Jahon | 09:20 / 17.10.2024
2281
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Ukraina bo‘yicha Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyor

Germaniya kansleri Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga tayyor ekanini aytib, «Ukraina boshidan sakrab o‘tib hech qachon qaror qabul qilinmasligi kerak» dedi. Shols Yevropa Ittifoqi sammiti arafasida Bundestag deputatlari bilan suhbatlashdi.

Foto: Shutterstock

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi. Germaniya hukumati rahbari 16 oktyabr, chorshanba kuni Bundestag deputatlari oldida nutq so‘zladi. Deputatlar oldidagi nutq 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqining navbatdagi sammiti arafasida tashkillashtirildi.

Ukraina prezidenti Zelenskiy Rossiya ishtirokida navbatdagi tinchlik konferensiyasi o‘tkazish zarurligi haqida gapirdi, deya eslatdi kansler. «Shuning uchun, Rossiya prezidenti bilan gaplashamizmi, degan savolga biz shunday javob beramiz: ha, u bilan ham», — deya Shols so‘zlarini keltiradi dpa agentligi. Avvalroq Sholsning o‘zi – Shveytsariyaning Burgenstok shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng – Ukrainadagi urush bo‘yicha navbatdagi xalqaro tinchlik konferensiyasini bu safar Rossiya ishtirokida o‘tkazish zarurligini aytib o‘tgan edi.

Berbok: Putin Ukraina masalasini Shols bilan muhokama qilishdan bosh tortdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Ukraina bo‘yicha vositachilikni muhokama qilishga tayyor emas, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. O‘z navbatida, «Ukraina adolatli tinchlik o‘rnatishga tayyor», dedi u 11 oktyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Berlinga tashrifi oldidan.

Slovakiya tashqi ishlar vaziri Yuray Blanar bilan suhbatda u Putinning tinchlik muzokaralari tashabbusini rad etishdagi pozitsiyasini tanqid qildi. «U tinchlikni qabul qilishdan bosh tortyapti va har kuni urush va vayronagarchilik foydasiga yana bir signal yuboryapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Peskov: Berlin hozircha Moskva bilan muloqot bo‘yicha aloqaga chiqmadi

Germaniya tomoni hozircha kansler Olaf Shols va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat o‘tkazishni so‘ramagan. Bu haqda 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Berlindan suhbat bo‘yicha so‘rovlar bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan aytib o‘tdi.

Mavzuga oid