Jahon | 20:38 / 29.09.2024
21998
9 daqiqa o‘qiladi

Hasan Nasrulloh o‘ldirildi. Usiz «Hizbulloh»ni nima kutmoqda?

Foto: AFP

Isroilliklarning shanbaga o‘tar kechasi yo‘llagan aviazarbasi oqibatida Hasan Nasrulloh halok bo‘lishi bilan «Hizbulloh» nafaqat o‘zining ko‘p yillik yetakchisidan, balki oyoqlari ostidagi zamindan ham mahrum bo‘ldi, deb hisoblamoqda ko‘plab tahlilchilar. BBC muxbiri Anastasiya Uspenskaya ayni vaqtda guruh ichida yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qildi

«U shunchaki ramz emas, u guruhning strategik va harbiy tafakkuri ortida turgan inson edi. Uning o‘limi jiddiy oqibatlarga ega bo‘lishi shubhasiz», — deydi bayrutlik sharhlovchi Zeyna Hodr.

Nasrullohning o‘limi ta’siri «Hizbulloh» bilan cheklanmaydi. Isroil va G‘arbdagi muxoliflari ham u Yaqin Sharq siyosatida favqulodda muhim figura bo‘lganini tan olishadi.

Nasrulloh «Hizbulloh»ga 32 yil mobaynida rahbarlik qilib kelgan, uning siyosati va harbiy strategiyasini belgilab bergan, Tehrondan ma’lum darajada avtonomiyani saqlab qolgan holda guruhni Eron yordamida mustahkamlagandi.

Boshqa vaqtda ham unga o‘rinbosar topish mushkul bo‘lardi, Isroil so‘nggi haftalarda amalga oshirgan amaliyotlar natijasida guruh ko‘plab yuqori martabali qo‘mondonlaridan ayrilgan va ichki xavfsizlik tizimiga sezilarli darajada putur yetkazgan sharoitda esa bu amalda imkonsiz.

«U tez o‘sayotgan tashkilotni birlashtirgan yelim bo‘lgandi», — deb hisoblaydi Karnegi institutining Yaqin Sharq markazi katta xodimi Mohanad Xagi Ali.

Uning fikricha, Nasrullohning o‘limi bilan vaziyat barcha darajalarda — guruhning o‘zidan tortib Eron homiyligi ostidagi butun Isroilga qarshi koalitsiyada ham o‘zgaradi.

«Hizbulloh»dagi ruhiyat sindirildi, ammo bu qancha vaqtga?

«Hizbulloh» — dunyodagi davlatniki bo‘lmagan eng qudratli armiya deb ham ataladi. Ko‘plab ekspertlar fikricha, ayni vaqtda uning eng katta muammosi — ruhiyatiga putur yetganidir. Foto: AFP

Hasan Nasrulloh «Hizbulloh»ga 1992 yilda, oldingi yetakchi, isroilliklar raketa zarbasiga yo‘liqqan Abbos Musaviyning o‘limidan keyin rahbar bo‘lgandi.

Musaviy ham o‘sha vaqtlarda almashtirib bo‘lmas yetakchi deb ko‘rilardi, lekin bunday tashkilotlar tizimida kun kelib rahbarlikni egallashi uchun yetishtiriladigan nomzodlarni oson topish mumkin.

Umuman olganda, odatda shunday bo‘ladi va «Hizbulloh» ham istasa-istamasa, yangi yetakchisi nomini e’lon qilishiga to‘g‘ri keladi. Uning birinchi qadami qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan guruh Nasrullohning o‘limidan qanchalik tez o‘ziga kelishiga bog‘liq.

Keyingi kunlarda «Hizbulloh» saflaridagi asosiy muammo to‘liq tushkunlikka tushish bo‘ladi, deb hisoblaydi ekspertlar.

Uzoq vaqt davomida o‘zining joylashuvini mohirlik bilan maxfiy tuta olgan Hasan Nasrullohning o‘ldirilishi Isroilning harbiy kuch va razvedka borasidagi mutlaqo ustunligini namoyish etdi.

Bayrutga yo‘llangan va uning o‘limi bilan yakunlangan zarbadan keyin «Hizbulloh» Isroil tomon bir necha bor raketa uchirdi, katta ehtimol bilan buni sinib qolmaganini ko‘rsatish uchun amalga oshirdi, ammo, tahlilchilar fikricha, guruhdagilar naqadar qattiq zarbaga uchraganini anglab turibdi.

«Bu keng ko‘lamli urush va Isroil bu imkoniyatdan tuzilma rahbariyatini yo‘q qilish hamda „Hizbulloh“ infratuzilmasini vayron qilish uchun foydalanmoqda», — deydi London iqtisodiyot maktabining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Favaz Gerges.

Uning fikricha, Hasan Nasrullohning o‘limidan keyin «Hizbulloh»ning mintaqadagi ta’siri kamayadi.

