«Bu falokat emas» - Dunyo bo‘ylab Trampning g‘alabasiga qanday reaksiya qilinmoqda?
Amerikaning yetakchi nashrlari (ham konservativ, ham liberal nashrlar) prognozlariga ko‘ra, Donald Tramp g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 270 dan ortiq delegat ovozini to‘plab, AQShning yangi prezidentiga aylangan. Ovozlarni hisoblash davom etayotgani tufayli rasmiy natijalar hali e’lon qilinmadi, jahon davlatlari rahbarlari esa uni g‘alaba bilan tabriklamoqda. Quyida Trampning Oq uyga qaytishi munosabati bilan bildirilgan dastlabki reaksiyalar keltiriladi.
Ursula fon der Lyayyen
Yevrokomissiya rahbari
Men Donald Trampni chin qalbdan tabriklayman. Yevroittifoq va AQSh — shunchaki ittifoqchilar emas. Bizni 800 million fuqarolarimizni birlashtiradigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi haqiqiy sheriklik bog‘lab turadi.
Shunday ekan, keling, ularga foyda keltirishda davom etadigan mustahkam transatlantika kun tartibi ustida birgalikda ishlaylik.
Mark Ryutte
NATO bosh kotibi
Uning yetakchiligi alyansimiz qudratini saqlab qolish yana muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Men NATO kuchi orqali tinchlikni ilgari surish uchun u bilan yana birga ishlash imkoniyatini intiqlik bilan kutaman.
Viktor Orban
Vengriya bosh vaziri
AQSh siyosiy tarixidagi eng katta qaytish! Prezident Donald Trampni ulkan g‘alabasi bilan tabriklayman. Dunyo uchun juda muhim g‘alaba!
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an
Turkiya prezidenti
Men qattiq kurashdan so‘ng AQShdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan do‘stim Donald Trampni tabriklayman.
Umid qilamizki, Amerika xalqi saylovlari bilan boshlanadigan bu yangi davrda Turkiya va AQSh munosabatlari kuchayadi, mintaqaviy va global inqirozlar hamda urushlar, ayniqsa Falastin masalasi va Rossiya-Ukraina urushi yakunlanadi. Ishonamanki, yanada adolatli dunyo barpo etish uchun qo‘shimcha sa’y-harakatlar amalga oshiriladi.
Men umid qilamanki, saylovlar AQShning do‘stona va ittifoqchi xalqiga hamda butun insoniyatga foyda keltiradi.
Ivan Kurilla
tarixchi, amerikashunos
Xo‘sh, bu safar ovozlar uzoq vaqt qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Respublikachi do‘stlarimni tabriklayman.
Demokrat do‘stlarimga hamdardlik bildiraman.
Umid qilamanki, endi demokratlar va respublikachilar yonma-yon yashab, qarama-qarshi partiya tarafdorlarida dushmanni ko‘rmaslikni qanday uddalashni o‘ylab ko‘rishadi.
Yo‘q, bu falokat emas. Endi demokratlar diqqatni jamlab, siyosiy raqiblariga emas, balki o‘zlariga tanqidiy nuqtayi nazar bilan qarab, 4 yildan keyingi saylovda g‘olib bo‘lishlari mumkin. Respublikachilar esa aholining yarmini qo‘rquvga soladigan fundamentalizm yo‘lidan ketmasdan, dempartiya siyosatida o‘zlariga yoqmagan jihatlarni qanday tuzatish haqida o‘ylashlari mumkin.
Tashqi siyosatda ham falokat yuz beradi deb o‘ylamayman. Bu yerda ham barcha yo‘llar ochiq va barcha qo‘rqadigan (saylovoldi kampaniyasi vaqtida eng ko‘p muhokama qilingan) yo‘l tanlanishi shart emas. Tanlov yaxshi bo‘lishiga kafolat yo‘q, ammo yomon bo‘lishi ham muqarrar emas.
Aleksandr Baunov
Berlindagi Karnegi Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish markazi katta ilmiy xodimi
Trampning g‘alabasi o‘ziga yarasha mantiqiy. Agar kovid bo‘lmaganida, iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra u qatorasiga ikkinchi bor saylangan bo‘lardi. Dunyodagi ko‘plab bizneslar kabi uning siyosiy biznesi ham pandemiyadan omon chiqolmadi. Ammo Trampning bugungi g‘alabasi uning 2020 yilgi o‘g‘irlangan saylovlar haqidagi shikoyatlarining haqiqiy bahosini ko‘rsatadi.
