Federatsiyalar kengashi RF va KXDR hamkorligi shartnomasini ratifikatsiya qildi
Shartnoma tashqi qurolli tajovuz sodir bo‘lganda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Hujjat g‘arb davlatlarida xavotir uyg‘otmoqda.
Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiyalar kengashi 6 noyabr, chorshanba kuni Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat 19 iyun kuni Pxenyanda imzolangan.
Shartnomada boshqa narsalar qatorida qurolli tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda bir-biriga harbiy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. «Agar tomonlardan biri biron-bir davlat yoki bir necha davlat tomonidan qurolli hujumga uchrasa va urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon BMT Nizomining 51-moddasi hamda o‘z qonunchiligiga muvofiq zudlik bilan harbiy va boshqa yordam ko‘rsatadi», deyiladi hujjatda.
Bitim «adolatli ko‘p qutbli yangi dunyo tartibi»ni o‘rnatish va ikki davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida birgalikdagi faoliyat mexanizmlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikka oid qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Rossiya va Shimoliy Koreyaning boshqa sohalardagi hamkorligi
Rossiya va Shimoliy Koreya, shuningdek, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo, sarmoya, fan-texnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish kabi sohalarda hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Rossiya va KXDR mintaqalararo va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtiradi, xalqaro terrorizm hamda boshqa chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladi.
Rossiya va KXDR o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim G‘arb va NATO davlatlarida chuqur xavotir va salbiy munosabatga sabab bo‘ldi. Rossiyaning Seuldagi elchisi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Mavzuga oid
07:50
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
20:56 / 21.11.2024
Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga sher va ikkita ayiq sovg‘a qildi
07:50 / 21.11.2024
RFning qator oblastlari yadroviy doktrina yangilanishi fonida hujumga uchradi
19:15 / 20.11.2024