Jahon | 10:50 / 17.09.2024
4253
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil mudofaa vaziri: «Hizbulloh» bilan urush tobora yaqinlashmoqda

Livan bilan chegaradagi to‘qnashuvlar tufayli diplomatik yechim imkoniyatlari kamaymoqda, dedi Isroil mudofaa vaziri AQSh prezidenti yordamchisi o‘rinbosari bilan uchrashuvdan so‘ng.

Yoav Galant Foto: Jacquelyn Martin/AP/TASS

Livan bilan chegarada deyarli har kuni sodir bo‘layotgan to‘qnashuvlar tufayli diplomatik kelishuv imkoniyatlari kamayib bormoqda. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant AQSh prezidenti yordamchisi o‘rinbosari va Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Eymos Xokstin bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Galantning so‘zlari 16 sentabr, dushanba kuni Isroil Mudofaa vazirligi tomonidan keltirildi.

«Hizbulloh» o‘zini Hamas bilan bog‘lashda davom etar ekan va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda», dedi vazir Livandagi harakat va falastinliklarga ishora qilib.

Isroilning shimoliy chegarasida o‘n minglab isroilliklar o‘z uylariga qayta olmayapti, dedi Galant. Ularning xavfsizligini ta’minlashning yagona yo‘li - bu yirik harbiy operatsiya, dedi vazir.

Hamas: Isroilning «uzoq davom etadigan vayronkor urushiga» tayyormiz

Ayni paytda Hamas siyosiy byurosi rahbari Yahyo Sinvarning aytishicha, harakat Isroilning «uzoq davom etuvchi vayronkor urushiga» tayyor.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Livandagi to‘qnashuvlar oqibatida 623 kishi halok bo‘lgan, ulardan kamida 142 nafari tinch aholi vakillaridir. Isroil tomonida, rasmiylarga ko‘ra, 24 askar va 26 tinch aholi halok bo‘lgan.

Avvalroq, 15 sentabr kuni «Hizbulloh» Isroil shimoliga otilgan o‘nlab raketalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi.

Bundan tashqari, portlovchi moddalarni olib uchgan dron Livandan Isroil chegarasini kesib o‘tgan. U mamlakat shimolida Yuqori Jaliladagi Metula shahri yaqinida qulagan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL), o‘z navbatida, Livandan mamlakatga 40 ga yaqin raketa uchirilganini ma’lum qildi. Ba’zilari raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan tutilgan, boshqalari esa ochiq joylarda qulagan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. O‘t o‘chiruvchilar hujumlar natijasida yuzaga kelgan yong‘inlarni o‘chirishdi.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid