Jamiyat | 18:08 / 17.10.2024
10869
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik 6,5 yil qamoq va qariyb 7 mlrd so‘mga tushdi

Yangi Namangan tumanida yashovchi erkak uyiga tutash qabristondagi XVI-XVII asrlarga oid qabrlarni buzib tashlagani uchun ozodlikdan mahrum etildi. Ushbu qabriston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan bo‘lgan. Obektga 6 mlrd 970 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Foto: RIA Novosti

Namanganda arxeologiya yodgorligiga zarar yetkazgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, Yangi Namangan tumani Go‘zal mahallasida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan Q.A. uyiga tutash “Bo‘zchi mozor” qabristonidagi XVI-XVII asrlarga oid eski qabrlarni buzib, yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan. Ushbu qabriston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lgan.

Erkakning ushbu harakati oqibatida arxeologiya yodgorligi madaniy meros obektiga 6 mlrd 970 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Q.A. sudda aybiga iqror emasligini bildirgan.

2023 yilda uyimga tutash qabristondagi qabrlarni tekislab, 6 sotix yerga uy qurdim. Lekin Kadastr agentligi Namangan viloyat boshqarmasi uyning hujjati yo‘qligi uchun buzishga qaror chiqardi.

Qabriston yerini tekislab, bog‘ qilmoqchi bo‘ldim. 2024 yil 20 mart kuni qabriston tepaligidagi qabrlarni texnika yordamida tekislab, mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazayotganimda IIB xodimlari kelib, ishni to‘xtatdi. Qabriston madaniy meros obekti ekanini bilmagandim. Bu yerlarni obod qilishni xohlagandim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Sud Q.A.ni Jinoyat kodeksi 132-moddasi (moddiy madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topgan. Unga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, Q.A.dan madaniy meros obektiga yetkazilgan zarar – 6 mlrd 970 mln so‘m undirish belgilangan.

Oldinroq Samarqandda madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan uyini buzgan fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgandi.

Mavzuga oid