O‘zbekiston | 13:00
895
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Getty Images

Autstaffing – ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari, shuningdek jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarish uchun boshqa yuridik shaxslarga vaqtincha yuborish orqali ko‘rsatiladigan xizmat turidir.

Autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizom quyidagilarni belgilaydi:

autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar bo‘yicha bajarilishi mumkin bo‘lmagan ish turlari;
shartnoma tuzish tartibi va shartlari;
ushbu shartnoma bo‘yicha autstaffer tomonidan yuboriladigan xodimlar bilan mehnat munosabatlari normalari.

Autstaffing xizmatlari ish beruvchi va boshqa yuridik shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, xodimlar ular ish beruvchi tomonidan yuborilgan yuridik shaxsning manfaatlari yo‘lida, uning boshqaruvi va nazorati ostida mehnat funksiyalarini amalga oshiradilar. Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Autstaffing xizmatlarini O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar ko‘rsatish huquqiga ega. Ish beruvchining o‘z xodimlarini mamlakatdan tashqarida mehnat vazifalarini bajarish uchun yuborishi bilan bog‘liq autstaffing xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar bo‘yicha bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ish turlariga quyidagilar kiradi:

normativ hujjatlarga muvofiq yuqori xavfli obektlar (uskunalar)ga, jumladan portlash va yong‘in xavfi bor, agressiv yoki radioaktiv xavfli uskunalarda ishlarni bajarish;
qabul qiluvchi tashkilot to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini amalga oshirish ishlari bajarilganda, xodimlarni ommaviy ishdan bo‘shatish xavfi mavjud, ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun ish vaqtidan tashqari ishlash holatlari va boshqalar mavjud bo‘lgan hollar.

Mavzuga oid