Sport | 13:34 / 11.11.2024
25486
24 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari

London klublari poygadan chiqmoqda. Yakshanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Juan Manuel Serrano Arce/Getty Images

Ispaniya: Levandovskining uzun oyog‘i xalal berdi

«Real Sosiyedad» — «Barselona» 1:0
Gol:
Beker (33).
«Real Sosiyedad» – Remiro, Munyos (Xavi Lopes, 84), Agerd, Subeldiya, Aramburu (Elustondo, 61), Subimendi, Bekker (Barrenechea, 61), Mendes, Suchich (Serxio Gomes, 61), Kubo, Oyarsabal (Ouskarsson, 62).
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Kubarsi, Kunde (Gavi, 84), de Yong (Olmo, 46), Kasado, Rafinya, Pedri (Viktor, 90+1), Lopes (Fati, 69), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Aramburu (20), Martines (53), Mendes (82), Subeldiya (87)

Bir necha kun oldinroq «Barselona» Yamalga dam berishi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo, o‘yin arafasida Hansi Flik Laminda jarohat borligini, shu tufayli u oxirgi pallalarda o‘yin qaydnomasidan chiqarilgani, uning qaytish muddati noma’lum ekanini ma’lum qildi. Keyin esa kataloniyaliklarda maydonning o‘zida ham muammolar boshlandi.

13-daqiqadayoq Levandovski darvozani ishg‘ol etdi, ammo bu gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Holbuki bu vaziyatda mezbon futbolchilar e’tiroz ham bildirmayotgandi. Bu epizod o‘yindan keyin ham muhokamalar markazida turibdi. 

Gap shundaki, de Yong pas bergan mahalda kim darvozaga yaqinroq turganini aniq aytib bo‘lmaydi. Agerd va Robertning oyoqlari bir-biri yopishgan holatda. Polshalik hujumchi sariq, Agerd esa qizil butsada, tasvirlardan himoyachining oyog‘i oldinroqda turgandek ko‘rinadi.

VAR hakami bosh hakam Gilermo Kuadra Fernandesni monitorga chaqirmasdan ham golni ofsayd tufayli bekor qilish kerakligini aytgan. Bir necha daqiqa o‘tib vaziyat chiziq tortib ko‘rsatildi, ammo bu faqat chalkashtiradi. Unda bir oyoq uchi chiziqdan tashqariga chiqib turgani ko‘rinadi, ammo u kimning oyog‘i ekanini bilib bo‘lmaydi.

 

Bu Levandovskining oyog‘i bo‘lishi uchun uning hajmi juda katta bo‘lishi kerak.

Ko‘p o‘tmay mezbonlar hisobni ochdi. «Barsa» futbolchilari bu safar ofsayd qopqoni qo‘yishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Himoyachilar maydon markazi tomon siljishdi, Sheraldo Beker to‘g‘ri holatda qoldi va mavsumdagi gollar hisobini ochdi. U yana bir qarshi hujumda Oyyarsabal uchun o‘ta qulay vaziyat yaratib berdi, ammo basklar yetakchisi jarima maydoni markazida turib xato zarba yo‘lladi.

«Barsa» esa yanvardan buyon ilk bor birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra darvoza sohasiga to‘g‘ri zarba bera olmadi.

Tanaffusga chiqish vaqtida bahsli vaziyatga oydinlik kiritish uchun Hansi Flik bosh hakam oldiga bordi – Movistar ularning muloqotini shifrovka qilgan. Unga ko‘ra, «Barsa» murabbiyi faqat siyqasi chiqqan gapni eshitgan: agar VAR bu ofsayd deyayotgan bo‘lsa, biz borib nima qilamiz?

Ikkinchi bo‘limda Oyyarsabal yana bir qulay vaziyatdan foydalana olmadi, bu safar Penya to‘sin ostiga borayotgan to‘pni qaytardi. «Real Sosedad» hujumlarda aniqroq harakat qildi va munosib g‘alabaga erishib, ko‘k-anorranglilarning San-Sebastyandagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi (+6=2). Shuningdek, kataloniyaliklarning bu mavsumdagi 7 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasi yakunlandi.

«Barsa» mart oyidan keyin birinchi bor gol urolmadi, jamoa bu mavsumda ilk bor raqibdan ko‘proq ofsaydga tushdi. Kataloniya klubi bu o‘yinda 4 bor ofsaydda qoldi, raqibda esa bu ko‘rsatkich 3 tani tashkil etdi. Kataloniyaliklar mavsumdagi ikkinchi mag‘lubiyatdan keyin ham «Real»dan olti ochkoga oldinda, ammo madridliklarda «Valensiya»ga qarshi qoldirilgan bir o‘yin bor.

«Malyorka» — «Atletiko» 0:1
Gol:
Alvares (61). 
«Malyorka» – Greyf, Moxika, Raillo, Valent, Maffeo (Dani Rodriges, 75), Darder (Shikinyu, 69), Samu Koshta, Morlanes (Luna, 83), Navarro (Sanches, 75), Muriki, Larin (Prats, 69).
«Atletiko» – Oblak, Reynildu, Langle (Vitsel, 63), Ximenes, Molina, Grizmann (De Paul, 62), Rikelme (Gallaher, 86), Koke, Barrios, Simeone (Korrea, 62), Alvares (Syorlot, 62).
Ogohlantirishlar: Langle (10), Samu Koshta (57), Reynildu (83), Korrea (90+4).

Juliano Simeone o‘yindan o‘yinga o‘z otasi jamoasidagi muhim figuraga aylanib bormoqda. Ikki tur oldin u maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘p uchun oxirigacha kurashib, g‘alaba goliga hammualliflik qilgandi. O‘tgan turda u «matraschilar» safida ilk golini nishonladi, endi esa safarda «Malyorka»ga qarshi kechgan g‘alaba golida asosiy ishni bajardi. Oblak oshirib bergan to‘pga yetish uchun argentinalik hujumchi himoyachilardan biridan o‘zib ketdi, keyin esa to‘p uchun kurashda boshqa himoyachidan ustun keldi va uni bo‘sh darvoza qarshisida ochilgan Alvaresga yetkazib berdi. Holbuki, mehmonlar birinchi bo‘limda hujumda sust harakat qilgan, 45 daqiqa davomida raqib jarima maydoni ichida faqat bir marta to‘pga tegingandi (2024 yildagi eng yomon ko‘rsatkich).

Angliya: London derbisida «Liverpul» g‘olib

«Chelsi» — «Arsenal» 1:1
Gollar:
Netu (70) — Martinelli (60).
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya, Koluill, Fofana, Gyusto (Jyeyms, 82), Laviya (Fernandes, 68), Kaysedo, Palmer, Netu, Madueke (Mudrik, 68), Jyekson (Nkunku, 88).
«Arsenal» – Rayya, Timber, Gabriel, Saliba, Uayt, Rays (Merino, 71), Parti, Edegor, Haverts, Martinelli (Trossar, 71), Saka (Jyezus, 81).
Ogohlantirishlar: Koluill (21), Netu (33), Uayt (39), Madueke (45+1), Haverts (56), Kukurelya (80).

Dam olish kunlaridagi asosiy derbiga «Chelsi» va «Arsenal» o‘xshash vaziyatda yetib keldi. Londonning ikki klubi ham 10 turdan keyin 18 tadan ochko to‘plagan va ularning ikkisida ham asosiy yarimhimoyachilar maydonga tushishi so‘roq ostida edi. Ammo Palmer ham, Edegor ham o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlashga imkon beradigan darajada tiklangani ma’lum bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda chinakamiga xavfli vaziyatlar kamroq bo‘ldi, ammo «Chelsi» ko‘proq zarba berdi va 45 daqiqalikdagi eng xavfli vaziyatga ega bo‘ldi. Netu chap qanotda turib olis ustun oldiga to‘p yetkazib berdi. Gyusto amalda bo‘sh darvoza qarshisida turib zarba berdi, ammo himoyachiligiga borib, to‘pni to‘sindan yuqoridan o‘tkazib yubordi.

«Arsenal»da ham vaziyatlar bo‘ldi. Martinelli qulay pozitsiyada turib to‘pni «Chelsi» darvozabonining o‘ziga qarata tepdi. Keyinroq mehmonlar ayyorlik bilan darvozani ishg‘ol etishdi. Saka navbatdagi marta qo‘pollik bilan to‘xtatib qolinganidan keyin jarima zarbasi belgilandi, «Chelsi» futbolchilari nimanidir muhokama qilib turganida Edegor jarima maydoni chizig‘ida turgan Haversni to‘p bilan ta’minladi, u darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, aniq zarba yo‘lladi. Gol avvaliga hisobga olingandi, ammo VAR kichik ofsaydni qayd etdi.

Ikkinchi bo‘limni «Chelsi» faol boshladi va bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi. 52-daqiqada boshqa bir himoyachi Fofana markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi va u ham darvozabon maydonchasida turib to‘g‘ri zarba yo‘llay olmadi. Biroz o‘tib esa mehmonlar hisobni ochishdi. Edegorning olis ustun oldiga bergan uzatmasidan keyin Martinelli to‘pni yaqin burchakka joyladi.

Hisob ochilgach maydonda yakkakurash ko‘paydi, jarima maydoni ichida ham, maydon markazida ham to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Mareska 68-daqiqada Enso Fernandesni maydonga tushirdi, aynan u ikki daqiqa o‘tib golli pas muallifi bo‘ldi, mezbonlar safida o‘yinning eng faol vakili bo‘lib turgan Netu jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘llab, yangi jamoasidagi ilk golini nishonladi. To‘p himoyachilar ortidan kelgani tufayli «Arsenal» darvozaboni reaksiya qilishga kechikdi.

O‘yin oxirida Trossar jamoasiga g‘alaba olib kelish uchun ikkita ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo ikkala holatda ham u qulay pozitsiyadan turib zarba bera olmadi. Uning qo‘shimcha daqiqalardagi ikkinchi xatosidan keyin Arteta gazonga yiqildi.

Durang o‘yinga mos bo‘ldi – jamoalarning hech biri yaqqol ustunlikka ega emasdi. Bu hisob raqobatchilar (birinchi navbatda peshqadam «Liverpul») uchun foydali natija. London klublari tanaffusga 19 ochko bilan yo‘l olmoqda, «Liverpul» to‘qqiz ochkoga ilgarilab ketgan.

«Manchester Yunayted» — «Lester» 3:0
Gollar:
Fernandesh (17), Kristiansen (38, avtogol), Garnacho (82). 
«Manchester Yunayted» – Onana, Mazraui, Martines, de Ligt, Dalot (Evans, 57), Ugarte, Kazemiro (Eriksen, 79), Fernandesh, Reshford (Garnacho, 57), Diallo, Hoylund (Zirkze, 75).
«Lester» – Hermansen, Kristiansen, Vestergor, Fas, Jastin (Makatir, 83), Ndidi (Al Hanus, 70), Uinks, Sumare, Fatau, Ayyu (Eduar, 88), Buonanotte.
Ogohlantirish: Buonanotte (63).

Dushanba kunidan ish boshlayotgan Ruben Amorim shtabida qolgan Rud van Nistelroy bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatidagi davrni juda yaxshi o‘tkazdi. Uch g‘alaba va «Chelsi» maydonidagi durang — ajoyib natija. «Old Trafford»dagi uch g‘alaba — Erik ten Hagda ham mavsum boshidan buyon shuncha g‘alaba bo‘lgandi. Qolaversa, van Nistelroy bu davrni «Lester»ga qarshi o‘yin bilan boshlab, ushbu jamoaga qarshi o‘yin bilan yakunladi. Avvaliga «tulkilar» Liga kubogida ovlandi (5:2), keyin esa chempionat doirasidagi o‘yinda ham ishonchli hisobda tor-mor etildi.

O‘z-o‘zidan, yakshanba kungi o‘yinda raqibning qarshilik darajasi yuqoriroq edi, ammo birinchi bo‘limda Brunu Fernandeshning individual harakatlari barchasini hal qildi. U avvaliga uzoqdan kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi, bo‘lim oxirida esa qanotdan yo‘llagan uzatmasi bilan Kristensenni o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishga majbur qildi. Portugaliyalik yarimhimoyachi ikkinchi bo‘limda Garnachoning goliga hammualliflik qildi va APLdagi golli harakatlari sonini 100 taga yetkazib qo‘ydi (56+44). U to‘pni jarima maydoni burchagiga yetkazib berdi va urda turgan argentinalik qarama-qarshi to‘qqizlikni aniq nishonga oldi. Amorim yuqori kayfiyatdagi jamoani qabul qilib olmoqda.

«Tottenhem» — «Ipsvich» 1:2
Gollar:
Bentankur (69) — Smodich (31), Delap (43).
«Tottenhem» – Vikario, Udoji, Dregushin, Romero, Porro, Sarr (Verner, 66), Bentankur (Bissuma, 84), Kulusevski, Son, Solanke, Jonson (Meddison, 84).
«Ipsvich» – Murich, Devis, Berjyess, O`Shi, Tuanzebe, Kayuste (Luongo, 90+2), Morsi, Smodich (Klark, 71), Hatchinson, Jonson, Delap (Herst, 70).
Ogohlantirishlar: Tuanzebe (21), Delap (46), Jonson (65), Bentankur (78), Devis (90+3), Hatchinson (90+8).

«Tottenhem»ga doimgidek barqarorlik yetishmayapti. Angelos Postekoglu jamoasi bir necha kun ichida «Manchester Siti»ni Liga kubogidan chiqarib yuborishi va «Aston Villa»ni yirik hisobda tor-mor etishi (4:1) ham, «Kristal Pelas»ga yutqazishi va so‘nggi o‘rinlarda borayotgan «Ipsvich» bilan o‘yinda muammolarga duch kelishi ham mumkin. Londonga tashrif buyurguniga qadar «traktorchila» bu mavsumda birorta g‘alabaga erisha olmagan va faqat duranglar evaziga besh ochko jamg‘argandi. Ammo yakshanba kungi o‘yinda jamoa katta ilhom bilan to‘p surdi. Smodiks chalqancha uslubda yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Ko‘p o‘tmay jamoa to‘purari Delap golli uzatma yoniga o‘z golini qo‘shib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim boshida «shporlar»ning goli bekor qilinmaganida, o‘yin boshqacha ssenariyda davom etishi ham mumkin edi. Keyinroq burchakdan uzatmani Bentankur golga aylantirdi, so‘nggi daqiqalarda esa Murich Solankening zarbasini oyoqlari bilan to‘sib, jamoasi uchun g‘alabani saqlab qoldi.

Italiya: «Roma»da yana iste’fo

«Atalanta» — «Udineze» 2:1
Gollar:
Pashalich (56), Ture (60, avtogol) — Kamara (45+3).
«Atalanta» – Karnezekki, Jimsiti (Ederson, 25), Xin, Kossunu, Lukman, Samarjich (Breshianini, 68), Rujyeri, de Ron, Pashalich, Jappakosta (Bellanova, 46), Retegi (Zaniolo, 68).
«Udineze» – Okoyye, Ture, Biyol, Janetti (Abankva, 77), Kamara (Zemura, 67), Exizibue, Payyero, Karlstrem, Lovrich (Sarraga, 60), Toven (Lukka, 67), Devis (Bravo, 78).
Ogohlantirishlar: Ture (84), Lukman (90+1).

«Atalanta» qatorasiga oltinchi g‘alabaga erishib, «Yuventus»ni kuchli uchlikdan chiqarib yubordi. Lekin bu g‘alabaga erishish oson bo‘lmadi, «Udineze» birinchi bo‘lim oxiridagi so‘nggi hujumda gol urib, bergamoliklarni hisobda ortda quvishga majbur qildi. Kamara kuchli zarba bilan olis burchakni aniq nishonga oldi, tanaffusdan keyin maydonga tushgan Bellanova esa to‘rt daqiqa ichida o‘yinni o‘zgartirdi. Ushbu himoyachi avvaliga to‘pni jarima maydoni markazidagi Pashalichga yetkazib berdi, keyin esa qanotdan bergan uzatmasi bila Tureni avtogol urishga majbur qildi. Jan Piyero Gasperini normani bajardi, chunki jamoa so‘nggi 11 uy uchrashuvida muntazam ravishda kamida ikkitadan gol urib kelmoqda. «Atalanta»da bunday seriya oxirgi bor o‘z tarixidagi eng yorqin mavsumida, 2020 yilda kuzatilgandi.

«Inter» — «Napoli» 1:1
Gollar:
Chalxono‘g‘li (43) — Maktominey (23). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Chalxono‘g‘li (74).
«Inter» – Zommer, Bastoni (de Vrey, 89), Acherbi, Pavar, Dimarko (Darmian, 82), Dumfris, Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Zelinski, 82), Barella, Martines (Arnautovich, 89), Tyuram (Torimiy, 82).
«Napoli» – Meret, Olivera, Buonjorno, Rrahmani, Di Lorenso, Maktominey, Gilmor (Lobotka, 60), Zambo-Angissa, Kvaratsxeliya, Lukaku (Simeone, 77), Politano (Ngonj, 84).
Ogohlantirish: Dumfris (80).

Peshqadamlik uchun kurash shiddatli kechdi. Birinchi bo‘limda Kvaratsxeliya, Pavar, Barella golga juda yaqin kelishdi. Hisobni esa Maktominay ochdi, u Rraxmanining zarbasiga oyoq qo‘yib, to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yubordi. «Inter» bo‘lim oxirida javob qaytara oldi. Meret bo‘lim davomida seyv ijro etish bilan mashg‘ul bo‘ldi, ammo Hoqon Chalxono‘g‘lining murakkab trayektoriya bo‘yicha ketgan zarbasiga yeta olmadi. Turkiyalik yarimhimoyachi «Napoli»ga jarima zarbasidan ikkinchi bor gol urmoqda.

Shu bilan birga, janubliklarga qarshi o‘yinda uning penaltilar bo‘yicha ideal seriyasi barham topdi. U bungacha qatorasiga 17 bor «nuqta»dan benuqson zarba yo‘llagandi, O‘n sakkizinchi urinishda to‘p ustunga tegdi. Barchasini santimetrlar hal qildi — «Napoli» esa birinchi o‘rinni saqlab qoldi, ammo «Atalanta», «Fiorentina», «Latsio» va «Inter» kabi ta’qibchilar bilan farq atigi bir ochko. Oradagi farq kattalashishi ham mumkin edi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda Simeonening qulay vaziyatda yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘sin ustidan o‘tib ketdi.

«Roma» — «Bolonya» 2:3
Gollar:
Al-Sha’roviy (63, 82) — Kastro (25), Orsolini (66), Karlsson (77).
«Roma» – Svilar, Anhelino, Ndika, Manchini, Pizilli (Baldanzi, 61), Soule (Shomurodov, 57), Chelik (Dal, 61), Kone (Paredes, 80), Kristante, Al-Sha’roviy, Dovbik.
«Bolonya» – Skorupski, Miranda, Lukumi, Bekema, De Silvestri (Posh, 46), Pobega, Froyler, Ndoyye (Karlsson, 23), Odgor (Fabbian, 67), Orsolini (Kazale, 84), Kastro (Dallinga, 68).
Ogohlantirishlar: De Silvestri (45), Miranda (68), Manchini (87), Karlsson (87), Al Sha’roviy (90+6).

Oktyabr oyi boshidan buyon A seriyadagi so‘nggi besh o‘yinida uch bor yutqazib, bir marta durang o‘ynagan rimliklar turnir jadvalining ikkinchi qismida qolib ketgan. «Bolonya»ga qarshi Rimda kechgan o‘yinda ham vaziyatni o‘nglashning uddasidan chiqilmadi, mehmonlar birinchi bo‘limni hisobda oldinda borgan holda yakunlashdi, ikkinchi bo‘lim boshida Al-Sha’roviyning goliga Orsolini tezda javob qaytardi, ko‘p o‘tmay Karlsson hisobdagi farq ikkitaga yetkazdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov Al-Sha’roviyga ikkinchi golni urishga yordam berdi, ammo mezbonlarning bundan ortig‘iga kuchi yetmadi.

O‘yindan keyin rahbariyat darhol Ivan Yurichni iste’foga chiqardi. Sentyabr oyining ikkinchi yarmida Daniyele de Rossi o‘rniga tayinlangan ushbu xorvatiyalik mutaxassis qariyb ikki oylik faoliyati davomida 12 o‘yinda barcha turnirlar doirasida faqat 4 g‘alabaga erishdi 5 bor yutqazdi va 3 marta durang o‘ynadi. Endi uning o‘rniga jamoaning yaqinda Saudiya Arabistoni milliy jamoasi boshqaruvini tark etgan Roberto Manchini hamda rimliklarga oldin ham bosh murabbiylik qilgan Klaudio Raniyeri (2009—2011, 2019) hamda Rudi Garsiya (2013—2016) nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.

Germaniya: Shtutgartda drama

«Shtutgart» — «Ayntraxt» 2:3
Gollar:
Vagnoman (86), Voltmeyd (90) — Ekitike (45), Braun (55), Marmush (62).
Aniq ijro etilmagan penalti: Demirovich (22, Shtutgart). 

Germaniyadagi top-klublar o‘z o‘yinlarini bir kun oldin o‘tkazib bo‘lgandi, ammo amalda turning markaziy uchrashuvi yakshanba kuni Frankfurtda o‘tkazildi, bu yerda turnir jadvalida uchinchi pog‘onada ketayotgan jamoa o‘tgan mavsumni shu o‘rinda yakunlagan jamoa mehmoni bo‘ldi. Hozirda shvablar qiyin davrda, jamoa yozda muhim ijrochilaridan ayrilgandi, Chempionlar ligasiga chiqish esa qo‘shimcha yuk bo‘ldi. Shu bilan birga, o‘n birinchi o‘rinni egallab turgan Sebastyan Hyoness jamoasini uchinchi o‘rindan atigi to‘rt ochko ajratib turgandi. Matematik jihatdan — muxlislar ko‘z o‘ngida bu farqni qisqartirish uchun ideal sharoit. Buning uchun imkoniyatlar yetarlicha bo‘ldi. O‘yin debyutida «burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari Marmush qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Shtutgart» penalti ishladi, ammo Demirovich Trappni dog‘da qoldira olmadi. Keyin esa mezbonlarning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, bo‘lim Ekitike burchak zarbasidan keyin mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqishi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim ham mezbonlarga shafqatsiz ssenariyda davom etdi. Knauff raqib jarima maydoni ichida ikki himoyachi orasidan o‘tib, Braunga golli pas berdi, ko‘p o‘tmay Marmush mavsumda uchinchi bor jarima zarbasini golga aylantirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Qolaversa, misrlik ushbu hujumchi hozirda vatandoshi Saloh bilan birgalikda top-5 ligalarda eng yaxshi assistent (10 golli uzatma) bo‘lib turibdi. Qolgan vaqt davomida ushbu oqshom omadsizi Demirovichning zarbasi to‘singa tegdi, Fyurix ham qulay vaziyatda Trappga gol urolmadi. So‘nggi daqiqalarda «Shtutgart» ikki gol urib, hisobni qisqartirdi, qo‘shib berilgan sakkizinchi daqiqada urilgan uchinchi golni esa VAR ofsayd tufayli bekor qildi.

Kun statistikasi:

«Lion» 1986 yildan buyon 1-bor «Sent-Eten»ga qarshi derbini prezident Jan-Mishel Olassiz o‘tkazdi.

«Fiorentina» hujumchisi Moyze Kin faoliyatidagi 1-het-trikka erishdi.

La liganing o‘n uch turida 1 g‘alaba (+1=7-5) — «Xetafe» tarixidagi eng yomon start.

«Lion» hujumchisi Aleksandr Lyakazett Ron derbisi tarixida Liondagi «Jyerlan» va «Grupama» hamda Sent-Etendagi «Joffrua Gishar» stadionlaridagi derbilarda gol urgan 1-futbolchi bo‘ldi.

«Ayaks» oxirgi besh o‘yinidan 3 tasida hisobda ortda borgan o‘yinlarida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi (+2=1). Amsterdamliklar bungacha Niderlandiya chempionatida 433 o‘yinda shuncha irodali natija ko‘rsatgandi.

«Fenerbahche» yarimhimoyachisi Amrabat faoliyatida ilk bor qatorasiga 3 ta o‘yinda golli harakat sodir etdi (2 gol va 1 uzatma).

«Chelsi» vingeri Pedru Netuning oxirgi yetti golidan 5 tasi «katta oltilik» jamoalariga urilgan.

«Fiorentina»ning g‘alabali seriyasi 6 o‘yinga yetdi. Bu mavsumda top-5 ligalarda shunday muvaffaqiyatli oraliq faqat «Barselona» (7) va «Atalanta»da (6) bo‘lgan.

«Sporting» 6 yildan buyon ikki to‘p farqi bilan hisobda ortda borgan o‘yinlarida g‘alaba qozona olmagandi. Amorim boshqaruvidagi so‘nggi o‘yinda «sherlar» «Braga» ustidan kambek sodir etishdi (4:2).

«Valyadolid» bosh murabbiyi Paulo Petssolano mavsum boshidan buyon 7 marta sariq kartochka olishga ulgurdi.

«Latsio» 12 turda 8 g‘alabaga erishdi. «Burgutlar»da bundan muvaffaqiyatliroq start faqat 2017 yilda (9 g‘alaba) kuzatilgandi.

Portugaliya yuqori divizionida 1000 gol urishga erishgan 12-jamoa «Riu-Avi» bo‘ldi.

Portugaliya ligasida mag‘lubiyatsiz 32 o‘yin — «Sporting» uchun klub rekordi bo‘ldi.

«Arsenal» hujumchisi Gabriel Martinelli APL doirasida urgan gollari sonini 35 taga yetkazib, bu borada Sesk Fabregas bilan tenglashib oldi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid