FT: YeI Kiyevga 40 mlrd yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkin
Kiyevga beriladigan pulning yakuniy miqdori 20 milliard yevrodan 40 milliard yevrogacha bo‘lishi mumkin va uni Yevrokomissiya belgilaydi, deb yozadi FT.
YeI yil oxirigacha Ukrainaga AQSh ishtirokidan qat’i nazar, 40 milliard yevrogacha yangi mablag‘ berishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi 16 sentabr, dushanba kuni xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, yakuniy miqdor 20 milliard yevrodan 40 milliard yevrogacha bo‘lishi mumkin va uni Yevrokomissiya a’zo davlatlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng aniqlaydi.
Ushbu reja bo‘yicha qaror qabul qilish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlarining ko‘pchiligining qo‘llab-quvvatlashi yetarli. Bu Moskvaga yaqin bo‘lgan Vengriya loyihaga veto qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirli tahdidni yo‘q qiladi.
Bu holda, gap «B» rejasi haqida ketyapti - «Yettilik guruhi» (G7) tomonidan iyun oyida taklif qilingan «A» rejasiga muqobil variant.
«A» rejasi
«A» rejasida Kiyevga 50 milliard dollar (45 milliard yevro) miqdorida pul berilishi ko‘zda tutilgan edi, bu qarz Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlaridan keladigan 260 milliard yevro miqdoridagi kelgusi daromadlar hisobiga to‘lanadi. Ularning aksariyati qimmatli qog‘ozlar bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblarga ixtisoslashgan Belgiyaning Euroclear moliyaviy xizmatlari kompaniyasiga tegishli.
Qo‘shma Shtatlar mablag‘ga xizmat ko‘rsatishdan barqaror daromad oqimini ta’minlash uchun Rossiya aktivlarini uzoq muddatga muzlatib qo‘yishni ta’minlaydigan kafolatlar talab qildi, ularning aksariyati esa Yevropada joylashgan.
Yevropa komissiyasi faqat 36 oy yoki besh yilga uzaytirishni taklif qildi. Biroq, Budapesht hozirgi bosqichda bunday kengaytmani bloklamoqda. Vengriya qarorni 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlarigacha qoldirmoqchi. Shu bilan bog‘liq holda, muqobil rejaga ehtiyoj bor.
«B» rejasi
«B» rejasining bir qismi sifatida Bryussel Yevropa hamjamiyati tomonidan qarz olish hajmini oshirish va YeI umumiy budjetidan mablag‘ jalb etishni ko‘rib chiqmoqda.
Shu bilan birga, Bryussel rasmiylari hanuzgacha Vashington uzoqroq kelajakda bo‘lsa ham, oxir-oqibat xarajatlarni qoplaydi va shu bilan YeI uchun xavflarni kamaytiradi deya umid qilmoqda, deb ta’kidlaydi FT.
Iyun oyida bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammiti chog‘ida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen tashkilotga a’zo barcha davlatlar G‘arbda garov sifatida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromadlardan foydalanib, yil oxirigacha Ukrainaga umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida pul berishga tayyorligini tasdiqladi.
Bu mablag‘ning yarmi Kiyevga Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan, qolgan yarmi esa G7 boshqa a’zolari tomonidan to‘lanishi kutilgan. Kiyev qarzni Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan unga o‘tkazilgan foizlar hisobidan to‘lashi kerak edi.
Mavzuga oid
16:03 / 20.12.2024
YeIning 15 ta davlati suriyaliklarning boshpana so‘rovini ko‘rib chiqmayapti
14:32 / 20.12.2024
Yevroittifoq Kiyevga qo‘shimcha 30 mlrd yevro ajratmoqchi
13:52 / 19.12.2024
YeI sudi Deripaska va ikki bankni sanksiyalar ostida qoldirdi
07:52 / 19.12.2024