Jahon | 23:05 / 06.11.2024
2706
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyalik politsiyachi Interpol rahbarligiga saylandi

Valdesi Urkisa tashkilotning Yevropa yoki AQSh fuqarosi bo‘lmagan birinchi rahbariga aylandi. U Interpoldagi xilma-xillikni rag‘batlantirishga va’da berdi.

Foto: INTERPOL

Braziliya politsiyasining xodimi Valdesi Urkisa Interpolning navbatdagi rahbari bo‘ladi. Bu haqda xalqaro politsiya tashkilotiga tayanib, Associated Press xabar berdi.

Qayd etilishicha, Urkisa Interpol Bosh assambleyasining Glazgoda o‘tkazilgan yig‘ilishida ovoz berish jarayoni orqali bosh kotiblikka saylangan va 7 noyabrdan u lavozim majburiyatlarini bajarishga kirishadi.

Shu kungacha Urkisa Interpolning Shimoliy va Janubiy Amerika bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan edi. U tashkilotning Yevropa yoki AQSh fuqarosi bo‘lmagan birinchi rahbariga aylanadi.

2014 yildan beri Interpol rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelgan germaniyalik Yurgen Shtok qoidalarga ko‘ra uchinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ya olmadi.

Urkisa tashkilotdagi xilma-xillikni rag‘batlantirishga va’da berdi. «Biz turli nuqtai nazarlarni hurmat qilib, qo‘llab-quvvatlar ekanmiz global xavfsizlikka aniq hamda kompleks yondasha boshlaymiz», — deydi u.

Tarkibiga 196 ta davlat kiradigan Interpol o‘tgan yili o‘zining 100 yilligini nishonlagan edi. U milliy politsiya kuchlariga bir-birlari bilan aloqa o‘rnatishlari hamda terrorizm, moliyaviy jinoyatlar, kiberjinoyatlar, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda yordam beradi. 2023 yilda tashkilotning umumiy budjeti 176 million yevroni tashkil etgan.

Mavzuga oid