2026 yilgi jahon chempionatida barcha jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazib bo‘lishdi va uchinchi turni boshlash arafasida. Shundan keyin pley-offning barcha ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ladi.

Chempionat reglamentiga ko‘ra, yangi format bo‘yicha guruhlardan 32 ta jamoa keyingi bosqichga o‘tadi: 12 ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rin egalari avtomatik ravishda pley-off ishtirokchisiga aylanadi, shuningdek, uchinchi o‘rinni olgan 12 ta jamoadan eng yaxshi natijaga ega 8 jamoa ular safiga qo‘shiladi.

Bir guruhda ikki yoki undan ortiq jamoalarning ochkolari soni teng kelib qolgan taqdirda, ko‘rsatkichlar quyidagi tartibda hisobga olinadi:

– o‘zaro o‘yinlardagi ochkolar soni;

– o‘zaro o‘yinlardagi gollar nisbati;

– o‘zaro o‘yinlarda urilgan gollar soni;

– umumiy to‘plar nisbati;

– jami urilgan gollar soni;

– feyr-pley reytingidagi intizomiy ballar soni kamligi: sariq kartochka – 1 ball, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan qizil kartochka – 3 ball, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka – 4 ball, sariq va to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka – 5 ball;

– FIFA reytingidagi o‘rin.

Uchinchi o‘rin egalari orasidagi eng yaxshi jamoalarni aniqlash uchun:

– jami ochkolar soni;

– jami gollar nisbati;

– jami urilgan gollar soni;

– feyr-pley reytingidagi intizomiy ballar soni kamligi;

– FIFA reytingidagi o‘rin.

Ikki turdan keyin Meksika (A), AQSh (D), Germaniya (E), Argentina (J) milliy jamoalari ikkitadan o‘yinda g‘alaba qozonib, guruh g‘olibligini naqd qilishgan. Shuningdek, Fransiya va Norvegiya (ikkisi ham I guruhida) hamda Kolumbiya (K) ham ikkitadan g‘alabaga erishib, pley-off masalasini muddatidan oldin hal qilishgan, lekin bu guruhlarda kim birinchi o‘rinni egallashi hozircha aniq emas.

A guruhi

A guruhida ikki turdan keyin bitta intriga allaqachon yopilgan: Meksika birinchi o‘rinni kafolatlagan va 1/16 finalga chiqqan. Janubiy Koreya ikkinchi o‘rinda kelmoqda, Chexiya va JAR so‘nggi turda turnirda qolish uchun kurashadi.