Jahon | 10:30 / 01.11.2024
1735
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston muxolifati yangi norozilik namoyishi haqida ma’lum qildi

Gurjiston muxolifati vakillari parlament saylovlaridan so‘ng yangi miting o‘tkazishini e’lon qildi. Saylovda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Gurjiston orzusi» g‘alaba qozondi.

Foto: AP

Gurjiston muxolifati vakillari parlament saylovlari natijalariga qarshi navbatdagi mitingni e’lon qildi. Gurjistonning bir qancha siyosiy partiyalari vakillari 31 oktyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida tegishli bayonot bilan chiqdi.

Siyosatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular 26 oktyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida «katta miqyosdagi firibgarliklarning jiddiy dalillarini» to‘plashga muvaffaq bo‘lishgan. Ular yana bir bor yangi saylovlar o‘tkazish va «keng tarqalgan saylov jinoyatlari ustidan xalqaro tergov o‘tkazish»ga chaqirishdi.

Muxolifatchilar 4 noyabr, dushanba kuni Tbilisi markazida o‘tkaziladigan mitingda batafsil harakatlar rejasini e’lon qilishga va’da berishdi. «Biz dushanba kuni soat 19.00 da Rustavelida uchrashamiz va harakatlar rejasi haqida sizga xabar beramiz», dedi «Kuchli Gurjiston» koalitsiyasidan Ana Dolidze.

OAV muxolifatdagi Gurjiston koalitsiyasi vakili Elen Choshtariyaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: «Mamlakatimizda davlat to‘ntarishi bo‘ldi va bizning umumiy vazifamiz ko‘chaga chiqish va mamlakat kelajagi ustidan nazoratni tiklashdir». 

Gurjiston muxolifati parlament saylovlaridan keyin uyushtirgan avvalgi miting 28 oktyabr kuni Tbilisidagi mamlakat parlamenti oldida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili minglab namoyishchilar oldida nutq so‘zladi. Davlat rahbari yig‘ilganlarga «ovoz berish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini» himoya qilish uchun kurashishga va’da berdi. «Hozir pessimizm vaqti emas, endi xotirjamlik bilan, boshingizni ko‘tarib, ovozlaringizni himoya qilish muhim», dedi u o‘shanda.

Gurjiston prezidenti Zurabishvili prokuraturaga borishdan bosh tortdi

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili prokuraturaga so‘roq uchun borishdan bosh tortdi, u parlament saylovlari natijalarini soxtalashtirish haqidagi so‘zlari yuzasidan tushuntirish berish uchun chaqirilgandi. «Men prokuraturaga bormayman», dedi Zurabishvili 30 oktyabr kuni ingliz tilida o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Zurabishvili o‘zining soxtalashtirish dalillarini taqdim etish uchun prokuraturaga chaqirilishini ahamiyatsiz deb atadi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, tergovni prokurorlarning o‘zlari olib borishi kerak. «Har qanday standart tergovda dalil to‘plash tergov idorasining zimmasidadir, men hech qachon tergov idorasi prezidentdan saylovlar bilan bog‘liq dalillarni taqdim etishni so‘raganini ko‘rmaganman», dedi Zurabishvili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har kim o‘z ishini qilishi kerak, prokurorlar esa tergovga e’tibor qaratishi va «prezident bilan siyosiy hisob-kitoblarni to‘xtatishi» kerak. Zurabishvili jamoatchilikka murojaat qilar ekan, Gurjistonda «o‘g‘irlangan ovozlardan hafsalasi pir bo‘lgan vaziyatda keskinlik va qo‘rquvni qo‘zg‘atishga» urinishlar borligini aytdi. «Sizga ham, menga ham psixologik bosim o‘tkazilmoqda, lekin qo‘rqmasligingiz kerak, hamma narsa xotirjam o‘tadi va haqiqiy natijalar paydo bo‘ladi», dedi prezident.

Mavzuga oid