Jahon | 07:30 / 26.09.2024
6759
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Ukrainaga yangi yordam paketi miqdori ochiqlandi

AQShdan Kiyevga yangi harbiy yordam paketiga, jumladan, 130 kmgacha masofaga uchadigan bombalar ham kiritilgan, deb yozadi Reuters.

Foto: Reuters

AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga 375 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Paket mazmunini o‘z ichiga olgan press-reliz 25 avgust, chorshanba kuni Pentagonning rasmiy saytida chop etildi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Kiyev HIMARS YaO‘RT uchun o‘q-dorilar, 105 mm va 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, Javelin ko‘chma tankka qarshi raketa tizimlari, AT-4 tankka qarshi granatometlar, zirhli va minadan himoyalangan uskunalar, patrul katerlari, o‘ziyurar ko‘prik tizimlari, shuningdek, qurollar, o‘q-dorilar, ilgari uzatilgan qurollar uchun ehtiyot qismlar oladi.

Yangi harbiy yordam paketining alohida bandi «havo-yer» sinfidagi o‘q-dorilar» bo‘lib, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, gap yuqori aniqlikdagi AGM-154 Joint Standoff Weapon (JSOW) aviabombalari haqida ketyapti.

Agentlik manbalarining qayd etishicha, bu Ukraina uchun bunday qurollarning birinchi yetkazib berilishi. JSOW 130 kmgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba bera oladi va ular Ukrainada cheklangan miqdordagi F-16 qiruvchilaridan uchirilishi mumkin.

Isroillik harbiy ekspert Igal Levin Pentagon press-relizida an’anaviy oxirgi satrlar o‘zgartirilganiga e’tibor qaratmoqda. Agar AQSh Mudofaa vazirligi avvalroq Kiyevning ittifoqchilari bilan «Ukrainaning jang maydonidagi shoshilinch ehtiyojlarini qondirish va Rossiya agressiyasidan himoyalanish ustida» ishlayotganini yozgan bo‘lsa, 25 sentabrdagi hujjatda gap «Ukraina urushda g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan yordamni taqdim etish haqida ketayotgani» aytiladi. 

Reuters: AQSh Kiyevga yana 8 mlrd dollarlik harbiy yordam tayyorlamoqda

Jo Bayden ma’muriyati 30 sentabrda AQShda moliyaviy yil tugagunga qadar Ukrainaga 5,6 milliard dollarlik harbiy yordamdan foydalanishga ruxsat berish uchun Kongress bilan shoshilinch muzokaralar olib bormoqda. Aytilishicha, Oq uy avvalroq tegishli so‘rov yuborgan, biroq paket mazmuni haqida ma’lumot berilmagan.

Bundan tashqari, 26 sentabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh yetakchisi Jo Bayden, vitse-prezident Kamala Harrisning Vashingtondagi uchrashuvi fonida Oq uy Kiyevga navbatdagi harbiy yordam paketini – 2,4 milliard dollar miqdorida e’lon qilishi kutilmoqda. Bular Bayden ma’muriyatiga Amerika kompaniyalaridan qurol sotib olish imkonini beruvchi Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi doirasida xaridlar bo‘ladi.

Agar ikkala tashabbus ham to‘g‘ri bo‘lsa, paketlar jami 8 milliard dollarni tashkil qiladi.

Mavzuga oid