AQSh qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi
Amerikalik harbiylar bu kabi sinovlar shu paytgacha 300 martadan ortiq o‘tkazilganini ma’lum qildi. Harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, ballistik raketa sinovi bir necha yil oldin rejalashtirilgan.
AQSh harbiylari «Minitmen-3» qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Amerika kosmik kuchlarining Kaliforniyada joylashgan «Vandenberg» bazasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Harbiy-havo kuchlari va Harbiy-dengiz kuchlari uchuvchilari 6 noyabr kuni ballistik raketani uchirgan. Start AQShda saylov uchastkalari yopilganida ko‘p o‘tmay amalga oshirilgan.
Idora matbuot xizmatining bayonotida qayd etilishicha, mazkur sinov «mamlakatning kuchli potensiyalini ifodalaydi». Baza vakillarining ta’kidlashicha, bu orqali AQSh «XXI asr tahdidlari»ni samarali tutib qolishga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ygan.
«Bunday sinovlar 300 martadan ortiq o‘tkazilgan va mazkur sinov hozirda dunyoda bo‘layotgan voqealar sabab amalga oshirilmadi», — deyiladi xabarda. AQSh Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, ballistik raketa sinovi bir necha yil oldin rejalashtirilgan.
AQSh 1970 yilda qurollanishga olingan «Minitmen-3» raketalarini uch pog‘onali «Sentinel» qit’alararo ballistik raketalari bilan almashtirish niyatida. «Sentinel» raketalari qurollanishga 2030 yildan boshlab qabul qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, KXDR 31 oktyabr kuni qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirgandi. Raketa 87 daqiqa parvoz qilib, Xokkaydo orolidan 200 kilometr uzoqlikka borib tushgan. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, raketa 7 ming metr balandlikka qadar ko‘tarilgan, parvoz uzoqligi esa 1000 kilometrni tashkil etgan. Koreya Markaziy telegraf agentligi bayonotida aytilishicha, sinov parvozi «strategik raketalar kuchi rekordini yangilagan».
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
23:01 / 21.11.2024