O‘zbekiston | 15:13 / 09.09.2024
3513
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikki o‘quvchining umriga zomin bo‘lgan haydovchi 5 yilga qamaldi

Xatirchi tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi 57 yoshli erkak 6 oy oldin o‘g‘li sovg‘a qilgan Cobalt mashinasini boshqarib borayotib, yo‘l chetida ketayotgan ikki voyaga yetmagan qizni urib yuborgan. Qizlardan biri voqea joyida, ikkinchisi 2 kun o‘tib shifoxonada vafot etgan.

Xatirchi tumanida ikki piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, YTH 2024 yil 12 aprel kuni Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-269 avtomobil yo‘lining 13-14-km oralig‘ida sodir etilgan. 1967 yilda tug‘ilgan, tumandagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi G‘.Q. Cobalt mashinasini “Mirdosh-Tasmachi” yo‘nalishida boshqarib borayotib, yo‘l chetida piyoda ketayotgan voyaga yetmaganlar O.B. hamda Z.H.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida Xatirchi tumanidagi kasb-hunar maktabi o‘quvchisi bo‘lgan O.B. voqea joyida halok bo‘lgan. Navoiy shahardagi 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Z.H. esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u ham oradan 2 kun o‘tib vafot etgan.

G‘.Q. sudda mashinani 2023 yil oktyabr oyida o‘g‘li sovg‘a qilganini, Cobalt o‘g‘lining nomida ekanligini aytib, YTHga boshqaruv payti chalg‘igani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Marhumalarning ota-onalari esa ularga hech qanday moddiy va ma’naviy zararlar kerak emasligini bildirib, haydovchiga qonuniy jazo qo‘llashni so‘ragan.

Sud hukmi bilan haydovchi G‘.Q. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq Andijonda yosh qizning umriga zomin bo‘lgan haydovchi 4 yilga, Farg‘onada esa 4 piyodaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid