Latviya mamlakat sharqida Rossiya droni qulashi holatini tekshirmoqda
Edgars Rinkevichsning so‘zlariga ko‘ra, 7 sentabr kuni Latviya sharqida Rossiyaning uchuvchisiz uchog‘i qulagan.
Latviya Rossiya harbiy uchuvchisiz uchish apparati (UUA) qulashiga oid tergov ishlarini olib bormoqda. Bu haqda 8 sentabr, yakshanba kuni Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dron 7 sentabr kuni Latviya sharqida qulagan.
«NATOning sharqiy qanotidagi bunday hodisalar soni ortib bormoqda va biz ularni birgalikda hal qilishimiz kerak», — dedi davlat rahbari va Riga o‘z ittifoqchilari bilan yaqin aloqada ekanini qo‘shimcha qildi.
Latviya Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, qurilma Rigadan 224 km sharqda joylashgan Rezekne viloyatida qulagan.
Latviya qurolli kuchlari NATOga xabar berdi
Latviya milliy qurolli kuchlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchoq Belarus yo‘nalishidan o‘z havo hududiga o‘tgan.
Milliy qurolli kuchlari hodisa haqida NATO qo‘mondonligini xabardor qildi. Latviya hukumati va huquq-tartibot idoralari, shuningdek, mintaqadagi boshqa NATO davlatlari voqea haqida boxabar etilgan.
Bu voqea Riga Latviyaning sharqiy chegarasini mustahkamlash, jumladan, havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash imkoniyatlarini rivojlantirish ustida ishlashni davom ettirishi kerakligini tasdiqlaydi, dedi mudofaa vaziri Andris Spruds.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi munosabati bilan Latviya quruqlik chegaralari, havo hududi va hududiy suvlarini himoya qilishni kuchaytirmoqda. Milliy qurolli kuchlar mamlakatning sharqiy chegarasida havo mudofaasini kuchaytirmoqda. NATO ittifoqchilari Boltiqbo‘yi davlatlari ustidan havo patrul missiyalarini rotatsiya bo‘yicha amalga oshirmoqda.
Rossiya dronlari - Belarus havo hududida
Latviya osmoni NATO havo hududining bir qismidir, deya eslatdi Mudofaa vazirligi.
7 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Ukraina hududini o‘qqa tutayotganda kamida sakkizta dron Belarus havo hududiga kirgani ma’lum bo‘ldi.