Jahon | 11:45 / 06.10.2024
12813
20 daqiqa o‘qiladi

“Atirgul inqilobi”dan hibsxonagacha – Mixail Saakashvili kim edi?

2003 yil noyabrda Gruziyada “atirgul inqilobi” ro‘y berib, SSSRda katta nufuz qozongan, yuqori davralarda “kulrang tulki” laqabi bilan tanilgan Eduard Shevardnadze iste’foga chiqqan va muxolifatchi Saakashvili rahbariyatga kelgandi. U xalqni keskin islohotlarga zaruratiga ishontira oldi va sanoqli yillar ichida Gruziyani qoloq davlatlar qatoridan olib chiqa oldi.

Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili haqida rus propagandasi sabab possovet makonida ko‘pchilik salbiy tasavvur ega, aslida-chi? Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal ismi doim islohot degan so‘z bilan yonma-yon ishlatiladigan Saakashvilining hayot yo‘li bilan tanishtiradi.

G‘arb ta’limi mahsuli

Mixail Saakashvili 1967 yil poytaxt Tbilisida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Otasi – Nikoloz Saakashvili asli arman millatiga mansub shifokor. Onasi – Giuli Alasaniya esa professor-tarixchi, turkolog. Turli xil kelishmovchiliklar ortidan ota-onasi hali u tug‘ilmasidanoq ajrashib ketadi. Bolaning tarbiyasida o‘gay otasi – professor-psixolog Zurab Kometani va tog‘asi, SSSR KGB sobiq polkovnigi Temur Alasaniya muhim rol o‘ynaydi.

Mixail Saakashvili

Yaqinlari yoshligidanoq Mixailning ta’lim olishiga alohida e’tibor berishadi. Onasi o‘g‘lining chet tillarini o‘rganishi uchun alohida repetitor ham yollaydi. Shu sababli Mixail gruzin tilidan tashqari ingliz, fransuz, rus, ukrain va ispan tillarida gaplasha oladi.

Saakashvilining shaxs sifatida shakllanishida Gruziya faqat tavallud maskani sifatidagina tilga olinadi. Bo‘lajak prezidentning talabalik yillari xorijda o‘tgan, dastlabki jiddiy ish faoliyati ham Gruziyadan tashqarida boshlangan.

Mixail dastlab Kiyevda xalqaro huquq bo‘yicha tahsil ola boshlaydi. Keyinchalik AQSh Davlat departamenti stipendiyasi sohibi sifatida nufuzli Kolumbiya universitetida magistrlik ilmiy darajasini, Jorj Vashington universitetida esa doktorlik ishini muaffaqiyatli himoya qiladi.

Saakashvilining talabalik yillari

U Oslodagi Norvegiya Inson huquqlari institutida, keyinchalik Nyu-Yorkdagi advokatlik firmalarida ishlaydi. Bu yerda Mixail MDHdagi Amerika neft va gaz loyihalarini huquqiy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Bu tajribalar unga xalqaro maydonda qanday ishlashni, diplomatik muzokaralar olib borishni va xalqaro huquqni amaliyotga tatbiq etishni o‘rgatadi.

Yosh islohotchi

1995 yili Saakashvili o‘sha paytdagi Gruziya prezidenti Eduard Shevernadzening taklifi bilan vataniga qaytadi. Iqtidorli yosh siyosatchi shiddat bilan martaba pillapoyalaridan ko‘tarila boshlaydi. Saakashvili shu yilning o‘zida Gruziya parlamenti deputatligiga saylandi. 1996 yilda esa qonun chiqaruvchi idoraning Konstitutsiya va qonunchilik masalalari qo‘mitasi raisi etib tayinlanadi. U bu paytda endigina 28 yoshda edi. Bir necha xorijiy tillarni biladigan, chet eldagi nufuzli universitetlarda tahsil olgan tbilisilik yigit ko‘pchilik e’tiboriga tushadi.

Mixail Saakashvili, Zurab Jvaniya, Nino Burdjanadze va Eduard Shevardnadze

2000 yilda Saakashvili adliya vaziri etib tayinlanadi, lekin bu lavozimda ko‘p vaqt ishlamaydi. Vazirlikka kelishi bilanoq bir qator jiddiy takliflarni ilgari suradi. Xususan, mansabdor shaxslar uchun majburiy narkologik tekshiruv joriy etishga harakat qilib, o‘zi birinchilardan bo‘lib tahlil uchun qon topshiradi. Davlat xizmatchilari mol-mulkining kelib chiqishi qonuniyligini isbotlay olmasa, ularni musodara qilishni taklif etadi. Shuningdek, barcha chechen separatistlarini mamlakatdan chiqarib yuborish kerakligini yoqlab chiqadi.

2001 yilning sentabrida Saakashvili Shevernadze hukumatini poraxo‘rlik va korrupsiyada ayblab, vazir lavozimidan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqadi. O‘sha paytda ko‘pchilik Mishaning “yoshlik va tajribasizlik” qilgani haqida gapira boshladi, ammo Saakashvili ancha uzoqni ko‘zlab ish tutgandi. Ko‘p o‘tmay u “Milliy harakat” deb nomlanuvchi muxolif siyosiy tashkilot tuzadi. Jamiyatda katta obro‘ va hurmat qozonib borayotgan Mixailga ergashuvchilar ko‘p edi. Tez fursatda tashkilot a’zolari soni 20 ming kishiga yetadi. 2002 yilda janjalkash siyosatchi Tbilisi qonunchilik assambleyasi raisligiga keladi.

“Atirgul inqilobi” va prezidentlik tomon yo‘l

2003 yilning oktyabr oyida Gruziyada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi prezident Eduard Shevardnadze va uning ittifoqchilari g‘alaba qozondi. Ammo e’lon qilingan natijalar xalqaro kuzatuvchilar va muxolifat tomonidan tan olinmaydi. Saylovning soxtalashtirilganidan norozi bo‘lgan “Milliy harakat” partiyasi rahbari Mixail Saakashvili va Nino Burjanadze boshchiligida mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanadi. Tarixda bu “Atirgul inqilobi” deb nomlanadi.

Muxolif siyosatchi Mixail Saakashvili Atirgullar inqilobi vaqtida Tbilisidagi Gruziya parlamenti binosi yonida, 2003 yilning 22 noyabr kuni.
Foto: Gleb Garanich/Reuters

Noyabr oyining o‘rtalariga kelib, Gruziya poytaxti Tbilisida ommaviy namoyishlar boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu namoyishlar mamlakatning boshqa shaharlariga tarqaldi. 2003 yilning 22 noyabrida muxolifat tarafdorlari parlament binosini egallab olib, Shevardnadzening iste’foga chiqishini talab qiladi.

23 noyabr kuni Gruziya prezidenti Shevardnadze va muxolifat liderlari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tadi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Igor Ivanov vositachiligida o‘tgan muzokaralardan keyin Shevardnadze o‘zining iste’foga chiqqanini e’lon qiladi. Prezidentlik vazifasini vaqtincha Nino Burjanadze o‘z qo‘liga oladi. Shunday qilib, “Atirgul inqilobi” natijasida Gruziyada qon to‘kmasdan hokimiyat almashinuvi amalga oshadi. 2004 yilning yanvar oyida prezidentlik saylovida Mixail Saakashvili 96 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonib, hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi.

Mixail Saakashvili Tbilisidagi Ozodlik maydonida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bushni kutib olyapti, 2005 yil may oyi.

Saakashvilini gruzinlar nega yaxshi ko‘radi?

Saakashviliga meros bo‘lib qolgan mamlakatni rivojlangan davlat deyish qiyin edi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Gruziya yalpi ichki mahsuloti 44 foizga kamayib ketgan, giperinflatsiya yiliga 9 000 foizgacha yetadi.

Mamlakatda soliq yig‘ishning iloji yo‘q edi, hukumat xavfsizlikni ta’minlash, qonun va tartibni saqlash kabi asosiy funksiyalarni bajarmasdi. Bundan tashqari, Gruziya amalda uyushgan jinoyatchilar nazorati ostida edi. Odamlar o‘zlarining kelishmovchiliklarini hal qilish uchun sudlar o‘rniga “qonundagi o‘g‘rilar” deb nomlangan jinoiy avtoritetlarga murojaat qilishardi. Kichik korrupsiya oddiy gruzinlarning kundalik hayotida yo‘l politsiyasidan tortib, to yuqori elitagacha, har bir bo‘g‘inda uchrardi.

AQShda ta’lim olgan va bir qancha xorijiy tillarni yaxshi biladigan Saakashvili o‘z atrofiga liberal yosh mutaxassislar jamoasini to‘plab, islohotlarga kirishadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash. Aksariyat possovet mamlakatlarida bo‘lgani kabi, Gruziyada ham siyosiy qadriyatlar tizimi davlat mulkini o‘g‘irlashning yomon joyi yo‘q, degan zehniyatga asoslanar edi. Ilk qadam sifatida yuqori lavozimlarda ishlovchi aksariyat mansabdorlar korrupsiya borasida tajribasi yo‘q ishtiyoqmand yoshlar bilan almashtiriladi.

Davlat tashkilotlari tugatilib, agar ularni saqlash lozim deb topilsa, qaytadan tashkil etila boshlanadi. Bunda barcha xodimlar to‘liq ishdan bo‘shatiladi va tashkilot noldan yangi funksional majburiyatlar, yangi tuzilma va yangi odamlar bilan qayta tuziladi. Eng yorqin misol – yo‘l politsiyasi edi. Xizmat butunlay bekor qilindi va ikki oy ichida noldan Amerika tipidagi patrul politsiyasi yaratildi. Dastlabki oylarda mediada yangi “yo‘l politsiyasi”ning pora olayotgani aks etgan, yashirin kamerada olingan suratlar ko‘payib ketadi. Qo‘lga olingan politsiyachilar 50 dollar pora evaziga ham 10 yilga qamala boshlaydi. Bu pora olmaslik kerak degan tushuncha paydo bo‘lguncha davom etadi. Natijada aholining politsiyaga ishonch darajasi 2003 yildagi 5 foizdan 2010 yilda 84 foizgacha oshadi. Bu turizmning sezilarli darajada o‘sishiga ham ta’sir qiladi.

Shu tariqa, davlat xizmatchilari ish haqining keskin ravishda oshirib borilishi va korrupsiya uchun jazoning kuchaytirilishi “kundalik” poraxo‘rlikni amalda yo‘q qiladi. Oyliklar pora olmasdan ham yashasa bo‘ladigan darajaga olib chiqiladi. Mamlakatda hech bir davlatda bo‘lmagan “kriminal avtoritetlar va reket” to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. Shu asnoda Gruziyada 300 dan ortiq kriminal avtoritet qo‘lga olinadi.

Ta’lim. Ta’lim sohasidagi islohotning asosiy g‘oyasiga binoan, davlat tomonidan ajratilayotgan pul maktabga emas, o‘quvchilarga beriladigan bo‘ladi. Dastlabki bosqichda alohida shaxslarga ta’lim vaucherlari tarqatiladi, bu maktablarga beriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri subsidiyalarning o‘rnini bosadi. O‘quvchilar va ota-onalar maktabni erkin tanlaydigan bo‘ladi. Ta’lim muassasalari o‘quvchilardan olgan vaucherlarni naqd pulga aylantirishi mumkin edi. Bu esa maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirdi, xususiy maktablar ochilishi keskin ortishiga sabab bo‘ldi.

Energetika. Saakashviligacha elektr energiyasi ta’minoti poytaxtda bir kunda bir necha soatgina, viloyatlarda esa bundan ham kam berilar, davlat korxonalarining ham tashqi, ham ichki qarzdorligi haddan ziyod ortib ketgan edi. Tizim nihoyatda korrupsiyalashgan, lekin jinoyatchilarning tanobini tortib qo‘yishning deyarli imkoni bo‘lmagan. Elektr energiyasi taqsimoti bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar rahbarlari mablag‘larning o‘g‘irlanish holatlarini “tijorat yo‘qotishi” sifatida hisobdan chiqarib yuboravergan.

Saakashvili hukumati energetika sohasida mustaqil regulyator organni tashkil etadi. Bu organ sohani nazorat qilish va boshqarish, tariflarni belgilash, raqobatni rivojlantirish va korrupsiyaning oldini olish bilan shug‘ullandi. Yetkazib berilgan elektr uchun haq to‘langaniga ishonch hosil qilish uchun hukumat to‘lov yig‘imlari darajasini sektor samaradorligining yagona ko‘rsatkichi deb e’lon qiladi. Bundan tashqari, ular mamlakatdagi eng yirik UDC distribyutorlik kompaniyasini bir qancha mintaqaviy klasterlarga bo‘lib yubordi. Shu tariqa Tbilisi sveti o‘chmaydigan, ko‘chalari charog‘on shaharga aylantiriladi.

Soliq islohoti va ijtimoiy himoya tizimi. Radikal soliq islohoti Gruziyada amalga oshirilgan eng muvaffaqiyatli islohotdan biri bo‘ladi. Soliq stavkalari nisbatan yuqori, yashirin iqtisodiyotning ulushi katta bo‘lgan mamlakatda biznesni “soya”dan chiqarishning eng yaxshi yo‘li soliqlarni pasaytirish deb topildi. Bu tavakkal va dadil qadam edi, chunki iqtisodiyotning ko‘lankadan chiqishiga, shuning hisobiga budjet daromadlari oshishiga hech kim kafolat bera olmasdi.

Soliqlar 2 marta: dastlab 2004 yilda, so‘ngra 2008 yil, Rossiya bilan urushdan keyin kamaytiriladi. Natijada Gruziyada chet el investitsiyalarini jalb qilish oshadi, YaIM o‘sishi tezlashadi, shuningdek, aholi uchun yangi va ko‘proq maosh to‘laydigan ish o‘rinlari yaratiladi. Soliqlar miqdori kamaytirilib, ularning turi 22 tadan 7 taga qisqartirilgan bo‘lsa-da, davlat budjetiga tushumlar miqdori karrasiga oshadi.

Ijtimoiy himoya doirasidagi islohotlar esa subsidiya va naqd pulsiz imtiyozlarni bekor qilishdan boshlanadi. Buning o‘rniga eng kam daromadli va ehtiyojmand kishilar aniqlanib, ularga naqd pul ko‘rinishida yordam ko‘rsatish yo‘liga o‘tildi. Pulni qanday sarflash ehtiyojmandlarning o‘ziga qo‘yib beriladi. Naqd pulsiz dotatsiyalar yoki soliq imtiyozlari boylarni yanada boy qilishi, ammo kambag‘allarga nafi tegmasligi e’tirof etiladi.

Saakashvili hukumatining iqtisodiy islohotlari natijasida 2003 yildan 2013 yilgacha Gruziya iqtisodiyoti 70 foizga o‘sadi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa qariyb uch barobar oshadi. Qilingan o‘zgarishlar natijasida 2007 yilda Gruziya YaIMning o‘sish sur’ati mamlakat uchun rekord daraja – 12 foizni tashkil etadi.

Rossiya–Gruziya urushi

Rossiyaning ehtimoliy tajovuzidan himoyalanish va Gruziyaning G‘arb hamjamiyatiga integratsiyalashuvini ta’minlash uchun Saakashvili NATO va AQSh bilan xavfsizlik bo‘yicha aloqalarni kengaytirishga harakat qila boshlaydi. U Gruziya qo‘shinlarini Afg‘oniston va Iroqda AQSh boshchiligidagi koalitsiya tarkibida jo‘natadi va ma’lum vaqtdan keyin Gruziya Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda NATOga kirmaydigan eng yirik ishtirokchiga aylanadi.

Mixail Saakashvili Vladimir Putin bilan, 2007 yil Sankt-Peterburg

Gruziyaning NATO davlatlari, xususan, AQSh bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligi juda faol rivojlana boshladi. Hattoki, 2008 yilning yanvar oyida mamlakatda NATOga qo‘shilish masalasida referendum o‘tkaziladi va unda qatnashganlarning 77 foizi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Saakashvili prezidentligi davrida Gruziya harbiy budjetining o‘sishi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatadi.

Saakashvili NATO shtab-kvartirasida

Bu voqealardan qattiq tashvishga tushgan Rossiya rasmiy Tbilisiga bo‘ysunishni xohlamagan hududlar – Janubiy Osetiya va Abxaziya aholisiga Rossiya pasportlarini berishni soddalashtiradi va tezlashtira boshlaydi. Saakashvili hududiy mojarolar sabab NATOga qo‘shila olmasligini bilar, shu sabab avvalo Abxaziya va Janubiy Osetiya muammosini hal qilishi kerak edi. Afsuski, qiziqqon Saakashvili buni tinch yo‘l bilan emas, harbiy kuch bilan amalga oshirishga urinadi.

2008 yil yozda Gruziya va Janubiy Osetiya o‘rtasidagi chegarada tez-tez qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘la boshlaydi. Berilayotgan bayonotlarda har ikki taraf ham bir-birini ayblaydi.

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili va mudofaa vaziri David Kezerashvili Tsxinval yaqinida qo‘shinlarni inspeksiya qilish vaqtida, 2008 yilning 10 avgust kuni.

Harbiy harakatlar rasman 2008 yil 8 avgust kuni Gruziya qo‘shinlarining Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvalini o‘qqa tutishidan boshlanadi. Xuddi shuni kutib turgan Rossiya “tinchlik o‘rnatish operatsiyasini”ni e’lon qilib, shu kunning o‘zidayoq mojaroga qo‘shiladi. Bu Yevropa qit’asida 21-asrda sodir bo‘lgan birinchi urush edi. Aktiv harbiy harakatlar 5 kun davom etadi. Rossiya qo‘shini gruzin armiyasini tor-mor etadi. Keyinchalik Rossiyaning o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Janubiy Osetiya va Abxaziyani tan olishi ikki tomonlama diplomatik aloqalarning butunlay uzilishiga olib keladi.

Saakashvilini yiqitgan “Gruziya orzusi”

Gruziya iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotganiga qaramay, mamlakatda yangi hukumat siyosatidan jabr ko‘rgan oligarxiya va muxolifatning liberal fikrli qismi tomonidan Saakashvilining harakatlariga nisbatan norozilik kuchaydi. Mutaxassislar va huquq himoyachilari ta’kidlagan asosiy muammolardan biri – sud hokimiyatining mustaqil emasligi edi. Bu Gruziya qamoqxonalarining mahbuslar bilan gavjumlashishiga olib keladi.

Saakashvili hukumati bilan bog‘liq yirik janjallardan biri 2006 yilda, bank xodimi Sandro Girgviliani restoranda Ichki ishlar vazirligining yuqori martabali amaldorlari bilan janjallashib qolganidan keyin, o‘lik holda topilgani ortidan boshlandi. Qotillikda aybdor deb topilgan huquq-tartibot idoralari xodimlari tez orada amnistiya akti bilan ozod etiladi.

2007 yil noyabr oyida rasmiylar Rossiyaning Gruziya ichki ishlariga aralashuvini bahona qilib, minglab muxolifatchilar namoyishini zo‘ravonlik bilan tarqatib yuboradi. Aynan ushbu voqea Saakashvilining demokratik qadriyatlarga sodiqligi borasida shubhalarni kuchaytiradi.

Saakashvili 2008 yildagi saylovda ham g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, oldingi natijasiga nisbatan ancha kam, bor-yo‘g‘i 52 foiz ovoz to‘plashga erishadi. Janubiy Osetiyadagi qurolli mojaro uning mamlakatdagi mavqeyini jiddiy obro‘sizlantiradi.

Tbilisida Gruziya prezidenti Mixail Saakashvilining iste’fosini talab qilgan muxolifat mitingi, 2009 yil

2010 yilda G‘arbning Saakashviliga bo‘lgan ishonchi jiddiy sinovdan o‘tadi. U qonun bo‘yicha uchinchi muddatga prezidentlikka saylana olmasdi, shu sababdan mamlakatni prezidentlik respublikasidan parlament respublikasiga aylantirishni nazarda tutuvchi referendum uyushtiradi. Hukumatga qarshi namoyishlar to‘xtamaydi. 2012 yilda to‘qqiz yillik hokimiyatdan so‘ng, Saakashvilining partiyasi rusparast biznesmen Bidzin Ivanishvilining “Gruziya orzusi” koalitsiyasiga yutqazadi.

Bidzin Ivanishvili

Ivanishvilining kaolitsiyasi birinchi kundanoq repressiyani boshlaydi va darhol Saakashvili va uning jamoasini ta’qib qilishga o‘tadi. Ta’qiblardan qo‘rqqan Saakashvili Gruziyani tark etadi, mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochiladi. 2015 yilda siyosatchi Gruziya fuqaroligidan voz kechganini e’lon qiladi.

Janjalkash Saakashvili

2014 yilda Ukrainada hokimiyat almashishiga olib kelgan inqilob sodir bo‘ladi. Rusparast yetakchi Viktor Yanukovich mamlakatdan qochib ketadi va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyaga erishishga va’da bergan Pyotr Poroshenko prezidentlikka keladi. Saakashvili va Poroshenko eski tanishlar edi. Mixailning g‘arbparast islohotchi sifatidagi obro‘si uni Ukraina siyosatiga jalb qilishning asosiy omiliga aylanadi.

Pyotr Poroshenko va Mixail Saakashvili. Foto: Nikolay Lazarenko, Kommersant

Poroshenko farmoni bilan Saakashviliga Ukraina fuqaroligi beriladi. U dastlab prezident maslahatchisi bo‘lib, korrupsiyaga qarshi keskin chiqishlar qiladi. Masalan, Saakashvilining hujumiga uchragan mamlakat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk keyinchalik iste’foga chiqariladi.

Keyin Saakashviliga Odessa viloyati gubernatorligi ishonib topshirildi. Bu lavozimda Misha o‘zini Ukrainaga olib kelgan Poroshenkoni ham ayamay tanqid qila boshlaydi. Uni gubernatorlikdan chetlatishgach, prezident Poroshenkoning impichmentini talab qilib, norozilik aksiyalarida faollik ko‘rsatadi. “Pichoq suyakka qadalgach”, Poroshenko Saakashviliga o‘zi bergan Ukraina fuqaroligini bekor qildiradi.

Mixail Saakashvilining Kiyevdagi kvartirasida o‘tkazilgan tintuvlar davomida qo‘lga olinishi, 2017 yilning 5 dekabr kuni.
Foto: Yevgeniy Maloletka / AR

2021 yilning oktyabrida, bir necha yillik qochqinlikdan so‘ng, Saakashvili Gruziyaga yashirincha qaytadi. U bu qarorni mamlakatda bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar oldidan qabul qiladi va siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga intiladi. Biroq uning qaytishi darhol e’lon qilinadi va Gruziya hukumati tomonidan hibsga olinadi.

Ayni paytda u to‘qqiz yillik qamoq jazosini o‘tayapti. Sobiq prezident budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, hokimiyatni suiiste’mol qilish, 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining shafqatsizlarcha kaltaklanishini tashkil qilish va 2008 yilda qotillikda ayblangan Gurjiston Ichki ishlar vazirligining to‘rt nafar yuqori martabali amaldoriga bergan amnistiyasi uchun aybdor deb topilgan. Norozilik belgisi sifatida Saakashvili qamoqxonada ko‘p marotaba ochlik e’lon qildi. Uning sog‘lig‘i bir necha bor og‘ir deb tan olindi va 2022 yildan beri xususiy klinikada hibsda saqlanyapti.

56 yoshli Saakashvili o‘zini “Putinning mahbusi” deb ataydi va qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy motivga ega ta’qib deb hisoblaydi.

Mavzuga oid