O‘zbekiston | 19:37 / 25.09.2024
5582
2 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchi tumani hokimi o‘zgardi

2023 yil boshidan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan Ulug‘bek Zokirov boshqa ishga o‘tkazilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Ulug‘bek Zokirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganini bildirdi.

Uning o‘rniga Akbarali Ishmurzoyev nomzodini Sho‘rchi tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Akbarali Ishmurzoyev 1982 yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2003- va 2009 yilda Termiz davlat universtetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – transport vositalaridan foydalanish, moliya.

Faoliyati davomida ijro hokimiyati organlarida turli lavozimlarda, xususan, Uzun va Angor tumani hokimining o‘rinbosari vazifasida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Ishmurzoyev 2023 yildan buyon Denov tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Asli bankir bo‘lgan va 1997-2022 yillarda turli banklarda ishlagan Ulug‘bek Zokirov 2023 yil yanvarida Sho‘rchi tumani hokimligiga tayinlangandi.

Mavzuga oid