O‘zbekiston | 13:10 / 30.09.2024
5700
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha jahon darajasidan tezroq ko‘tarilmoqda

Iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi bir necha o‘n yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv ta’minoti darajasi ikki barobarga kamaydi.

Foto: TIV

Iordaniyaning Ammon News gazetasida "O‘zbekiston TIV rahbari: Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hamjihat" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Nashrda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida nutq so‘zlagani ma’lum qilingan.

"Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha jahon darajasidan tezroq ko‘tarilmoqda. Bu oziq-ovqat va energiya xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi", – deyiladi maqolada.

O‘zbekiston vaziri aytishicha, iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi bir necha o‘n yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv ta’minoti darajasi ikki barobarga kamaydi.

Orol dengizi halokati mintaqadagi barcha davlatlarning ekotizimlariga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. "Biz xalqaro donor hamjamiyatni Orolbo‘yida ushbu ofatning halokatli oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga chaqiramiz", - deya O‘zbekiston TIV rahbari fikrlaridan iqtibos keltirgan manba.

Materialda BMT tomonidan Orol dengizi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilingani ta’kidlangan. 

"Shuningdek, ma’ruzada O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi shu kabi muammolarga duch kelayotgan boshqa mamlakatlarga ham foyda keltirishi mumkinligi qayd etildi", – deb yozilgan Ammon News gazetasi tarqatgan maqolada. 

Mavzuga oid