Jahon | 01:33 / 11.09.2024
8591
2 daqiqa o‘qiladi

Monblan cho‘qqisida muzlab qolgan to‘rt nafar alpinistning jasadi topildi

Ikki nafari Janubiy Koreya va yana ikki nafari Italiya fuqarosi bo‘lgan alpinistlar 7 sentabr kuni qutqaruvchilarni yordamga chaqirgan, ammo ob-havo sharoiti yomonlashgani bois ularga ko‘mak ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagan.

Foto: AP Photo

Fransiyalik qutqaruvchilar Monblan cho‘qqisidan o‘tgan dam olish kunlari noqulay ob-havo sharoiti tufayli bedarak yo‘qolgan ikki nafar Italiya va ikki nafar Janubiy Koreya fuqarosining jasadlari topilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Associated Press.

Chamonix-Mont Blanc qidiruv-qutqaruv guruhi ikki juft alpinistni Alp tog‘ining eng cho‘qqisidan — 4,7 ming metr balandlikdan topgan. Ular sovuq urishi oqibatida vafot etgan.

Yo‘lboshchisiz qolgan alpinistlar 7 sentabr kuni qutqaruvchilarni yordamga chaqirgan, ammo ob-havo sharoiti yomonlashgani bois qutqaruvchilar na yer orqali va na vertolyotda voqea joyiga yetib bora olgan.

Shuningdek, koreyalik yana ikki alpinist murakkab qutqaruv operatsiyasi natijasida 8 sentabr tongida 4,1 ming metr balandlikdan muvaffaqiyatli qutqarib olingan. 

Fransuz hukumati holat yuzasidan tergov harakatlarini boshlagan.

Monblan — G‘arbiy Alp tog‘laridagi tog‘ massivi bo‘lib, Fransiya, Italiya va Shveytsariya chegarasi bo‘ylab 50 kilometr masofaga cho‘zilgan. Eng baland joyi 4807 metr, G‘arbiy Yevropada eng baland cho‘qqi hisoblanadi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid