Behzod Musayev yangi lavozimga o‘tkazildi
Sobiq kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar etib tayinlandi. Agentlikning o‘zi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Behzod Musayev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuviga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Agentlikka fuqarolarning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi.
«Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi», – deyiladi xabarda.
Behzod Musayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2004 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tadbirkorlik faoliyatini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyatini 1995 yilda O‘zbekiston Milliy bankida boshlagan. 1998–2002 yillarda Moliya vazirligida ishlab, boshqarma boshlig‘idan bosh boshqarma boshlig‘i darajasiga ko‘tarilgan.
2010 yilda Davlat soliq qo‘mitasida faoliyat yuritishni boshlagan. 2010–2011 yillarda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018 yilning mart oyida ushbu lavozimga qayta taynilanib, o‘sha yilning may oyidan esa Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lgan.
Behzod Musayev muqaddam davlat soliq qo‘mitasida va sog‘liqni saqlash vazirligiga rahbarlik qilgan, 2022 yil dekabridan buyon Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bundan avvalroq Musayev o‘rniga Botir Zohidov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining yangi rahbari etib tayinlangani xabar qilingandi.