Jahon | 20:19 / 28.09.2024
1994
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Iroqdagi missiyasini 2025 yilda yakunlaydi

Vashington va Bog‘dod bir necha oy davom etgan muzokaralardan keyin koalitsiya qo‘shinlarini mamlakat hududidan olib chiqib ketish borasida kelishuvga erishdi.

Foto: Global Look Press/Capt. Robyn Haake

AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya Iroqdagi missiyasini bir yildan keyin yakunlaydi. Vashington va Bog‘dod bir necha oy davom etgan muzokaralardan keyin bu borada kelishuvga erishdi. Iroqdagi koalitsiya qo‘shinlarining missiyasi uzog‘i bilan 2025 yil sentabr oxirida yakunlanadi.

Amerikalik yuqori martabali vakilning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar ikki bosqichli o‘tish rejasini kelishib olgan. Birinchi bosqichda — 2025 yil sentabrga qadar «Iroqning ma’lum bazalaridagi» koalitsiya qo‘shinlari faoliyati to‘xtatiladi. Shu bilan birga, Suriyada IShIDga qarshi kurash davom etadi — ikkinchi bosqichda koalitsiya qo‘shinlariga Suriyada maxsus operatsiyalarni o‘tkazish uchun 2026 yil sentabrga qadar Iroq hududidan foydalanishga ruxsat beriladi.

IShIDga qarshi kurash koalitsiyasi 2014 yilda tuzilgan edi. AQSh va Iroq koalitsiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish bo‘yicha bir necha oydan beri muzokaralar o‘tkazib keladi. Qo‘shma Shtatlar IShIDga qarshi missiyasi doirasida Iroqda 2,5 mingga yaqin askarini ushlab turibdi. Ikki mamlakatning qo‘shma bayonotida keyinchalik qancha amerikalik harbiy xizmatchi qolishiga oydinlik kiritilmagan.

Amerika vakillari ham Iroqdagi AQSh kontingenti va bazalari sonining kelajagi to‘g‘risida ma’lumot bermagan. Iroq Mudofaa vazirligi avvalroq koalitsiya 2025 yil sentabrga qadar Bog‘dod va boshqa tumanlardagi bazalarini tark etishini ma’lum qilgandi.

Qo‘shma Shtatlar terrorizmga qarshi global urushning bir qismi sifatida 2003 yilda Saddam Husaynning diktatorlik rejimini ag‘darish uchun Iroqqa bostirib kirgan. Iroqqa qarshi qisqa muddatli urush bir necha haftadan so‘ng tugagan, ammo keyin yarim partizan nohukumat kuchlari bilan uzoq davom etgan qarama-qarshilik boshlangan.

Oxir-oqibat 2011 yilda AQSh o‘z qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqib ketgan, biroq 2014 yilda Iroqning katta qismi IShID deb ataladigan guruh tomonidan bosib olinganida xalqaro koalitsiya boshchiligida qaytishga majbur bo‘lgandi.

Mavzuga oid