Jahon | 12:10 / 21.09.2024
16932
10 daqiqa o‘qiladi

G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: AQShga qochib ketgan KGB mayori

1979 yilda SSSRda ingliz tilida chiqadigan gazetaning Yaponiyadagi muxbiri AQShning Tokiodagi elchixonasiga boradi va siyosiy boshpana so‘raydi. U o‘zini KGB mayori deb tanishtiradi. AQShga olib ketilgach, u KGBning Yaponiyadagi josuslik tizimini fosh etadi...

Barchasi 1979 yilda Yaponiyada sodir bo‘lgan zilziladan boshlanadi. O‘shanda zilzila kuchi Tokioda ham seziladi va poytaxtda ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalinadi.

Shu paytda sovet fuqarosi, «Novoye vremya» gazetasi muxbiri niqobi ostida Yaponiyada ishlayotgan KGB josusi Tokiodagi supermarketlardan birida xarid qilib yurgandi.

Ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalinganda yaponlar mabodo bino qulasa uning ostida qolmaslik uchun supermarketdan tartib bilan tashqariga chiqa boshlashadi. KGB josusi ham ular bilan tashqariga chiqadi.

Shu joyda yer qimirlayotganda yaponlarning sarosimaga tushmagani, hayoti uchun xavfli vaziyat yuzaga kelganda ham tartibni saqlagani josusni qattiq ta’sirlantiradi. Shundan so‘ng u G‘arbga qochib o‘tishga qaror qiladi va AQShning Tokiodagi elchixonasiga boradi. Bu josus KGB mayori Stanislav Levchenko edi.

Muxbir qiyofasidagi josus

Stanislav Levchenko 1941 yilda Moskvada tug‘iladi. Maktabni bitirgach avval Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika tillari bo‘limida o‘qiydi. So‘ng SSSR fanlar akademiyasi qoshidagi sharqshunoslik institutida tahsil oladi.

O‘sha paytlarda SSSRdagi xorijiy tillarni o‘rgatuvchi barcha oliy ta’lim muassasalari KGB nazoratida bo‘lib, iqtidorli talabalar xavfsizlik idorasiga yoki tashqi razvedka boshqarmasiga ishga taklif qilinardi.

Foto: lenta.ru

Stanislav Levchenko bilan ham shunday bo‘ladi. Ingliz va yapon tillarini mukammal o‘rgangan yigit avvaliga harbiy razvedka xizmatida ishlaydi. So‘ng KGBga ishga o‘tadi.

1975 yilda Stanislav Levchenkoni SSSRda ingliz tilida chop etiladigan New Times (Novoye vremya/Yangi davr) nashrining maxsus muxbiri niqobi ostida Yaponiyaga jo‘natib yuborishadi.

Shu tariqa, KGB mayori Yaponiyada o‘z faoliyatini boshlaydi va KGBning kunchiqar yurtdagi rezidenturasida ishlaydi.

Levchenko ishlagan bo‘lim asosan yapon OAVda ishlovchi taniqli va obro‘li shaxslar bilan aloqaga ega edi. Umumiy hisobda Yaponiyada 200 dan oshiq odam ishlar va ularning bir qismi KGB bilan hamkorlik qilgan yaponlar edi.

AQShdan siyosiy boshpana so‘rash

Stanislav Levchenko Tokioda yashar ekan, uni Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qisqa muddatda o‘zini tiklab olgani va dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylangani hayratga soladi.

O‘sha paytda Yaponiyaning istalgan yirik shaharlari SSSRning poytaxti Moskva yoki «madaniy poytaxt» deb ataladigan Leningraddan rivojlanishda oldinda edi.

Bundan tashqari, Levchenkoni yaponlarning ta’lim va ilm-fanga bo‘lgan e’tibori, tozalik va tartibga qattiq amal qilishi hayratlantiradi. Shundan so‘ng u Yaponiyada qolish haqida o‘ylay boshlaydi.

Foto: amanaimages.com

Ana shunday kunlarining birida KGB mayorini juda ham ta’sirlantirgan hodisa sodir bo‘ladi.

Levchenko Tokiodagi yirik supermarketlardan biri bo‘lgan «Isetan»da xarid qilib yurganida Yaponiyada yer silkinadi va uning kuchi Tokioda ham seziladi. Shunda darhol ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i (sirena) chalinadi.

Tom bosib qolishi xavfi bo‘lgani uchun supermarketda yurgan yaponlar tartib bilan tashqariga chiqa boshlashadi. Levchenko ham ular orasida edi.

Zilzila paytida yaponlarning sarosimaga tushmagani, hayot uchun xavfli vaziyat yuzaga kelganda ham tartibni saqlagani josusni qattiq ta’sirlantiradi.

Shundan so‘ng u uzil-kesil bir qarorga keladi va Yaponiyaga yoki G‘arbga qochib o‘tishga qaror qiladi. KGB mayori avvaliga Yaponiya xavfsizlik idorasiga bormoqchi bo‘ladi. Biroq so‘nggi soniyalarda fikridan voz kechadi. Chunki yaponlar uni Moskvaga topshirib yuborishlari ham mumkin edi.

O‘sha paytlarda sovet harbiylari Yaponiyaning bir nechta samolyotini urib tushirgan, kemalarini cho‘ktirgan va shu sababli yaponlar SSSRga qarshi turli provokatsiyalardan tiyilib turishgandi.

Mabodo yaponlar Levchenkoga siyosiy boshpana berishganda ham mayorning Yaponiyada qolishi birmuncha xavfli edi. Chunki o‘sha paytda bu davlatda bir paytning o‘zida 200 dan ortiq KGB josuslari faoliyat olib borar, agar Levchenko u yerda qolsa topib o‘ldirishlari aniq edi.

