga 35%, ayollarga 37,5% miqdorida subsidiya taqdim etiladi.

Mavzuga oid