Jahon | 09:40 / 27.09.2024
1763
2 daqiqa o‘qiladi

London Rossiyaning STG sektoriga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Britaniya Rossiyadan suyultirilgan gazni tashish bilan bog‘liq sanksiyalar ro‘yxatiga yana ikki kompaniya va beshta kemani qo‘shdi. Shu bilan birga, yangi huquqiy imkoniyatlardan foydalanildi, deya ko‘rsatdi London.

Foto: Getty Images

Britaniya Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksportiga qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi. 26 sentabr, payshanba kuni London Rossiya STGsini tashish bilan shug‘ullanuvchi beshta kema va ikki kompaniyani qora ro‘yxatga kiritdi. Britaniya hukumati to‘g‘ridan to‘g‘ri suyultirilgan gaz tashuvchi kemalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash uchun yangi qonuniy variantlardan foydalanayotganini aytdi.

Yangi choralar «Arktik SPG 2» loyihasiga qarshi qabul qilingan sanksiyalarni davom ettirmoqda

Londonda ta’kidlanganidek, yangi choralar Rossiyaning «Arktik SPG 2» suyultirilgan gaz yetkazib berish loyihasiga nisbatan ilgari qabul qilingan sanksiyalarga asoslanadi, ular Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan birgalikda joriy etilgan. «Bu loyiha keyinchalik ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘ldi», — deyiladi bayonotda. Yangi sanksiyalar «Rossiyada energiya ishlab chiqarish kelajagi uchun muhim bo‘lgan loyihalarga» qaratilgan, deb tushuntirdi Britaniya hukumati.

Sanksiyalar ro‘yxatiga White Fox Ship Management va Ocean Speedstar Solutions OPC kompaniyalari, shuningdek, Asya Energy, Pioneer, North Sky, SCF La Perouse va Nova Energy kemalari kiradi.

«Soyadagi flot»ga qarshi sanksiyalar

Sentyabr oyida Britaniya G‘arbning Rossiya neft eksportiga qo‘ygan cheklovlarini chetlab o‘tish uchun noqonuniy usullardan foydalanadigan «soyadagi flot» deb ataladigan 10 ta kemaga ham sanksiya qo‘ydi.

Rossiyaning «Arktik SPG 2» loyihasiga qarshi sanksiyalar sentabr boshida kengaytirilgan edi. Qora ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar Gotik Energy Shipping Co (Gotik) va Plio Energy Cargo Shipping OPC PVT LTD  (Plio Energy), shuningdek, loyiha tomonidan ishlab chiqarilgan suyultirilgan gazni eksport qilishga urinishlar bilan bog‘liq ikkita STG tankeri bo‘ldi.

Mavzuga oid