«Bu shoh va mot! Biz bosimni susaytirmaymiz, biz shimoliy chegara hududidan qochishga majbur bo‘lgan odamlarimizni uylariga qaytarishimiz lozim, biz shu yo‘nalishda harakatlanamiz. Ammo «Hizbulloh» ertami kechmi bu zarbadan o‘ziga kelishi mumkin va biz bunga tayyor turishimiz lozim», — deydi isroillik harbiylar orasidagi manba BBC rus xizmati bilan suhbatda.

Harbiy salohiyat va siyosiy kelajak

Hasan Nasrullohning o‘limi «Hizbulloh»ning harbiy salohiyatiga zarar yetkazishi dargumon.

Nasrullohning imkoniyatlari ko‘p jihatdan uning Erondagi shaxsiy aloqalari hamda eronlik homiylar nazaridagi obro‘siga bog‘liq edi.

Ammo Tehrondagilar uning o‘limi — Eronning Livandagi ta’sir doirasiga hamda umuman Yaqin Sharqdagi strategik pozitsiyasiga jiddiy zarba ekanini tushunadi.

Shu tufayli, Eron katta ehtimol bilan status-kvoni tiklash uchun o‘ziga bog‘liq barcha ishni qilishga shoshiladi, bu esa qurol-yarog‘ yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.

So‘nggi yillarda «Hizbulloh»ning livanliklar orasidagi obro‘si sezilarli darajada pasaydi, ammo uning tarafdorlari hamon yetarlicha topiladi. Foto: Anadolu

«Hizbulloh» — nafaqat radikal harbiylashgan guruh, balki 2005 yildan buyon Livan hukumati tarkibiga kiradigan siyosiy partiya bo‘lib, ayni vaqtda parlamentda 15 vakiliga ega.

2022 yilga qadar ittifoqchilar bilan koalitsiyada (jumladan, boshqa bir radikal partiya bo‘lmish «Amal» bilan) «Hizbulloh» parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etardi, ammo mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz fonida bu ustunlik boy berildi.

Shunga qaramay, uning mamlakatdagi siyosiy ta’siri hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Isroil va G‘arbdagilar fikricha, Livan mohiyatan radikallar qo‘lida garovda qolmoqda va livanlik ko‘plab siyosatchilar ham bu fikrga qo‘shiladi va ochiqchasiga «Hizbulloh»ni terrorchilik tashkiloti deb ataydi.

Livanliklar o‘rtasida 2019 yildan buyon o‘tkazilgan so‘rovlarda ham «Hizbulloh»ning harakatlaridan norozilar miqdori ortib borganini ko‘rsatadi — uni korrupsiya sxemalariga aloqadorlikda, aholini qo‘rquvda ushlab turishda hamda og‘ir iqtisodiy inqirozga befarqlik bilan qarashda ayblashadi.

Endi Livan hukumatidagi sunniylar va xristianlar zaiflashgan va sarosimaga tushgan «Hizbulloh»ni siyosatdan siqib chiqarishga harakat qilishi mumkin, ammo buning uchun qanday mexanizmlar borligi hozircha noma’lum.

Ehtimoliy voris

Hoshim Safiuddin «Hizbulloh»ning yuqori martabali a’zosi Fuad Shukrning dafn marosimida, u joriy yil avgustida Isroil aviatsiyasi zarbasi qurboni bo‘lgandi. Foto: AFP

«Hizbulloh»ning yangi yetakchisi nafaqat tashkilot ichidagi barcha darajalarda, balki Erondagi hamkorlar tomonidan ham ma’qullanishi kerak bo‘ladi.

Ko‘plab ekspertlar Nasrullohning o‘rnini egallashi ehtimoli yuqori bo‘lgan nomzod sifatida Hoshim Safiuddinni keltirishmoqda.

«Hizbulloh»ga yaqin bo‘lgan manbalarga ko‘ra, u ham juma kungi zarba berilgan hududda bo‘lgan va omon qolgan.

Hozircha u Isroil zarbasi vaqtida Nasrulloh bilan birga shtab-kvartirada bo‘lgani yoki zarbaga uchragan boshqa bir inshootda bo‘lgani aniq emas.

Safiuddin — Hasan Nasrullohning amakivachchasi hisoblanadi. U «Hizbulloh»ning siyosiy qanotini boshqargan va guruhning «Jihod kengashi» a’zosi bo‘lgan.

2017 yilda AQSh Davlat departamenti Safiuddinni qidiruvdagi terrorchilar ro‘yxatiga kiritgandi.

U bir necha bor Isroilga eskalatsiya bilan tahdid qilib, dushmanlarni «yig‘lash va ko‘z yosh to‘kishga tayyor turish»ga chaqirgandi.

Mavzuga oid