Boshqa tomondan, demokratlar o‘ziga o‘zi qildi. Bayden bir muddat uchun prezident bo‘lishga va’da berganini eslash uchun sun’iy intellekt xizmatiga murojaat qilishga hojat yo‘q: u Tramp g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jamiyatni birlashtirish, yangi avloddan voris tayyorlash va ketishni va’da qilib prezidentlikka saylangandi. Keyin esa hech qanday voris tayyorlamadi va ketish haqidagi fikrini o‘zgartirdi. Keyin — oldin hech qachon kuzatilmagan tarzda — o‘z partiyasi bosimi ostida saylovga uch oy qolganida poygadan chiqib, prezidentlikka nomzod sifatida praymeriz jarayonidan o‘tolmagan, Tramp va Baydendan yoshroq bo‘lsa ham, siyosiy avlod o‘zgarishini aks ettirmaydigan (u Obamaning qariyb tengdoshi) vitse-prezidentni o‘rniga nomzod sifatida qoldirdi.
Buni hatto eng sodiq saylovchilardan ham yashirish qiyin edi, shu tufayli Tramp o‘tgan safargidan farqli o‘laroq popular vote bo‘yicha ham ustun keldi.
Oleg Deripaska
milliarder
Trampni tabriklashni boshlashdi…
Xayrli tong, yangi dunyo…
Neft mayga borib 50 dollar bo‘ladi, aftidan, hammayoqda tinchlik bo‘ladi…
Mixail Xodorkovskiy
tadbirkor
Tramp Kamalani tor-mor etdi! Buni hech kim bashorat qilmagandi. Endi unda o‘zgarish qilish uchun mandat bor. Nima bo‘lishini bilmayman, ammo zerikarli bo‘lmasligi aniq!
Dmitriy Medvedev
RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari
Men bir necha kun oldin Telegram’da Kapitoliy tepaligidagi Rossiyaga qarshi ikkipartiyaviy konsensus haqida aytgandim. Bu baho adolatli, «fillar» senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgani hisobga olingan holda ham.
Ammo Trampda biz uchun foydali bo‘lgan bir fazilat bor: suyak suyagigacha biznesmen bo‘lgani uchun pulni turli xo‘rakxo‘rlarga — tentak ittifoqchilarga, ahmoqona xayriya loyihalariga va ochko‘z xalqaro tashkilotlarga sarflashni yoqtirmaydi.
Banderachilarning toksik Ukrainasi ham shu toifada. Gap Tramp urushga qanchagacha pul berishga majbur bo‘lishida. U qaysar, lekin tizim kuchliroq.
Nima bo‘lganda ham bugun Kiyevdagi yashil yaramas qulog‘igacha oq kukunga botadi…
Olaf Shols
Germaniya kansleri
Germaniya va AQSh avvaldan Atlantikaning ikki tomonida farovonlik va erkinlikni ta’minlash uchun birgalikda muvaffaqiyatli hamkorlik qilib keladi. Biz fuqarolarimiz manfaati uchun bu [hamkorlik]ni davom ettiramiz.
Emmanuel Makron
Fransiya prezidenti
To‘rt yil oldin qilganimiz kabi birgalikda ishlashga tayyormiz. Sizning va mening e’tiqodlarim bo‘yicha. Hurmat va ambitsiyalar bilan. Ko‘proq tinchlik va farovonlik uchun.
Binyamin Netanyahu
Isroil bosh vaziri
Qadrdonim Donald va Melaniya Tramp, sizni tarixdagi buyuk qaytish bilan tabriklayman! Sizning Oq uyga tarixiy qaytishingiz Amerika uchun yangi ibtidoni anglatadi va Isroil hamda Amerika o‘rtasidagi buyuk ittifoqqa sodiqligingizning kuchli tasdig‘i hisoblanadi.
Bu ulkan g‘alaba!
Haqiqiy do‘stlik bilan, sizning Binyamin va Sara Netanyahu.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti
Trampning yaqqol yetakchiligi, Amerikadagi saylovlarda mutlaqo ishonchli natija. Bunday g‘alaba bilan tabriklayman.
Prezident Trampni shaxsan olqishlash va Ukrainaning AQSh bilan strategik hamkorligini mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilish imkoniyatini intiqlik bilan kutaman.
Andrey Yermak
Ukraina prezidenti ofisi rahbari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va bizning jamoa sentabrda prezident Donald Tramp bilan yaxshi uchrashuv o‘tkazgandik. O‘shanda Ukraina g‘alaba rejasi, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlik hamda urushni to‘xtatish yo‘llarini batafsil muhokama qilishga muvaffaq bo‘lgandik.
Shuningdek, Donald Trampning birinchi muddatida ham prezidentlarlar yaxshi ishchi munosabatlarga ega bo‘lgandi. Muhimi, Ukrainani AQShdagi ikki partiya ham qo‘llab-quvvatlaydi. «Kuch orqali tinchlik» — bu aynan hozir kerak bo‘lgan yondashuv. Rossiya va avtokratlar faqat kuch tilini tushunadi. Agressorlar aniq adolat doirasiga qaytarilishi lozim.
Bizga adolatli tinchlik kerak, dunyoga esa — kuchli AQSh va demokratiya g‘alabasi. Amerika xalqini olqishlayman va qo‘llov uchun minnatdorchilik bildiraman.
Aleksandr Rodnyanskiy
prodyuser
Bu demokratlar to‘la tor-mor etilishi. Mutlaqo. Total. Va, to‘g‘risini aytsam, bunga munosib edilar. Tramp allaqachon o‘z tarafdorlariga murojaat qildi. «Buyuk g‘alaba» haqida gapirdi va «Amerikaning oltin asri»ni va’da qildi. Urushlarsiz dunyoni. «Oltin asr» haqida bilmayman, ammo bizga yangi reallik taqdim etildi. U esa chindan ham doimo yangi imkoniyatlar keltiradi.
Trampning g‘alabasi — Isroil va uning ittifoqchilari uchun yaxshi yangilik. Yaqin Sharqdagi mo‘’tadil sunniy rejimlar uchun ham. Eron va uning proksi-armiyalari uchun juda yomon xabar. Biz mintaqada vaziyat qanchalik tez o‘zgarishiga guvoh bo‘lamiz. Tramp anchadan buyon Avraam kelishuvi uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishni istaydi. Agar u Isroil va mintaqa mamlakatlari, birinchi navbatda Saudiya Arabistoni bilan tinchlik bitimlarini tuzish jarayonini yakuniga yetkazsa, u buni oladi.
Biz Ukrainadan juda xavotirdamiz. Biz tez orada uning «rejasi» nimani anglatishini bilib olamiz. «24 soat ichida tinchlik» nimani anglatadi? Yoki «Moskva bo‘ylab raketalar» so‘zlari nimani anglatadi? Harbiy harakatlar to‘xtatilishi va mojaroni muzlatishga urinishga guvoh bo‘lishimiz tayin. Bu qanday bo‘ladi?
Baribir, Tramp uchun asosiysi — Amerika. U uni o‘zgartirishi va isloh etishi lozim. Eng asosiy muammolarni hal qilish va uni yana hokimiyatga qaytargan «ijtimoiy g‘azab»ni tinchlantirish. Bu qanchalik o‘xshaydi?
Qanday bo‘lmasin, Amerika xalqining tanlovi shu bo‘ldi. Yangi reallikka duch kelibsiz!
Konstantin Sonin
iqtisodchi
Shunisi aniq bo‘ldiki, Donald Tramp — Amerika siyosatidagi aniq figura. 130 yil ichida ilk bor va butun tarixda ikkinchi bor bir saylovni yutqazgan sobiq prezident unda yana g‘alaba qozona oldi.
Vitse-prezident Harris kuchli saylov kampaniyasini o‘tkazdi, hech qanday fundamental xatolarga yo‘l qo‘ymadi. Va shunga qaramay, bu yetarli bo‘lmadi — amaldagi prezidentning obro‘si yaxshi bo‘lmagan, fuqarolarning ko‘pchiligi mamlakat noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda deb hisoblayotgan, raqib esa kuchli bo‘lgan sharoitda xato qilmaslikning o‘zi yetarli emas. Ko‘proq narsa kerak edi.
Tramp prezident sifatida shovqin ko‘tarishdan boshqa yana nima qiladi? <…> Agar respublikachilar ikki palatada ham ko‘pchilikni tashkil eta olsa, unda soliqlar pasaytiriladi — ular doimo shunday qilishgan. Ular xarajatlarni qisqartira olmaydi, shunday ekan, taqchillik o‘sadi va davlat qarzi o‘sishi tezlashadi.
Tramp NATOdan chiqmaydi, unda buning uchun mandat yo‘q va yetarlicha siyosiy kuchi ham, ammo o‘tgan safargidek asabiylashishiga to‘g‘ri keladi. <…> Ukrainaga yordam kechiktiriladi, qisqartiriladi, baland ovozdagi talablar yangraydi va hokazolar, ammo, o‘ylaymanki, yordam berish davom etadi. Kamroq hajmda, muntazam emas, lekin bo‘ladi.
Tramp noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga ham va’da bergan, ammo bunday bo‘lmaydi. Bu xuddi 2016 yilda va’da qilingan «qurilishiga Meksika to‘laydigan devor» kabi. Devor qurilmadi, Meksika bir sent ham to‘lamadi va shunga qaramay, Tramp saylovchilari ko‘z o‘ngida «va’dasida turdi». Deportatsiyalar bo‘yicha ham shunday bo‘ladi.
Iqtisodiyotga tartibga soluvchi yuki kamayadi. Bu — Trampni qo‘llayotgan jiddiy iqtisodchilarning asosiy tashvishi. Bu 2016–2020 yillarda ham kamaygandi, bu safar ham kamayadi.
Yana nima? Tramp — rekord darajada keksa prezident va juda sog‘lom emasligi kundek ravshan. U chalkashib ketishi, nima haqda gapirayotganini unutib qo‘yishi holatlari ko‘payadi. Ammo uning kognitiv qobiliyatlari uchun «planka» avval ham yuqori bo‘lmagan, shunday ekan, bu eng o‘tkir muammo emas. Bundan tashqari, u yana bir muddatga saylana olmaydi — bu shuni anglatadiki, «vorislik» uchun raqobat darhol boshlanadi.
Ha, prognozchilar va Trampning o‘zidan tashqari, 2024 yilgi saylov g‘oliblaridan yana biri psixoterapevtlardir. To‘rt yil davomida ko‘plab amerikalik erkaklar va ayollar ularning xizmatiga ehtiyoj sezadi.
Stiven King
yozuvchi
Chiroyli, ammo mo‘rt buyumlar sotiladigan do‘konlarda shunday yorliqni ko‘rish mumkin: «Ko‘rinishi chiroyli, ushlab ko‘rish yoqimli, ammo siz uni sindirishingiz bilan — u sotilgan bo‘ladi». Demokratiya haqida ham shuni aytish mumkin.
Filip Pulman
yozuvchi
Alvido, Amerika. Tanishganimdan xursandman.
Dmitriy Peskov
Rossiya prezidenti matbuot kotibi
Menga [Rossiya] prezidentining [Donald] Trampni tabriklash rejasi ma’lum emas. Keling, gap bizga qarshi urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan do‘stona bo‘lmagan davlat haqida ekanini unutmaylik.
Uning [Trampning] xalqaro maydondagi tinchlikka intilish haqidagi bayonotlari bo‘lgandi. Va uning eski urushlarni davom ettirish va yangilarini qo‘zg‘ashga qaratilgan spiralli va total siyosatni to‘xtatishga intilishlari haqidagi bayonotlar ham. Ha, bu bayonotlar yetarlicha muhim. Ammo endi g‘alabadan keyin, oval kabinetga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganda yoki oval kabinetga kirganda bayonotlar boshqacha tus oladi. Shuning uchun biz hamma narsani sinchkovlik bilan tahlil qilishimiz, hammasini kuzatib borishimiz va aniq so‘zlar hamda qadamlarga asoslangan holda xulosa chiqarishimizni aytamiz.
Biz AQSh [Ukrainadagi] bu mojaroga barham berishga qodir ekanini bir necha bor aytganmiz. Albatta, buni bir kechada amalga oshirib bo‘lmaydi, ammo aynan AQSh ushbu mojaroni qo‘zg‘atib, doimiy ravishda kerosin sepib, unda bevosita ishtirok etayotgan davlat bo‘lgani uchun, ha, AQSh o‘z tashqi siyosatidagi trayektoriyani o‘zgartirishga qodir. Ammo bu qilinadimi va qanday qilinadi — buni biz yanvardan keyin ko‘ramiz.
Mavzuga oid
10:37
Sud Trampning Stormi Denielsga to‘lovlari bo‘yicha ish yuzasidan qarorni kechiktirdi
09:56
Tramp Soros fondi sobiq menejerini moliya vaziri etib tanladi
17:48 / 22.11.2024
Tramp Pem Bondini bosh prokuror lavozimiga yangi nomzod sifatida ko‘rsatdi
21:00 / 21.11.2024