Jamiyat | 18:09 / 24.10.2024
7101
4 daqiqa o‘qiladi

SSV bolalarni nafas a’zolari kasalliklaridan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Isitmasi yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish xato. Shamollab tana harorati ko‘tarilganda ko‘p suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Bolaning to‘g‘ri va ratsional ovqatlanishi, surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish va chiniqtirish kuz-qish mavsumiy kasalliklari oldini oladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kuzda aholi, ayniqsa, yosh bolalar o‘rtasida shamollash va gripp ko‘payadi. Kasallikdan bolalarni qanday himoya qilish bo‘yicha tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyev tavsiyalar berdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, yomg‘irli kunlar va salqin ob-havo sharoitida organizmning virus va infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyati pasayadi, ya’ni havoda namlik miqdorining ortishi sababli organizm kasallanishga moyilroq bo‘ladi.

Buning oldini olish uchun farzandlarni oilada gigiyenik qonun-qoidalarga o‘rgatish, qo‘lni sovunlab yuvish yoki tez-tez antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya kilishni uqtirish zarur.

Shifokor mavsumiy kasallikdan himoyalanish uchun ota-onalar va bolalarga quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • yuzlarni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik, xonalarni doimiy shamollatish, farzandlarga yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishni o‘rgatish;
  • bolalarga kasal bo‘lgan tengqurlari oldiga yaqin kelmaslikni aytish, himoya niqoblaridan foydalanishni tushuntirish kerak; agar farzandlar kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa, bog‘cha yoki maktabga yubormaslik kerak;
  • isitmasi yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish ko‘p kuzatiladigan yanglish xatti-harakat. Chunki kichik yoshli bemorning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yallig‘langan va shishgan bo‘ladi;
  • yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, loringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor;
  • bolaning fibril tutqanog‘i bo‘lmasa, kasallik tufayli tana harorati 38-38,5 darajadan past bo‘lganda isitmani tushirishga hojat yo‘q; shundan orsagina “paratsetamol” yoki “ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin;
  • tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko‘tarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyatsiya markaziga salbiy ta’sir etadi;
  • allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas, chunki tutun kichkintoy organlari spazmini ko‘paytirib, yo‘talni yanada kuchaytirishi mumkin;
  • shamollash chog‘ida va tana harorati ko‘tarilganda ko‘p suyuqlik ichish kasallikni tezroq yengishga yordam beradi. Qolaversa, bolani to‘g‘ri va ratsional ovqatlanishi, surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish hamda chiniqtirish bunday mavsumiy kasalliklarning oldini olishga ko‘maklashadi;
  • bolaga qo‘shimcha D vitaminining suvli eritmasi (“akvadetrim”), askorbin kislotasi, ruh (sink) va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari tavsiya etilsa, nafas yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish kuchini oshirishga yordam beradi.

Shuningdek, Furqat Shamsiyev shamollash mavsumida vaksinatsiya ishlarini olib borish ham kasallikdan himoyalanishda yaxshi samara berishini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid