Samarqandda fuqaro «dom»ning tepasida basseyn qurib olgani aniqlandi
Ko‘p qavatli uyning pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan qurilgan basseynni buzib tashlash bo‘yicha uning egasiga majburiy ko‘rsatma berilgan hamda ma’muriy jarima qo‘llangan. Qurilish vazirligiga ko‘ra, ushbu qurilma ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan.
Samarqandda fuqaro ko‘p qavatli uyning pentxaus qismida basseyn qurib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aholi murojaatiga asosan Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Jarayonda Samarqand shahri So‘g‘diyona mahallasidagi 67-A sonli ko‘p qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilgani aniqlangan.
«Ushbu qurilma ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan bo‘lib, seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, uyning mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin.
Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga (turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish) asosan ma’muriy jarimalar qo‘llandi va noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi», deyiladi vazirlik xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, berilgan vaqt ichida mulkdor holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa, unga nisbatan tegishli tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga davo arizasi kiritiladi.
Avvalroq Navoiy shahrida fuqaro «dom»ga o‘zi uchun alohida lift o‘rnatmoqchi bo‘lgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
15:52 / 26.12.2024
Samarqandda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ekipaj a’zosi bojxona nazoratidan jangovar o‘q-dori olib o‘tishga urindi
07:35 / 26.12.2024
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024