Isroil Livan janubidagi quruqlik amaliyotini kengaytirdi
TsAHAL «Hizbulloh»ning Eron qurollari uchun mas’ul qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qildi.
Isroil mudofaa armiyasi Janubiy Livanning g‘arbiy qismida ham «Hizbulloh»ga qarshi cheklangan amaliyot boshlangani haqida e’lon qildi.
TsAHALning ushbu guruhga qarshi quruqlik amaliyoti 30 sentabr kuni boshlangan va harbiy harakatlar asosan Livan-Isroil chegarasining sharqiy qismida kechayotgandi.
Isroillik harbiylar Livanning janubiy hududlaridagi jangovar amaliyotlarda zaxiradagi diviziya ishtirok etayotgani haqida ham ilk bor xabar bergan. Ushbu tuzilma qo‘shni davlat hududiga oldinroq kirgan boshqa diviziyalarga qo‘shilgan.
Shuningdek, TsAHAL Bayrut hududiga 7 oktyabr kuni yo‘llangan zarbalar natijasida «Hizbulloh» qo‘mondonlaridan biri Suhayl Husayn Husayniy o‘ldirilganini ma’lum qilgan.
Isroil mudofaa armiyasi hisoblashicha, Husayniy «Hizbulloh» uchun Erondan qurollar olib kelinishida muhim rol o‘ynagan. TsAHALning tasdiqlashicha, Husayniy «Eron va „Hizbulloh“ o‘rtasidagi harbiy texnikalarni topshirish bo‘yicha kelishuvda ishtirok etgan va „Hizbulloh“ning turli bo‘linmalariga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan harbiy jihozlarni tarqatish uchun mas’ul bo‘lgan».
«Hizbulloh»ning o‘zi hozircha uning o‘limini tasdiqlamadi.
Bir kun oldin Livan nashrlari Bayrutning janubiy chekkalari bo‘ylab kamida 10 bor aviazarba yo‘llanganini ma’lum qilgandi — Dahiya nomini olgan mazkur hudud «Hizbulloh»ning tayanchi sanaladi.
Isroil shimolida tun bo‘yi havo hujumidan mudofaa tizimlarining raketa hujumi xavfi to‘g‘risidagi sirenalari chalinib turdi, bir qancha shaharlarda harbiy hududlar yopilgani e’lon qilindi.
«Hizbulloh» tunda Isroil shimolidagi Dishon va Daltonda artilleriya pozitsiyalarini o‘qqa tutganini ma’lum qilgan. Shuningdek, guruh mamlakat shimolida, Livan chegarasi yaqinidagi Yiron kibutsida «dushmanning to‘planib turgan kuchlari» ustiga raketa zarbasi berganini bildirgan.
Avvalroq guruh Tel-Aviv shahri chekkalariga raketa zarbasi yo‘llangani haqida xabar qilgandi, Isroil hukumati esa dushanba kuni kechqurun «Hizbulloh» 190 ta raketa uchirganini ma’lum qilgan.
Isroil Livanda «Hizbulloh»ning tayanch punktlari bo‘ylab faollik bilan zarba bera boshlagan 23 sentabrdan buyon 1400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Xabar qilishlaricha, Livanda 1,2 mln kishi o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan, shundan 400 mingga yaqini mamlakat hududini tark etib, qo‘shni Suriyaga o‘tgan (ularning 300 mingga yaqini Suriya fuqarolaridir).
Isroil hukumati Livandagi amaliyot mamlakat shimolidagi hududlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ma’lum qilgan, bu hududlar G‘azodagi urush boshlanganidan keyin «Hizbulloh» tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutib kelinadi.
Otishmalar tufayli 60 mingdan 110 minggacha bo‘lgan isroillik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Mavzuga oid
15:12
O‘zbekiston elchisi Isroil tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024