Jamiyat | 18:12 / 09.11.2024
87593
12 daqiqa o‘qiladi

Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti

2021 yilning 13 mart kuni Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida sodir etilgan mudhish jinoyatni qishloq odamlari hanuz unuta olmaydi: o‘sha kuni mahallada 14 va 8 yoshli aka-uka o‘ta vahshiylik bilan o‘ldirilgan. Bolalarini uyda yolg‘iz qoldirganicha birrovga ko‘chaga chiqqan ayol o‘zi sezmagan holda jinoyatchining hiylasiga aldanadi. Onaning biror soat uyda bo‘lmasligi jinoyatchi uchun kifoya qilgandi. Qotilning kimligi ma’lum bo‘lganida esa odamlar hayratdan yoqa ushlab qolishadi.     

Foto: Kun.uz

Shunday jinoyatlar bo‘ladiki, uning sodir etilganiga yillar o‘tsa-da, eslanganida odamlarni qo‘rquv va hayratga soladi. 2021 yil bahorida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyati ham qishloq aholisiga hali unut bo‘lgani yo‘q: odamlar gap orasida hamon o‘sha voqeani eslab, afsus sifatida bosh chayqab qo‘yishadi.

Sirli yashirin raqam

Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Marg‘uba Tuyg‘unova uy yumushlaridan ortib, turmush o‘rtog‘ining topganiga qo‘shimcha bo‘lishi uchun ish surishtirib yurgandi.

2021 yil 13 mart kuni turmush o‘rtog‘i Sherbek Tuyg‘unov Qobil ismli qo‘shnisi bilan ishga chiqib ketadi. Ular Samarqand shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birida ishlab kelishardi.

Ayol soat 7:30 larda o‘g‘li Sardorni maktabga jo‘natadi va uy yumushlariga kirishadi. Soat 10:00 larda esa ikkinchi farzandi Alisherni kompyuter to‘garagiga kuzatib qo‘yadi. Shu vaqtda uning telefoniga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. O‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol voyaga yetmagan ikki farzandi borligini, ularga enaga kerakligini aytadi. “Agrobank oldida uchrashib, gaplashib olsak bo‘ladi”, deydi ayol. Marg‘uba Tuyg‘unova esa unga farzandlari maktabdan kelgach borishini aytadi. 

Shu orada qo‘shnisi Ozoda Tog‘ayeva qo‘ng‘iroq qilib qoladi va kartoshka ekmoqchi ekanini aytib, ketmon so‘raydi. U oradan 4-5 daqiqa o‘tganidan so‘ng kelib, ketmonni olib ketgan.

Qo‘shnisini kuzatganidan ko‘p o‘tmay Marg‘uba Tuyg‘unovaning telefoni yana jiringlaydi. Yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini ko‘rib, javob beradi.

“Men tuman markaziy shifoxonasida ishlayman. Shifoxona oldiga kelsangiz boyagi ish masalasini gaplashib olamiz”, deydi biroz avval o‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol.

Marg‘uba Tuyg‘unova o‘g‘li Sardorning maktabdan kelish vaqtini hisobga olib, kichik farzandi Azizni uyda qoldirganicha yo‘lga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay maktabdan qaytayotgan Sardorni ko‘rib, xonadon kalitini unga beradi hamda ukasi Aziz uyda ekanini aytgancha o‘zi shifoxona tomonga ketadi.

G‘oyib bo‘lgan aka-uka

Manzilga yetib borgan Marg‘uba Tuyg‘unova bir muddat shifoxona oldida qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutib turgan. Negaki, o‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayol yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qilgan, unga qaytib chiqishning esa imkoni yo‘q edi.

Qo‘ng‘iroq bo‘lavermagach, shifoxonaga kirib Nargiza ismli shifokorni so‘raydi. Ammo tibbiyot xodimlari bunday ismli shifokorni tanimasliklarini aytishadi. 

Marg‘uba yana 30-40 daqiqa o‘sha yerda qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutib o‘tiradi. So‘ngra farzandlaridan xavotirlanib, o‘g‘li Azizning qo‘lidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Telefonni kimdir ko‘taradi, biroq javob bermasdan o‘chirib qo‘yadi. Qayta-qayta qilingan qo‘ng‘iroqlar esa javobsiz qoldiriladi.

Ona shundan so‘ng telefon orqali Guljahon ismli qo‘shnisi bilan gaplashadi va bolalaridan xabar olishni iltimos qiladi. Qo‘shnisi esa biroz o‘tib, uy eshigi yopiq ekanini aytadi.

Xavotirlangan ayol shoshib uyiga yo‘l oladi. Yo‘lda unga ertalab ketmon so‘rab kelgan boshqa bir qo‘shnisi Ozoda Tog‘ayeva qo‘ng‘iroq qiladi. “Bolalaringiz bizning uyga keldi. Mendan 5 ming so‘m so‘rashdi. Berdim. Keyin maktab tomonga ketishdi”, deydi u.

Uyiga yetib borgan Marg‘uba Tuyg‘unova Ozoda Tog‘ayeva bilan birgalikda o‘g‘illarini izlay boshlaydi: maktab, ko‘chalarni izlashadi, ammo aka-ukadan darak yo‘q edi. Ular izsiz g‘oyib bo‘lishgandi go‘yo.

 Bu orada ayol farzandlari yo‘qolib qolganini turmush o‘rtog‘iga aytadi. Sherbek Tuyg‘unov ishdan yetib keladi, qarindoshlar ham to‘plana boshlaydi. Hamma 14 yoshli Sardor va 8 yoshli Azizbekni izlardi. Biroq natija bo‘lmagach, yarim tunda IIBga xabar beriladi.

14 mart kuni aka-ukani qidirish davom ettiriladi. Prokuratura va IIB xodimlari kelib, uyni ko‘zdan kechirishadi.

Jinoiy reja

Marg‘uba Tuyg‘unovaning ish izlab yurganini qo‘shnisi Ozoda Tog‘ayeva bilardi. Shu sababli, uning uyida ko‘p miqdorda pul bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, ularni o‘g‘irlash rejasini tuzadi.

Rejaga ko‘ra, 13 mart kuni soat 12:00 larda u Marg‘uba Tuyg‘unovaga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq qiladi va ish masalasida gaplashib olish uchun undan tuman markaziy shifoxonasi binosi yoniga kelishni so‘raydi. 

Marg‘uba Tuyg‘unova uyidan chiqib ketganiga amin bo‘lgach, Ozoda Tog‘ayeva g‘ayriqonuniy ravishda uning uyiga o‘g‘rilikka tushadi.

Qotillik

Ozoda pul va qimmatli buyumlarni qidirayotgan vaqtida voyaga yetmagan Sardor va Aziz kelib qoladi. Bundan shoshib qolgan ayol javobgarlikka tortilib, mahallada sharmanda bo‘lmaslik uchun jinoyatini yashirish maqsadida aka-ukani o‘ldirishni reja qiladi.

Ayol Sardor va Azizni turli yolg‘onlar bilan aldab, o‘z uyiga olib kelgan. So‘ngra pichoq bilan qurollanib, dastlab hovlida o‘ynab o‘tirgan Azizni oshxonaga chaqiradi. U qo‘lidagi pichoq bilan voyaga yetmagan Aziz Turanovning ko‘krak va qorin sohalariga o‘ta shafqatsizlarcha bir necha marotaba zarba beradi. Yetkazilgan jarohatlar oqibatida bola yerga yiqiladi.

Shundan so‘ng Ozoda qo‘lidagi pichoqni orqasiga yashirgan holda hovlidagi mashina ichida o‘ynab o‘tirgan Sardorning oldiga boradi. Bolani mashinadan tushirib, unga ham bir necha bor pichoq uradi va yerga yiqitadi.

 So‘ngra ayol sodir qilgan o‘ta og‘ir jinoyatini yashirish maqsadida yashash uyining hovlisidan chuqur qazadi hamda aka-ukani keltirib unga tashlaydi. Bolalar hatto shu paytda ham tirik bo‘lishgan. Ammo o‘ta vahshiylashib ketgan ayol ularning o‘lmaganini anglab, belkurak bilan Sardor va Azizning bosh qismiga zarbalar bergan hamda qasddan o‘ldirgan. Keyin esa murdalar ustiga g‘o‘zapoya va yog‘och taxtalarini qo‘yib, benzin sepgan holda yoqib yuborgan.

Shu orada u Marg‘uba Tuyg‘unovaga qo‘ng‘iroq qilib, bolalari undan 5 ming so‘m olganini va maktab tomonga ketganini aytib qo‘ygan.

Sudda Ozoda Tog‘ayeva o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan. 

“Eri ham uning sherigi bo‘lgan”

Sudda marhumlarning otasi Sherbek Tuyg‘unov jinoyatda Ozoda Tog‘ayevaga uning turmush o‘rtog‘i Qobil Zubaydullayev va qarindoshi Davron Bo‘riboyev sherik ekanini aytib, ularga ham qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Sherbek Tuyg‘unov va Qobil Zubaydullayev jinoyat sodir etilgan kuni ishda birga bo‘lishgan.

Turkiyadan qaytib kelganimdan so‘ng Samarqand shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda payvandchi bo‘lib ishlay boshladim. Ishga tanishimning mashinasida Qobil va Bobumurod bilan birga borib kelardik.

2021 yilning 9 fevral kuni Rossiyada ishlovchi akam qo‘ng‘iroq qilib, 900 AQSh dollari jo‘natganini aytdi. Qobil bilan birga borib, jo‘natilgan ushbu pulni Chelak shahridagi bankdan oldik.

24 fevral kuni Qobil bir ayol kishidan foizga qarz olganini, lekin ushbu pulni hozirgi kunga qadar qaytarib bera olmayotganligini aytib, 500 AQSh dollari miqdorida qarz so‘radi. U pulni 3-4 oyda qaytarib berishini aytdi. Unga pulni turmush o‘rtog‘im M.Tuyg‘unovadan olishini aytdim. Qobil keyinchalik olgan pulini qaytarib berdi.

13 mart kuni Qobil bilan birga ishlash uchun qurilishga bordik. Shu kuni u hech qayerga chiqmadi. Lekin turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali muloqot qilib turdi.

Ozoda Tog‘ayeva ushbu jinoyatni bir o‘zi sodir qilmagan, uning sheriklari bo‘lgan. Chunki u ayol bo‘la turib bir soatning ichida bir o‘zi ikkita bolani o‘ldirib, chuqur qazib, yoqib va ko‘mib ulgura olmasdi.

Qobil Zubaydullayev ham ularga sherik. Uning vazifasi men bilan bo‘lib, ma’lumotni yetkazib turish bo‘lgan. Bundan tashqari, mening uyimda pul borligini Qobil bilardi”, degan ota. 

Biroq sud Sherbek Tuyg‘unovning bu vajlarini to‘liq inkor qilgan. Bunga asos sifatida Ozoda Tog‘ayevaning yashash uyi atrofidagi videokameralar ko‘zdan kechirilganda, 2021 yil 13 mart kuni shubhali shaxslar yurmagani yoki shubhali mashinalar harakatlanmagani, shuningdek, guvohlarning ko‘rsatmalari keltirilgan. 

Jazo

1995 yilda tug‘ilgan Ozod Tog‘ayeva sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 2-qismi “g” bandi (uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib o‘g‘rilik qilish), 97-moddasi 2-qismi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) “a, v, j, o” bandlari va 134-moddasida (qabrni tahqirlash) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 13 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. 

Har ikki tomon sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Sudlanuvchi Ozoda Tog‘ayeva apellyatsiya shikoyatida unga nisbatan tayinlangan 13 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini yengilroq jazoga almashtirishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi Sherbek Tuyg‘unov esa apellyatsiya shikoyatida sudlanuvchi Ozoda Tog‘ayevaga nisbatan sud yengil jazo tayinlaganligini bildirib, unga og‘ir jazo tayinlashni, shuningdek, jinoyatda ishtirokchi deb hisoblagan Qobil Zubaydullayev va Davron Bo‘riboyevni ham javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Biroq Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan, dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Sud materiallari asosida tayyorlandi

Mavzuga oid