Jahon | 08:21
586
4 daqiqa o‘qiladi

YeI gurjistonlik diplomatlar uchun vizasiz rejimni to‘xtatdi

Gurjistonning diplomatik, xizmat va rasmiy pasport egalari uchun vizasiz rejim to‘xtatilishiga mamlakatning demokratiya va inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarni buzgani sabab bo‘lgan, deb ma’lum qildi Bryussel.

Foto: GIORGI ARJEVANIDZE/AFP

Yevropa Ittifoqi Gurjistonning diplomatik, shuningdek xizmat va rasmiy pasport egalari uchun vizasiz rejimni to‘xtatdi. Endi ular Shengen hududiga rasmiy maqsadlarda kirish uchun vizaga ega bo‘lishi kerak. Bu haqda 6 mart, juma kuni e’lon qilingan Yevropa komissiyasi matbuot bayonotida aytilgan.

Yevropa komissiyasiga ko‘ra, bu chora Gurjiston tomonidan “demokratiya va asosiy inson huquqlari sohalarida vizasiz rejim doirasida olingan majburiyatlarni qasddan va tizimli ravishda buzilishi” munosabati bilan qabul qilingan. Hujjatda shunday deyiladi: “Gurjiston hukumatining 2024 yil oktyabridan beri amalga oshirayotgan harakatlari, jumladan norozilik namoyishlarini, muxolifatchi siyosatchilarni va mustaqil ommaviy axborot vositalarini bostirishi mamlakatdagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatdi hamda bir qator asosiy huquqlar va xalqaro huquqiy normalarning buzilishiga olib keldi. Gurjiston, shuningdek, Yevropa Ittifoqining viza siyosatiga mos kelmadi, holbuki bu vizasiz rejimni saqlab qolishning zarur sharti hisoblanadi”.

“Agar hukumat o‘z xalqiga qarshi chiqsa, jurnalistlarning ovozini o‘chirsa va erkinlikni cheklasa, buning oqibatlari bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi Gurjiston demokratik tamoyillardan chekingani uchun unga ajratilgan moliyalashtirishni allaqachon to‘xtatgan. Bugun Yevropa hukumatga aloqador shaxslarning, jumladan diplomatlarning Yevropa Ittifoqiga kirishini cheklamoqda. Gurjiston xalqi bizning to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizdan foydalanadi, ammo bizning ittifoqimizda zo‘ravonlik va repressiyalarni ifodalovchilarga o‘rin yo‘q”, — deya izoh berdi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas.

Vizasiz rejimning vaqtinchalik to‘xtatilishi 12 oy, ya’ni 2027 yil 6 martgacha davom etadi. Agar Gurjiston hukumati boshqaruv va qonun ustuvorligi sohasidagi muammolarni bartaraf etmasa, Yevropa komissiyasi bu chorani yana 24 oyga uzaytirishi, shuningdek, cheklovni Gurjistonning barcha fuqarolariga ham tatbiq etishi mumkin, deyiladi Yevropa komissiyasi bayonotida.

Gurjiston 2022 yil mart oyida Ukraina va Moldova ortidan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan va 2023 yil dekabrida nomzod maqomini olgan edi. 2024 yil dekabrida esa rasmiy Tbilisi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini 2028 yilgacha to‘xtatib turishini e’lon qildi. Noyabr oyida e’lon qilingan Yevropa komissiyasining kengayish bo‘yicha hisobotida aytilishicha, Gurjiston keyingi vaqtlarda Yevropa komissiyasi tavsiyalarini bajarishdan “sezilarli darajada chekingan”.

Hujjatda shunday deyiladi: “Hokimiyatning tizimli va muntazam repressiv harakatlari, jumladan fuqarolik makonini, asosiy huquqlarni va mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyatini cheklovchi qonunchilik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kuchning haddan tashqari va jazosiz qo‘llanishi, shuningdek Yevropa Ittifoqiga qarshi dushman ritorika — bularning barchasi Yevropa Ittifoqi qadriyatlari va a’zolikka nomzod mamlakatdan kutiladigan harakatlarga keskin ziddir.”

“Hozirgi bosqichda, agar sharoit tubdan o‘zgarmasa, Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga olib boruvchi haqiqiy yo‘li yo‘q. Ayni paytda u faqat nomigagina nomzod mamlakat hisoblanadi”, — dedi Kaya Kallas.

Biroq Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvili dekabr oyida DW'ga bergan intervyusida, mamlakat 2030 yilga borib Yevropa Ittifoqiga kirishga tayyor bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid