Jahon | 13:20 / 21.10.2024
3939
2 daqiqa o‘qiladi

Vuchich 2,5 yil ichida birinchi marta Putin bilan telefonda gaplashdi

Aleksandr Vuchich Vladimir Putin bilan suhbatni «yaxshi, ochiq, uzoq va mazmunli muloqot» deb baholadi va Rossiya Federatsiyasi Serbiyani qishda «yetarli darajada gaz» bilan ta’minlashini aytdi.

Aleksandr Vuchich Foto: Srdjan Stevanovic / Getty Images

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan deyarli ikki yarim yil ichida ilk bor telefon orqali gaplashdi. Vuchich suhbat haqida 20 oktyabr, yakshanba kuni Instagramʼda e’lon qildi.

«Biz yaxshi, ochiq, uzoq va mazmunli suhbat qurdik», deydi Vuchich videoda.

Muloqotga 1944 yil 28 sentabrdan 20 oktyabrgacha Belgrad Qizil Armiya tomonidan fashistlardan ozod qilinganining 80 yilligi sabab bo‘ldi.

Vuchich «Gazprom» rahbari Aleksey Miller orqali Serbiyani qishda «yetarli gaz» bilan ta’minlashni rejalashtirayotgani uchun Putinga minnatdorchilik bildirdi. «Juda foydali narxlarda», deb qo‘shimcha qildi Serbiya prezidenti.

Rossiya gazini Serbiyaga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma muddati 2025 yilning martida tugaydi.

Serbiya va Rossiya prezidentlari Ukrainadagi urushni muhokama qildi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «ikki tomon ham o‘zaro munosabatlar darajasidan mamnunligini bildirdi» va «turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi».

«Aleksandar Vuchich Vladimir Putinga Rossiya Serbiyaning hududiy yaxlitligini ta’minlash masalalarida tutayotgan prinsipial pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirdi», — deyiladi Kreml bayonotida.

Unda Ukrainadagi urush ham muhokama qilingani qayd etilgan. «Rahbarlar shaxsiy aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar», deyiladi press-relizda.

Mavzuga oid