O‘zbekiston Germaniya bilan migratsiya shartnomasi tuzdi
Toshkentda Germaniya kansleri va ichki ishlar vaziri O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan migratsiya kelishuvini imzoladi.
15 sentabr, yakshanba kuni Samarqand shahrida Germaniya kansleri Olaf Shols va ichki ishlar vaziri Nensi Fezer O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan migratsiya to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda AFP agentligi Germaniya hukumati vakiliga tayanib yozmoqda.
Bir necha oy davomida tayyorlangan yangi kelishuv O‘zbekiston fuqarolarining Germaniyaga qonuniy migratsiyasini soddalashtirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent Germaniyada qonuniy asoslarsiz bo‘lganlarni ham qabul qilishga majbur bo‘ladi.
«Biz mamlakatga sanoat, hunarmandchilik, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda zudlik bilan zarur bo‘lgan malakali ishchilarni jalb qilmoqdamiz», dedi Fezer Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, «istiqbolda Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmaganlar bizning mamlakatimizni tezda tark etishi kerak».
OAV: Germaniya afg‘onlarni O‘zbekiston orqali uylariga jo‘natmoqchi
Iyun oyida Der Spiegel jurnali Germaniya hukumati qochqinlik maqomini olish huquqiga ega bo‘lmagan afg‘onlarni toliblar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvlarsiz qaytarib yuborish uchun O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan edi.
Nashrning yozishicha, may oyi oxirida Germaniya delegatsiyasi ichki ishlar vaziri Fezer topshirig‘i bilan Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston hukumati bilan tegishli rejani muhokama qilgan. «Nemislar O‘zbekiston hukumatiga aniq reja taklif qilishdi», - deb yozadi nashr. «Unga ko‘ra, Germaniya afg‘onistonlik nomzodlarni charter reyslari bilan Toshkentga yetkazishi mumkin. Bu yo‘nalish Berlin toliblar hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazmasligini, balki chiqarib yuborilishi mumkin bo‘lgan afg‘onlarni deportatsiya qila olishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan».
Jurnalistlar ta’kidlaganidek, Germaniya IIV delegatsiyasi Toshkentdan qaytgach, muzokaralar «konstruktiv» o‘tganini ma’lum qilgan, O‘zbekiston hukumati Berlin va Toshkent o‘rtasida migratsiya bo‘yicha rasmiy kelishuv imzolansa, yordam berishini va’da qilgan.
Shols Markaziy Osiyoga safarini Qozog‘istonga tashrif bilan davom ettiradi
16 sentabr, dushanba kuni Germaniya hukumati rahbari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazish, shuningdek, Germaniya-O‘zbekiston biznes forumida ishtirok etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi AFP. Shundan so‘ng Sholsning Qozog‘istonga tashrifi rejalashtirilgan, u yerda kansler Markaziy Osiyoning beshta respublikasi: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbarlari bilan "S5+1" sammitida ishtirok etadi.
Avvalroq DW bilan suhbatda ekspertlar uchrashuvda asosiy urg‘u mintaqa bilan iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratiladi, deb taxmin qilishgan edi. Shu sababli, Germaniya hukumati xabar berishicha, Markaziy Osiyoga safarida kanslerga «katta va yuqori martabali iqtisodiy delegatsiya» hamrohlik qilmoqda.
Mavzuga oid
15:13
GFR Netanyahuni hibsga olishga berilgan order oqibatlarini o‘rganmoqda
17:47 / 22.11.2024
Kreml Rossiyaga migrantlar nima uchun kerakligini tushuntirdi
11:10 / 22.11.2024
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
13:43 / 21.11.2024