Vaziyatni yaxshilab mushohada qilib ko‘rgan mayor oxir-oqibat AQShning Tokiodagi elchixonasiga boradi. U yerda KGB mayori AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini bildiradi.

Shundan so‘ng amerikaliklar KGB mayorini avval AQShning Yaponiyadagi harbiy bazasiga olib borishadi. Dastlabki so‘roqdan keyin uni Amerikaga olib ketishadi.

Foto: C-SPAN

Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Levchenkoning AQShdan siyosiy boshpana so‘rashiga boshqa sabablar bo‘lgan. Levchenko Yaponiyada OAV xodimi sifatida juda muvaffaqiyatli ishlaydi. Shu sababli yaponlar hatto uni Milliy press klubga ham a’zo qiladi.

Uning bu muvaffaqiyati KGBning Yaponiyadagi bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Vladimir Pronnikovga yoqmaydi. Polkovnik Levchenkoni «kapitalistik hayotga mukkasidan ketishda» ayblaydi. Shu tariqa ular o‘rtasida zimdan kelishmovchilik paydo bo‘ladi.

Shundan so‘ng Pronnikov uni har doim chuv tushirishga, uchrashib qolganda esa kamsitishga o‘tadi. Tabiiyki, bu Levchenkoga yoqmaydi. Uning okean ortiga o‘tib ketishida Pronnikov bilan o‘rtalarida bo‘lgan kelishmovchiliklar muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.

Levchenko fosh etgan shaxslar

Amerikada Levchenkoni juda xursandchilik bilan kutib olishadi. U Kongressning konfedensial suhbatlar bo‘yicha qo‘mitasiga o‘zidagi barcha maxfiy ma’lumotlarni beradi.

Foto: C-SPAN

Ma’lumotlar tekshirib ko‘rilgach, amerikaliklar ularni Yaponiya maxfiy xizmatiga taqdim etishadi. Shundan so‘ng kunchiqar yurtda hibsga olishlar boshlanib ketadi.

KGB bilan hamkorlik qilganlar orasida Yaponiyada yuqori lavozim egalari va taniqli shaxslar ham bor edi.

Jumladan:

·      Hirohide Ishida – bu shaxs Yaponiya liberal-demokratik partiyasidan chiqqan siyosatchi, u Yaponiya Vazirlar mahkamasi bosh kotibi, Yaponiya Mehnat hamda Transport vaziri vazifalarida ishlagan;

·      Katsumata Seiti – Yaponiya sotsial-demokratik partiyasidan chiqqan siyosatchi, Yaponiya parlamenti raisi hamda spikeri vazifalarida ishlagan;

·      Shigeru Ito – Yaponiya sotsial-demokratik partiyasidan chiqqan siyosatchi, deputat va Transport vaziri bo‘lib ishlagan;

·      Takumi Ueda – deputat, Yaponiya sotsial-demokratik partiyasidan chiqqan siyosatchi;

·      Takuji Yamane – Itochu savdo uyining sobiq rahbari;

·      Akiro Kato – professor-mineralog;

·      Yohey Sasakava – Nippon Foundation raisi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ezgu niyat elchisi;

·      Yoshio Kodama – o‘sha paytda Yaponiyadagi jinoiy avtoritetlardan biri bo‘lgan;

·      Buntaro Kuray – harbiy tahlilchi.

Bundan tashqari, aynan Levchenkoning ma’lumoti asosida o‘sha paytda Yaponiyada ishlab turgan KPSS markaziy qo‘mitasining xalqaro bo‘limi direktori o‘rinbosari Ivan Kovalenko ham fosh bo‘ladi.

Shu tariqa, KGB va sovet tashqi razvedka xizmatining Yaponiyadagi bo‘limlari tamomila fosh bo‘ladi. Shundan so‘ng SSSRda Levchenkoga jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va 1981 yilda sirtdan o‘tkazilgan sudda unga o‘lim jazosi beriladi.

Stanislav Levchenkoning kitobi

Levchenkoning asarlari va unga nisbatan «ov»

Levchenko AQShda yashar ekan, birin-ketin ikkita kitob yozadi. Birinchi kitob «Narigi tomonda: Mening KGBdagi hayotim», ikkinchisi «KGBning Yaponiyaga e’tibori» nomlari bilan chop etiladi.

Levchenko o‘z asarlarida KGBning barcha tizimlarini, kadrlarni tayyorlashdan tortib, xorijga jo‘natiladigan xodimlar qanday tayyorgarlikdan o‘tishigacha bayon qilingan.

Shuningdek, sovet xavfsizlik idorasi SSSRdagi barcha tashkilotlarni qay tarzda nazorat qilishi va odamlarni qattiq qo‘rquvda ushlashi batafsil yozilgandi.

KGB Yaponiyadagi faoliyatini barbod qilgan Levchenkodan o‘ch olish uchun qattiq ahd qilgandi. Biroq Amerikada tamomila boshqa ism-sharif bilan yashayotgan odamni topish oson emasdi.

Stanislav Levchenkoning yana bir kitobi

1980-yillar o‘rtalarida KGB Levchenkoni qidirib topish va yo‘q qilish uchun 1970-yillar oxirlarida AQShga ko‘chib ketgan va o‘sha yerda yashayotgan er-xotin Nikolay va Sletlana Ogorodnikovlarni yollaydi.

Biroq FQB ularning iziga tushadi va hibsga oladi. 1985 yilda er-xotin bir necha yilga qamoq jazosi oladi va KGBning Levchenkoni topish rejasi barbod bo‘ladi.

1989 yilda Levchenko AQSh fuqaroligini oladi. Ko‘p o‘tmay unga o‘lim jazosi e’lon qilgan SSSR parchalanib tarqab ketadi. Levchenko hozirda AQShda yashayotgani aytiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid