Ukraina tunda Rossiyaning 68 ta dronidan 31 tasini urib tushirdi
13 oktyabrga o‘tar kechasi 31 ta dron urib tushirildi, yana 36 tasi Ukraina hududida «REK faol qarshiligi natijasida» yo‘qotildi, deya xabar beradi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari.
13 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina hududi uzra Rossiyaning 31 ta uchuvchisiz uchog‘i urib tushirildi. Ukrainaning turli mintaqalarida yana 36 ta UUA yo‘qotilgan, bu «ehtimol REK faol qarshilik ko‘rsatishi natijasidir». Bu haqda 13 oktyabr, yakshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Rossiya tungi hujumda jami 68 ta hujumkor UUAdan foydalangan.
Shuningdek, xabardan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya armiyasi Ukrainaning Poltava va Odessa oblastlari hududiga ikkita «Iskander-M» ballistik raketasi bilan hamda Chernihiv va Sumi oblastlariga X-59 raketalari bilan zarbalar bergan.
RFning Odessaga zarbasida kamida olti kishi halok bo‘ldi
Rossiyaning 9 oktyabr kuni kechqurun Odessa porti infratuzilmasiga ballistik raketalar bilan uyushtirgan hujumi natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Yana 11 kishi yaralangan, ulardan yetti nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda oblast harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Kiper Telegramʼda ma’lum qildi va qurbonlarning barchasi Ukraina fuqarolari ekanligini aniqlashtirdi.
Kiperning ta’kidlashicha, zarba Panama bayrog‘i ostidagi fuqarolik konteyner tashuvchi Shui Spirit kemasiga berilgan. «Bu so‘nggi to‘rt kun ichida fuqarolik kemasiga uyushtirilgan uchinchi hujumdir, makkor dushman Ukraina don yo‘lagi ishiga xalaqit bermoqchi, tinch aholini o‘ldirmoqda va infratuzilmani vayron qilmoqda», - deb yozdi OHM rahbari.
O‘z navbatida, Odessa oblasti prokuraturasi hujum natijalariga ko‘ra urush qonunlari va odatlarini buzganlik bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini ma’lum qildi. «Tekshiruv davom etmoqda, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yakuniy soni, shuningdek vayronagarchilik va zararning to‘liq ro‘yxati aniqlanmoqda», — deyiladi idora xabarida.
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024