Jahon | 14:04 / 10.09.2024
2293
3 daqiqa o‘qiladi

Muxolifat Sholsni Kiyevni «soxta tinchlik» sari undamaslikka chaqirdi

Sholsning tinchlik jarayonini tezlashtirishga chaqiruvi Ukrainani Rossiya buyurgan tinchlik sari jimgina undashga urinayotgan sotsial-demokratlar strategiyasi bir qismidir, dedi XDI deputati Roderix Kizevetter.

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Sholsning Ukrainada diplomatik kelishuvni tezlashtirish zarurligi haqidagi bayonotini Germaniya muxolifati mamlakat hukmron koalitsiyasi bir qismi bo‘lgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi faoliyatidagi xavfli o‘zgarish sifatida qabul qildi. 9 sentabr, dushanba kuni e’lon qilingan Bild gazetasiga bergan intervyusida, muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter Shols tashabbusini «oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan holat» deb atadi. 

XDI sotsial-demokratlarni Kiyevni tinchlikka majburlashda aybladi 

Kizevetter so‘zlariga ko‘ra, bu sa’y-harakatlar ba’zi sotsial-demokratlarning «Ukrainani Rossiya tomonidan aytilgan soxta tinchlik sari jimgina undash» strategiyasiga mos keladi. Bu jarayon tarkibiy qismlaridan biri Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich qisqartirish va Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini boshlash talabidir, deya qo‘shimcha qildi xristian-demokrat. 

Germaniya kanslerining Rossiya Federatsiyasini Ukraina bo‘yicha navbatdagi tinchlik sammitiga taklif qilish istagi noto‘g‘ri, deydi Bundestag deputati, Bundesver sobiq zobiti Kizevetter. Uning fikriga ko‘ra, Shols tinch yo‘l bilan hal qilishda erishgan yutuqlari uchun maqtovga sazovor bo‘lishni xohlaydi, ammo bu «Ukraina uchun vaziyatni yomonlashtiradi va shu bilan Yevropa va Germaniya xavfsizligini zaiflashtiradi». 

Bundan tashqari, Roderix Kizevetterning so‘zlariga ko‘ra, Shols Rossiya dezinformatsiyasi va tashviqotiga bo‘ysundi va shuning uchun u xavfsizlik siyosatida e’lon qilgan «burilish nuqtasi» «farsdir va tarixga aylandi». 

Shols - Ukrainada tinchlik jarayoniga o‘tishni tezlashtirish tarafdori

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainada tinchlik jarayoniga o‘tish jarayonini tezlashtirish tarafdori ekanini aytdi. Vazirlar mahkamasi rahbari bu pozitsiyani ZDF nashriga yozgi katta intervyusida aytib o‘tdi, undan parchalarni kanal 8 sentabr kuni o‘z veb-saytiga joylashtirdi.

«O‘ylaymanki, hozir qanday qilib biz bu harbiy vaziyatdan tezda chiqib, tinchlikka erishishimiz mumkinligini muhokama qilish vaqti keldi», deb ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari.

Shols Rossiyaning ikkinchi «tinchlik sammiti»da ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning birinchisi iyun oyida Shveytsariyaning Byurgenshtok kurortida bo‘lib o‘tdi. Kansler so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning hozir bo‘lishi zarurligi masalasida Berlin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy pozitsiyasiga qo‘shiladi. «Albatta, yana bir tinchlik konferensiyasi bo‘ladi», dedi u, ammo aniq sanalarni ko‘rsatmadi.

Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari Zelenskiy bilan maxfiy suhbatlashganini aytdi. U bilan yaxshi munosabatlar bor, deb ta’kidladi Shols.

Mavzuga oid