Jahon | 23:26 / 06.11.2024
2837
2 daqiqa o‘qiladi

Boshqirdistonda ko‘mir ortilgan 22 ta vagon relsdan chiqib ketdi

Hodisa vagonlardan birida sodir bo‘lgan portlash oqibatida yuz bergan. Rossiya Tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha qo‘poruvchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Foto: Telegram / Baza

Boshqirdistondagi temiryo‘lda sodir bo‘lgan portlash oqibatida ko‘mir ortilgan 22 ta vagon relsdan chiqib ketdi, deb xabar beradi Baza. Temiryo‘l, aloqa tayanchlari va tarmog‘iga zarar yetkazgan hodisa 3 noyabrga o‘tar kechasi «Dyoma» va «Chernikovka» stansiyalari oralig‘ida sodir bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha qo‘poruvchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi qurilma vagonlardan birining lyuki ostidagi o‘rta ustuniga o‘rnatilgan. Ekspertiza portlashda parchalovchi qurilmadan foydalanilganini aniqladi. Politsiya bir nafar gumonlanuvchi — Stavropol o‘lkasida yashovchi 31 yoshli Ivan I.ni qo‘lga olgan.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Voqea joyiga portlash oqibatlarini bartaraf etishga ko‘maklashadigan poyezd yuborilgan.

Sentyabr oxirlarida Samara oblastidagi Kinel shahridan o‘tgan temiryo‘l ko‘prigida ham shu kabi voqea sodir bo‘lgandi. Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda portlash o‘tish joyidagi «xavfsizlik orollari»ga zarar yetkazgan va poyezdlar harakatini vaqtincha to‘xtatishiga sabab bo‘lgan.

Iyul oyida bo‘lsa Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyatida yo‘lovchi poyezdi vagonlari relsdan chiqib ketishi oqibatida 100 dan ortiq kishi jabrlangan edi.

Mavzuga oid