Jahon | 20:59 / 13.10.2024
5668
3 daqiqa o‘qiladi

Charlz III Avstraliyaning respublikaga aylanishiga qarshi emasligini bildirdi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III 18 oktyabr kuni Avstraliyaga olti kunlik rasmiy tashrifni amalga oshiradi va u mazkur materikka borgan birinchi britan monarxi bo‘ladi.

Foto: PA/John Stillwell

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III agarda Avstraliya respublika bo‘lishni xohlasa, unga xalaqit qilmaslikka va’da berdi. Bu haqda qirolning shaxsiy kotibi yordamchisi Natan Rossning Avstraliya respublikachilar harakatiga (ARM) yo‘llagan maktubiga tayanib, The Telegraph xabar berdi.

Hujjatda monarxning ushbu mamlakatga bo‘lgan «ulkan muhabbati va sodiqligi» hamda avstraliyaliklarning qarashlari «inobatga olingani» haqida so‘z boradi.

Qirol Charlz III 18 oktyabr kuni Avstraliyaga olti kunlik rasmiy tashrifni amalga oshiradi va u mazkur materikka borgan birinchi britan monarxi bo‘ladi.

Tashrif avvalida ARM faollari unga maktub orqali murojaat yo‘lladi. Ular qirol bilan uchrashib, mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni muhokama qilish masalasini ko‘targan. Qirol xushmuomalalik bilan uchrashuvni rad etgan, biroq «mamlakatning respublikaga aylanishini Avstraliya jamiyati hal etishi kerakligini» ta’kidlagan.

«Ushbu tashrif Yelizaveta II ning o‘limidan keyin qirolning monarx sifatidagi obro‘si uchun muhim sinov bo‘ladi. Chunki avstraliyaliklar kayfiyati respublikaga aylanish yo‘lida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tomon og‘moqda», — deyiladi xabarda.

ARM «davlat rahbari avstraliyalik bo‘ladigan Avstraliya respublikasi uchun xalq nomidan gapirayotgan asosiy organ ekanliklarini» ma’lum qilmoqda. Gazetalarning yozishicha, hatto referendum o‘tkazish ham Avstraliyani respublikaga aylantira olmaydi.

«Avstraliyada referendum o‘tkazish uchun ikkita to‘siqni yengib o‘tish kerak. Birinchisi — avstraliyaliklarning 50 foizdan ortig‘i «ha» deya ovoz berishi lozim, ikkinchisi — u aksariyat shtatlar qo‘llab-quvvatlovini olishi kerak. Agar uchta shtat referendum o‘tkazish tarafida bo‘lib, uchtasi unga qarshi bo‘lsa, ovoz berganlar soni 50 foizdan oshgan taqdirda ham referendum barbod bo‘ladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

2023 yil 6 may kuni Vestminster abbatligida Charlz III ga Buyuk Britaniya va Hamdo‘stlikning boshqa davlatlari qiroli sifatida toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Natijada, 2022 yil 8 sentabrda rasman taxtga o‘tirgan Charlz III davlat boshlig‘i bo‘lgan hamda mamlakat qonunlarini va o‘zi oliy hukmdori sanaluvchi Anglikan cherkovini himoya qilishga qasamyod keltirgan.

Mavzuga oid