Jahon | 20:55 / 23.10.2024
7619
5 daqiqa o‘qiladi

Anqara yaqinidagi harbiy zavodga hujum qilganlar yo‘q qilindi

Anqara yaqinidagi Turkish Aerospace (TUSAŞ) aerokosmik kompaniyasi shtab-kvartirasiga hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, 14 kishi yaralangan. Avvalroq korxona hududida kuchli portlash ro‘y berib, otishma boshlangani xabar qilingandi.

Foto: Getty Images

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya hujum qilganlardan ikki nafari – bir erkak va bir ayol o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlardan uch nafari og‘ir ahvolda.

«Turkiya aerokosmik sanoatiga qarshi terrorchilik hujumi uyushtirildi. Afsuski, bizda qurbonlar va yaralanganlar bor», — deya yozgandi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Vazir avvaliga uch qurbon haqida xabar bergandi, ammo ayni vaqtda Qozondagi BRIKS sammitida ishtirok etayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qurbonlar soni 4 nafarligini ma’lum qildi.

Bu vaqtda Vladimir Putin bilan uchrashuvda bo‘lgan Erdo‘g‘an «jirkanch terakt»ni qoralab, hamdardlik uchun Rossiya prezidentiga minnatdorchilik bildirgan.

«Hamdardlik uchun rahmat. Bizda uch qurbon bor», — degan u.

Turkiya nashrlariga ko‘ra, qo‘riqchilar almashayotgan vaqtda portlash ro‘y bergan; hujumdan keyin korxona xodimlarini panagohlarga jo‘natishga to‘g‘ri kelgan.

Voqea joyiga o‘t o‘chirish va tibbiyot brigadalari, shuningdek, politsiyachilar va maxsus topshiriqli kuchlar yetib kelgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda tutun va kuchli yong‘in aks etgan.

Hodisa joyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri kadrlarni namoyish etishni boshlagan mahalliy nashrlar rasmiylar talabiga ko‘ra translatsiyani to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Anqara shahri meri Mansur Yavosh hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan: «Men jafokashlarimizga xudoning marhamati va yaradorlarga tezda sog‘ayib ketishlarini tilayman. Biz terrorizmni qoralaymiz. Ta’ziyamni qabul qiling».

Mahalliy nashrlar Turkish Aerospace hududiga ikki kishi — bir erkak va bir ayol hujum qilgani haqida xabar tarqatgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bino ichkarisi va tashqarisidagi kuzatuv kameralari orqali olingan kadrlar namoyish etilgan, ularda hujum qilganlarning yuzi ko‘rinib qolgan.

Mahalliy nashrlarda zavod xodimlari garovga olingani haqida ham xabar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot o‘z isbotini topmadi.

Shuningdek, OAVda maxsus amaliyot yakunlanganidan keyin topilgan qurollar fotosurati tarqaldi: unda avtomatlar, o‘qdonlar, granatalar va boshqa jihozlarni ko‘rish mumkin.

Frenk Gardner, BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri:

Turkiya terakt sifatida tasniflagan bunday hujumlar Turkiyada birinchi bor ro‘y berayotgani yo‘q. Azaldan bunday hujumlar uchun javobgarlik asosan kurd ayirmachilari zimmasiga yuklanadi, bunday hujumlardan keyin ularning Suriya shimolidagi lagerlari Turkiya harbiy-havo kuchlari tomonidan o‘qqa tutiladi.

Ammo Turkiyada IShID guruhi hozirga qadar faol harakatlanmoqda.

Bundan tashqari, Turkiyaning aerokosmik sanoatida ishlab chiqarilgan dronlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Qorabog‘da kechgan urushning borishini o‘zgartirganida ayblanadi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk davrida, hali ukrainlar o‘z uchuvchisiz uchar qurilmalarini keng miqyosda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymaganida, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya tanklarini nishonga olish uchun Turkiya tomonidan ishlab chiqarilgan Bayraktar dronlaridan keng foydalangan.

Shu tufayli, bu hujumni tekshirayotganlar javob berishi kerak bo‘lgan asosiy savol shundaki, bundan kimga foyda edi?

Zavod haqida

Turkish Aerospace kompaniyasiga 1973 yilda asos solingan bo‘lib, Turkiyaning aerokosmik sohasida muhim o‘yinchi sanaladi, bu yerda samolyotlar, vertolyotlar, dronlar hamda tijoriy foydalanish va harbiy ehtiyojlar uchun kosmik sun’iy yo‘ldosh vositalari ishlab chiqiladi.

2023 yilda Turkish Aerospace Industries Inc. dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari ro‘yxatiga kirgan. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarni tashkil etadi. Kompaniyada 15 mingdan ziyod xodim, shu jumladan 7 mingga yaqin muhandislar, 6,5 mingdan ortiq texniklar va boshqa ishchilar mehnat qiladi.

Kompaniya shtab-kvartirasi Anqaradan 40 kilometr shimoldagi Qahramonkazanda joylashgan.

Hodisa ro‘y bergan vaqtda Turkiya mudofaa sanoati boshqarmasi boshlig‘i Xaluk Gyorgyun, TUSAŞ bosh direktori Mehmet Demiro‘g‘li va boshqa rasmiy shaxslar Istanbuldagi harbiy ko‘rgazmada ishtirok etayotgandi.

Hujum haqida xabar kelgach, delegatsiya Anqaraga yo‘l oldi, deb xabar bergan Anadolu.

Mavzuga oid